«Tolibon»ni tan olish: majburiyatmi yoki imkoniyat?

Bu davlatlarning har biri Afgʻonistonda oʻz maqsadlariga ega. Biroq barcha uchun umumiy, mushtarak maqsadlar ham bor.

Tahlil
11-fevral, 11:36
«Tolibon»ni tan olish: majburiyatmi yoki imkoniyat?

Istaymizmi-yoʻqmi, yoqadimi-yoʻqmi, lekin ikki yil avval bizga qoʻshni davlatda yangi huquqiy reallik paydo boʻldi: Afgʻoniston davlati tepasiga «Tolibon» hukumati keldi.

AQSh harbiy kontingenti Afgʻonistonni butunlay tark etganidan keyin, 2021 yilda 15 avgustda «Tolibon» hukumati hokimiyatni qurol kuchi bilan egallab oldi. Xalqaro huquq normalariga koʻra, ular avvalgi hukumatning siyosiy vorisi emasligi, Afgʻoniston konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiq saylovlar yoki hokimiyat uchun qonuniy kurash natijasida davlat tepasiga kelmagani uchun afgʻon halqining siyosiy irodasini ifoda eta olmaydi, yaʼni legitim emas.

Hozirgacha toliblar hukumati BMTga aʼzo biror davlat tomonidan tan olinmagan. Xalqaro hamjamiyat Afgʻoniston islom respublikasining avvalgi hukumatini legitim deb hisoblashda davom etmoqda.

Buning ustiga, bir qancha davlatlarda, masalan, Rossiya, Turkiya, Tojikiston, Qozogʻiston (yaqinda roʻyxatdan chiqardi – mual.) va Kanadada «Tolibon» harakati terrorchilik tashkiloti sifatida tan olinib, taqiqlangan.

“Tolibon”ni tan olish qanday yoʻldan ketmoqda?

Umuman olganda, yangi tashkil etilgan davlat yoki hukumatni xalqaro miqyosda tan olishning ikki – konstitutiv va deklarativ nazariyasi mavjud.

Konstitutiv nazariyaga koʻra, davlat uni boshqa davlatlar tan olganidan keyingina xalqaro huquq subʼektiga aylanadi. Biroq bu hozirgi xalqaro huquq qoidalariga zid keladi. Chunki davlat tan olinishidan avval ham suverenitet tamoyilidan kelib chiqqan holda barcha huquq va majburiyatlardan foydalanadi. Mazkur nazariya yangi tashkil topgan davlat taqdirini eski, mavjud davlatlarga qaram qilib qoʻyadi.

Deklarativ nazariyaga koʻra esa biror yangi davlatni tan olish – uning paydo boʻlganini qayd etadi xolos. Lekin bu yangi davlatnnig xalqaro huquq subʼektiga aylanishini anglatmaydi. Masalan, Amerika davlatlari tashkiloti ustavining 12-moddasida «Davlatning siyosiy mavjudligi uning boshqa davlatlar tomonidan tan olinishiga bogʻliq emas. Davlat hatto tan olinishiga qadar ham oʻz hududiy yaxlitligi va mustaqilligini himoya qilish huquqiga ega» deyilgan.

Masalan, Rossiya davlat paydo boʻlishining qonuniyligini hisobga olgan holda ushbu nazariyani tan oladi. «Tolibon»ni tan olish jarayonlari, asosan, deklarativ nazariyaga mos ravishda davom etmoqda. Biroq «Tolibon» bilan muloqot oʻrnatishda turli davlatlar oʻz manfaatlaridan kelib chiqqan holda turlicha siyosat yuritishmoqda.

Xitoy

Xitoy dunyo davlatlari ichida «Tolibon» bilan eng koʻp muloqotga kirishgan, amaliy aloqalarni boshlab yuborgan davlatdir. «Tolibon» Afgʻonistonni egallagan 2021 yildayoq, aniqrogʻi, iyul oyida Xitoyning Tyanszin shahrida «Tolibon» harakati delegatsiyasi va Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Oʻtkazilgan muzokaralarda Afgʻonistondagi tinchlik jarayonlari muhokama qilingan. Xitoy hukumati Afgʻonistonning ichki ishlariga aralashmagani va bundan keyin ham aralashmasligini taʼkidlagan.

Shuningdek, Xitoy hukumati Afgʻonistonda barqarorlikni oʻrnatishga koʻmaklashish, investitsiya kiritish va foydali qazilmalarni oʻzlashtirishda texnik va moliyaviy yordam koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.

Faqat buning evaziga toliblarga “kichik shart” – Sharqiy Turkistondagi uygʻurlar masalasiga aralashmaslik, ular bilan bogʻliq faoliyat va tashkilotlar bilan munosabatga kirishmaslik talabi qoʻyildi. «Tolibon» hukumati buni qabul qildi va uygʻurlar masalasi Xitoyning ichki ishi ekani haqida bayonot berdi.

2023 yil 13 sentabrda esa XXRning Qobuldagi yangi elchisi Chjao Shen toliblar bosh vaziri mulla Muhammad Hasan Oxunga ishonch yorligʻini topshirdi. U bu lavozimda ikki yil xizmat qilgan Van Yuening oʻrniga keldi.

2024 yil boshida esa Pekin dunyoda birinchi boʻlib, toliblarning Xitoydagi elchisini akkreditatsiya qildi. Afgʻonistonning Xitoydagi yangi dipmissiyasiga Bilol Karimiy rahbarlik qiladigan boʻldi: yaqinda XXR raisi Si Szinpin undan ishonch yorligʻini qabul qildi.

Xitoyning bunday qadamlari ortida siyosiy va iqtisodiy manfaatlar yotadi, albatta. Avvalo, Xitoy Afgʻonistonning uygʻur ozodlik harakati kurashchilari uchun baza boʻlmasligi, toliblarning genotsiddan azob chekayotgan uygʻurlarni qoʻllab-quvvatlab, Xitoyga ortiqcha bosh ogʻrigʻi boʻlmasligini istaydi. Ikkinchidan esa Xitoy bu mamlakatga investitsiya kiritish va uning yer osti boyliklarini birgalikda oʻzlashtirish orqali mintaqada Xitoyning siyosiy va iqtisodiy taʼsirini kuchaytirishni xohlaydi.

Afgʻonistonda esa ochilmagan tabiiy boyliklar bisyor: ekspertlarning baholashicha, Afgʻonistondagi geologorazvedka oʻtkazilgan hududlarda aniqlangan foydali qazilmalarning umumiy qiymati 1-3 trln. dollarga baholangan. Biroq geologorazvedka ishlari Afgʻonistonning faqat 30 foiz hududida oʻtkazilgan xolos.

Bundan tashqari, Xitoy “Bir makon – bir yoʻl” loyihasini amalga oshirish, Xitoy-Pokiston iqtisodiy yoʻlagini ochish uchun ham Afgʻoniston bilan yaxshi munosabatlar oʻrnatishdan manfaatdor.

Tojikiston

Tojikistonda hamon «Tolibon»ga qadar boʻlgan hokimiyat tayinlagan diplomatik vakolatxona hamda elchi faoliyat yuritishda davom etyapti. Garchi «Tolibon» hukumati bir qancha davlatlar qatorida Tojikistonga ham elchi joʻnatgani aytilsa-da, Dushanbe uni qabul qilmagan.

«Tolibon» hukumat tepasiga kelgan 2021 yildayoq bu ikki davlat oʻzaro tahdidlar almashgan, hatto «Tolibon» Tojikistonni bir hafta bosib olishi mumkinligi aytib, dagʻdagʻa qilgandi.

Bundan tashqari, rasmiy Dushanbe Toliblarning Afgʻonistondagi etnik tojiklarga munosabatidan ham norozi.

Biroq Tojikiston baribir toliblarni tan olishga majbur boʻlishi mumkin. Buning uchun 5 ta sabab bor:

  1. Xitoyning bosimi.

Yuqorida aytilganidek, Xitoy Afgʻonistonga qiziqish bilan qaramoqda. Toliblar ham Xitoyni oʻzlarining eng asosiy hamkorlari deb atab, uning deyarli barcha loyihalari, jumladan, “Bir makon – bir yoʻl” loyihasiga sodiqliklarini izhor etib, “katta ogʻlariga” yoqishga urinmoqda.

Bunday sharoitda, Xitoy oʻz loyihalarini amalga oshirish uchun undan katta miqdorda qarzdorga aylangan Tojikistonga, qolaversa, Qozogʻiston va Qirgʻizistonga ham «Tolibon»larni “koʻkragidan itarmaslikni” tavsiya qilishi mumkin.

Chunki bu davlatlar toliblar bilan aloqa oʻrnatishmasa, Afgʻonistonga savdo yoʻllari ochilmasa, Xitoy kreditlash hajmini kamaytirishga “majbur” boʻlishi haqida ishora qilishi yetarli.

  1. Elektr quvvati eksporti.

Tojikiston oʻzida GEslar qurishga katta mablagʻ va kuch sarfladi, kreditlar oldi va yana olishga majbur. Dushanbening CASA-1000 loyihasi – Qirgʻiziston, Tojikiston, Afgʻoniston va Pokiston elektr tarmoqlarini ulab, Janubiy Osiyoga barqaror elektr toki eksport qilishga qaratilgan loyiha roʻyobga chiqishi uchun Afgʻonistonda barqarorlik va uning hukumati bilan yaxshi munosabatlar oʻrnatilishi talab etiladi.

  1. Qoʻshnilar ibrati.

Toliblar nafaqat Xitoy, balki yaqin qoʻshnilari, jumladan, Oʻzbekiston bilan ham munosabatlarni yaxshilashga urinmoqda. Oʻzbekiston toliblar bilan konstruktiv dialogni rivojlantirishga tayyorligini izhor qilgan.

Shuningdek, «Tolibon» vakili Muhammad Suhayl Shahin Oʻzbekistondan Afgʻonistonga elektr tarmoqlarini tortish hamda Toshkent-Termiz temir yoʻlini Afgʻonistonning Mozori-Sharif va Qobul shaharlari orqali Pokistoning Peshavor shahrigacha davom ettirishga qiziqish bildirmoqda. Bunday aloqalar yaqin qoʻshnilariga foyda keltirayotganini koʻrgan Tojikiston ham foydadan quruq qolmaslik uchun «Tolibon» bilan aloqalarni mustahkamlashga majbur boʻlishi mumkin.

  1. Inklyuziv hukumat.

Tojikiston ham, Oʻzbekiston ham Afgʻonistonda tarixan yashab kelayotgan etnik tojiklar va oʻzbeklarga munosabatga juda sezgir. Ularning yangi hukumat tarkibiga kirishlari, chetga surib qoʻyilmasligi va huquqlari taʼminlanishidan manfaatdor. Agar «Tolibon» nomiga va koʻrinishga boʻlsa ham 2-3 oʻzbek va tojikni hukumat tarkibiga kiritsa, Tojikiston buni toliblar bilan munosabatlar oʻrnatish uchun siyosiy asos sifatida qabul qilishi mumkin.

  1. Xalqaro konsensus.

Xitoy, AQSh va Rossiya kabi xalqaro maydondagi bir qancha taniqli oʻyinchilar tan olmagan taqdirda ham, Pokiston, Saudiya Arabistoni va Qatar davlatlari Afgʻoniston Islom Amirligini rasman tan olishsa, bu muhim pretsedent boʻladi. Vaqt oʻtishi bilan, boshqa davlatlar ularga ergashishi mumkin, ayniqsa, bu eʼtirof qisman arab neft dollarlari yoki Islomobod mablagʻlari bilan taʼminlansa!

“Uchinchi” dunyoning besh yoki olti davlati «Tolibon» bilan toʻgʻridan-toʻgʻri diplomatik aloqalar oʻrnatishga rozi boʻlishi ham u yoki bu darajada barqaror xalqaro munosabatlar oʻrnatish haqida gapirishga asos boʻladi. G20’ning ikki yoki uch aʼzosining (Saudiya Arabistonidan tashqari) tan olishi esa «Tolibon» hokimiyatining legitimlik kasb etgani haqida gapirishga imkon beradi.

Tashqaridan bunday maʼqullash, ayniqsa uni Markaziy Osiyodagi hamkorlaridan biri qoʻllab-quvvatlashi rasmiy Dushanbeni oʻz pozitsiyasini qayta koʻrib chiqishga undashi mumkin.

Kezi kelganda qayd etish joiz, 2022 yilda Afgʻoniston bilan tovar aylanmasi hajmini 2021 yilga nisbatan 2 baravar oshirdi. Asosiy eksport mahsuloti – elektroenergiya boʻlib, Oʻzbekiston va Turkmaniston ham Afgʻonistonga shu mahsulotni eksport qilmoqda.

Rossiya

Rossiyada «Tolibon» faoliyati Oliy sud qarori bilan taqiqlangan. Shu bois, 2009-2020 yillar davomida «Tolibon» bilan aloqalarda gumonlanib, bir necha odamlarga qarshi jinoyat ishlari ham ochilgan.

Biroq mazkur taqiq Kremlning «Tolibon» hukumati vakillari bilan Rossiya hududida bir necha bor rasmiy muloqotlar uyushtirishiga toʻgʻanoq boʻlmagan.

Masalan, 2018 yilda, hali «Tolibon» Afgʻonistonda shunchaki isyonchi va jangari guruh sifatida faoliyat yuritayotgan paytda, Rossiyada yopiq eshiklar ortida (tasdiqlanmagan maʼlumotlarga koʻra, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ishtirokida) «Tolibon» vakillari bilan muzokaralar oʻtkazilgan.

2019 yil fevral oyida afgʻon delegatsiyasi Moskvadagi forumda qatnashdi. Shu yilning may oyida esa Rossiya va Afgʻoniston oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 100 yilli munosabati Sergey Lavrov toliblarni oshkora qabul qildi.

Rossiya TIVning rasmiy pozitsiyasiga koʻra, ruslar faqat 2 holatda – Rossiya fuqarolarining hayoti va salomatligiga tahdid tugʻilgan vaziyatda hamda Afgʻonistondagi vaziyatni tartibga solish borasidagi muzokaralarni davom ettirish maqsadida toliblar bilan munosabatga kirishadi.

Biroq qiziq jihati shundaki, 2021 yil yozida, AQSh va NATO kuchlari Afgʻonistonnni tark etganidan keyin Rossiya hukumati oʻz fuqarolarini Kobuldan evakuatsiya qilishga unchalik shoshilgani yoʻq. Hatto tolibon jangarilari Rossiya elchixonasini qoʻriqlashgan.

Koʻpchilik ekspertlarning aytishicha, Rossiya mintaqa xavfsizligi va narkotrafik ustidan nazoratni yoʻqotmaslik, qolaversa, AQSh va Gʻarb tark etgan hududlarda oʻz taʼsiri va mavqesini mustahkamlash uchun Afgʻonistonning de-fakto yangi xoʻjayini boʻlgan toliblar bilan muloqotlardan manfaatdor.

Qozogʻiston

Qozogʻistonda ham «Tolibon» harakati taqiqlangan tashkilotlar roʻyxatida edi. Biroq oʻtgan yilning dekabr oyida Qozogʻiston hukumati uni mazkur roʻyxatdan chiqarishga qaror qildi.

Ayni paytda «Tolibon» va Qozogʻiston oʻrtasida ham munosabatlarning rivojlana boshlaganini koʻrish mumkin.

Bu, avvalo, Afgʻoniston gumanitar inqiroz ostonasida turgani – mamlakatdagi 20 million aholiga ochlik xavf solayotgani bilan bogʻliq. Gʻarb va xalqaro tashkilotlar Qozogʻistonning Afgʻonistonga bugʻdoy, un va boshqa zarur mahsulotlarni eksport qilishini istaydi. Qolaversa, BMT Xavfsizlik kengashining uch doimiy aʼzosi – AQSh, Fransiya va Buyuk Britaniya bunday aloqalarni qoʻllab-quvvatlaydi. Chunki Gʻarb ham Afgʻonistonda tinchlik, barqarorlik va farovonlik oʻrnatilishidan manfaatdor. Aks holda qochqin afgʻonlar koʻpayishi va yana Yevropani “qamal” qilishi mumkin.

Qolaversa, Pokiston dengiz portlari va Markaziy Osiyoni logistik bogʻlash, narkotrafik va narkosanoatga qarshi kurash masalalarida ham «Tolibon» bilan yaxshi munosabatlar oʻrnatish samarali istqibolga ega.

Qolaversa, Afgʻonistonning yangi maʼmuriyati oʻz diplomatlarini Qozogʻistondagi akkreditatsiyadan oʻtkazish uchun kerakli hujjatlarni allaqachon joʻnatgan.

Eng asosiy nuqta – «Tolibon» kelganidan soʻng Qozogʻiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb ikki barobar oshib, 987,9 million dollarga yetganidir. Taqqoslash uchun, bu, masalan, qoʻshni Qirgʻiziston bilan oʻtgan yili qariyb 1,1 milliard dollarni tashkil etgan tovar ayirboshlashdan bir oz kamroq, lekin ayni paytda Qozogʻistonning boshqa barqaror hamkorlari bilan solishtirganda koʻproq. Masalan, Qozogʻiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2022 yilda qariyb 500 million dollarni tashkil etgan.

Bundan tashqari, Ostona shahrida boʻlib oʻtgan biznes-forumda taʼkidlanganidek, kelgusida Qozogʻiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 3 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, savdo aylanmasini oshirish uchun Afgʻonistonning Hirot shahrida Qozogʻiston savdo uyini ochishni rejalashtirilmoqda.

Yana bir qiziq jihati shundaki, Qozogʻiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi oʻzaro savdodagi bu oʻsish «Tolibon» harakati hamon AQSh moliya vazirligi sanksiyalari ostida qolayotgan bir sharoitda roʻy bermoqda. Ammo 2022 yildan beri Vashington Qozogʻistonni Rossiyaga qarshi sanksiyalarni buzmaslikka chaqirib kelgan boʻlsa-da, «Tolibon» bilan munosabatlarda sanksiyalar buzilishi haqida ogohlantiruvchi mujdalar yoʻllamadi.

Bu, AQSh va Yevropa Ittifoqining strategik maqsadi – Markaziy Osiyo davlatlarining Rossiyaga iqtisodiy va transport qaramligini kamaytirishga urinish, Rossiyani chetlab oʻtuvchi yangi bozorlar va yangi transport yoʻnalishlarini yaratishdan manfaatdorligi bilan ham bogʻliq.

Oʻzbekiston

Oʻzbekiston, yuqorida aytib oʻtilganidek, Pokiston va Eron dengiz bandargohlariga chiqish, barqaror va xavfsiz temir yoʻl va avtomobil yoʻnalishlarini yaratish, turli mahsulot va xizmatlarni eksport qilish yoʻlida «Tolibon» bilan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini oʻrnatishga intilmoqda. Shuningdek, Oʻzbekiston xalqaro terrorizm va narkotrafikka qarshi kurash, chegaralar xavfsizligini taʼminlash uchun ham Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishi va oʻzaro siyosiy-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash masalasida boshqalardan ham koʻproq manfaatdor.

Shu oʻrinda, «Tolibon»ning Toshkentdagi yangi elchisi tayinlaganini ham qoʻshimcha qilish mumkin. Oʻzbekistondagi diplomatik missiyaning yangi rahbari etib Mugʻurulloh Shahob tayinlangan. Undan avvalgi elchi Xolid Elmiy esa «Tolibon»gacha boʻlgan afgʻon hukumatining vakili edi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Afgʻonistoningg boshqa davlatlar bilan munosabatlarini yaxshilashda xalqaro vositachi vazifasini yaxshi uddalayapti. Jumladan, Afgʻonistonning xorijiy banklardagi mablagʻlarini «Tolibon»ga berish va boshqa masalalarda hatto BMT minbarlaridan turib bong urib kelmoqda.

Va boshqalar...

Xulosa qilib aytganda, “Tolibon”ni tan olish jarayoni yil sayin tezlashib bormoqda. Toliblar bilan munosabatlar oʻrnatishda faollik koʻrsatayotgan davlatlar qatorida Pokiston, Xitoy, Eron, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Hindiston, Qatar, Oʻzbekiston, Turkiya, Turkmaniston va boshqalarni koʻrsatish mumkin. Bu davlatlarning har biri Afgʻonistonda oʻz maqsadlariga ega. Biroq barcha uchun umumiy, mushtarak maqsadlar ham bor.

Aytaylik, Turkmaniston Afgʻoniston va Pokistonga gaz eksporti qilish va gaz yetkazib berish tarmoqlarini oʻrnatishga, pirovardida esa ularning xavfsizligi taʼminlanishidan manfaatdor.

Hatto “Tolibon”ni tan olmasligini bayon qilayotgan Gʻarb davlatlari ham ehtimoliy aloqalar uchun “darcha” qoldirishgan. Masalan, AQShda “Tolibon” terrorchi tashkilotlar roʻyxatiga kiritilmagan. Aks holda Afgʻoniston bilan har qanday munosabatlar qonundan tashqari, hatto jinoyat hisoblanadigan boʻlib qolardi.

Xullas, “Tolibon” uzoq muddatli rejalarga ega tuzilma ekanini isbotlab boʻldi. Bu esa uning asta-sekin xalqaro huquq subʼekti sifatida tan olib borilishini anglatadi. Eng muhimi, “Tolibon” hukumati oʻzining iqtisodiy asoslari haqida bosh qotiryapti. Iqtisodiy foydali davlatni tan olish esa hech qachon qiyin boʻlmagan.

Abulfayz Sayidasqarov sharhladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+