Rossiyada markaziy osiyolik muhojirlar kamaymoqda
Masalan, oʻzbekistonliklar koʻproq Yevropani maʼqul koʻrmoqda.
Markaziy osiyolik migrantlar soʻnggi vaqtlarda Rossiyadan koʻra, Yevropa, Xitoy va arab mamlakatlarida ishlashni afzal koʻrmoqda. Bu haqda RBK nashri eʼlon qilgan materialda aytiladi.
"Soʻnggi yillarda anʼanaviy ravishda Rossiya orbitasida boʻlgan MDH davlatlaridan kelgan mehnat muhojirlari uchun koʻchish uchun yangi jozibador yoʻnalishlar paydo boʻla boshladi", deydi Rossiya Fanlar akademiyasi Demografik tadqiqotlar instituti direktori Marina Xramova.
Bugun Rossiya ishchi kuchi uchun kurashishi kerak, deydi u.
“Masalan, Xitoy hozirda juda yaxshi shart-sharoitlarni taklif qilmoqda va biz Tojikistondan Xitoyga mehnat migratsiyasi maqsadida migratsiya oqimi kuchayganining dastlabki belgilarini allaqachon koʻrib turibmiz.
Bundan tashqari, MDHdan kelgan muhojirlarning ish oʻrinlari borasida Yevropa davlatlariga qiziqishi ortib bormoqda — oʻzbekistonliklar bu jarayonda faol ishtirok etmoqda. BAA va Qatar kabi arab dunyosi davlatlari ham Markaziy Osiyo davlatlaridan muhojirlarni jalb qila boshladilar”, - deya taʼkidladi u.
Shuningdek, Rossiyaga afrikaliklar oqimi ortishi kutilyapti.
Maʼlumotlarga koʻra, Rossiyada oʻn milliondan ortiq mehnat muhojirlari ishlaydi. Ularning qariyb 2-3 million nafari oʻzbekistonliklar hissasiga toʻgʻri keladi. Birgina 2022 yilda Rossiyadan Oʻzbekistonga pul oqimi qariyb 14 milliard dollarni tashkil etgan.