Yoshlarga yer ajratish siyosati xalqni daromadli qilishda yordam beryapti
Piskent tumanida 20 nafar yoshlarga 50 sotixdan ajratilgan yer maydonida bir gektardan 75 million soʻmdan daromad olinmoqda.

Aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini taʼminlash borasida 2024 yilda katta ishlar amalga oshirildi. Bunda yoshlarga dehqon xoʻjaliklari uchun yer ajratish alohida oʻrin tutadi.
Prezidentning “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini taʼminlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini oʻzlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarorida 2024 yilda yoshlarga dehqon xoʻjaliklarini tashkil qilish uchun 60 ming gektar yer maydonlarini onlayn auksion orqali ijaraga berish belgilandi. Ushbu yer maydonlarida qoʻshimcha 1,5 million tonna mahsulot yetishtirish hamda eksportni 200 million dollarga koʻpaytirish rejalashtirilgan.
Qaror bilan 13 toifadagi yoshlarga yer ajratish belgilandi. Bunda yer maydonlari 30 yil muddatgacha kichik lotlarda “bir massiv — bir mahsulot” tamoyili asosida ijaraga beriladi.
Qaror ijrosini taʼminlash maqsadida tuman hokimliklari zaxirasidagi 61 290 gektar yer maydoni 161 619 ta lotlarda yer tuzish loyihalari ishlab chiqilib, “E-ijara” platformasiga joylashtirildi.
Hududlar kesimida Qoraqalpogʻistonda 5058 ga (7672 ta lot), Andijonda 2544 ga (16 385 ta lot), Buxoroda 4990 ga (17410 ta lot), Jizzaxda 5671 ga (7537 ta lot), Qashqadaryoda 6082 ga (8222 ta lot), Navoiyda 2016 ga (3723 ta lot), Namanganda 4584 ga (18443 ta lot), Samarqandda 7017 ga (20 210 ta lot), Surxondaryoda 6083 ga (10465 ta lot), Sirdaryoda 3046 ga (6245 ta lot), Toshkentda 6226 ga (14 086 ta lot), Fargʻonada 5011 ga (18664 ta lot), Xorazmda 2962 ga (12557 ta lot) yer maydoni onlayn auksionga chiqarilgan.
Tizimga shuningdek, “Mahalla yettiligi” tavsiyalari asosida dehqon xoʻjaliklarini tashkil etish maqsadida 223785 nafar yoshlar kiritildi.
Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida ajratilgan 55.4 ming gektar maydonga qishloq xoʻjaligi ekinlari ekildi.
Hududlar boʻyicha aniq misollarga oʻtilsa, Toshkent viloyati Piskent tumanida 20 nafar yoshlarga 50 sotixdan ajratilgan yer maydonida bir gektardan 75 million soʻmdan daromad olinmoqda. Bu har bir dehqon xoʻjaligi oʻrtacha 30-35 million soʻm daromad topyapti degani.
Fargʻona viloyati, Qoʻshtepa tumani, Paxtakor MFYda dehqonchilik bilan shugʻullanish istagini bildirgan 19 nafar yoshlarga 25 sotixdan boʻlib berilgan. Mazkur maydonlarda qovun ekilib, 1 gektar yerdan oʻrtacha 85 million soʻm daromad olindi. Bu har bir dehqon xoʻjaliklarga oʻrtacha 15-20 mln soʻmdan toʻgʻri keldi.
Umuman olganda Respublika boʻyicha bu kabi xoʻjaliklarda jami 1.2 million tonna mahsulot yetishtirildi. Eksport salohiyati ham oshib, mazkur yer maydonlarida yetishtirilgan qiymati 259.3 million dollarlik 769.1 ming tonna sabzavot eksporti amalga oshirildi.
Jumladan, 63.6 million dollarlik piyoz (33.9 ming tonna), 41 million dollarlik pomidor (44.9 ming tonna), 32.7 milllion dollarlik oq karam (150.4 ming tonna) eksport qilindi.