Yangi yil kayfiyatini beruvchi filmlar – TOP-10
Quyida yangi yil mavzusiga bagʻishlangan, dunyo boʻylab mashhur boʻlgan filmlar roʻyxatini taqdim etamiz.
Yangi yil bayrami kino ixlosmandlari uchun film tomosha qilishning ayni vaqti. Biz bayramni kayfiyat beruvchi, muhitni yanada boyituvchi kinolarsiz tasavvur qila olmaymiz. Quyida yangi yil mavzusiga bagʻishlangan, dunyo boʻylab mashhur boʻlgan filmlar roʻyxatini taqdim etamiz. Bu filmlar oilaviy yigʻinlar, doʻstlar davrasi yoki oddiy dam olish uchun mukammal tanlovdir!
10. “Asl sevgi”, 2003
Film turli qahramonlarning 10 ta voqeasini oʻz ichiga oladi. Kartina Yangi yil kayfiyatini ajoyib tarzda yetkazib beradi va yaxshi muhit yaratish uchun ilhom bagʻishlaydi. Yaxshi tanlangan aktyorlar guruhi esa kartinani jozibador qilgan. Film umumiy hisobda 246 million dollar keltirgan.
9. “Grinch – Yangi yil oʻgʻrisi”, 2000
Film yangi yilni yomon koʻradigan, uni buzishga harakat qilgan Grinch haqida. U keyinchalik qalbida bayram shukuhi qayta uygʻonganini his qiladi. Ushbu filmning keyinchalik rimeyklari, animatsion kartinalari ham ishlab chiqildi va ular ham ancha muvaffaqiyatga erishgan. Ammo Jim Kerrining ushbu filmi hammasini boshlab berdi. U byudjetdan deyarli 3 baravar koʻp, yaʼni 345 million dollar ishlab topdi. “Grinch – Yangi yil oʻgʻrisi” filmi “Uyga yolgʻiz” filmlaridan keyin uchinchi eng koʻp daromad keltirgan Yangi yil filmi boʻlgan.
8. “Elf”, 2003
Film tasodifan Shimoliy qutbga tushib qolgan va Santa Klausning elflar jamiyatiga qoʻshilgan Buddi haqida hikoya qiladi. Buddi oʻzini elf deb hisoblab ulgʻayadi, lekin balogʻatga yetganida asl haqiqatga duch keladi. Ushbu filmning byudjeti 33 million dollar boʻlib, 225 million daromad olib kelgan.
7. “Qorbobo”, 1994
Filmda Skott Kelvin ismli odam yangi yilda tomdan yiqilib tushgan qoqboboning oʻrniga oʻzi xohlamasdan kelib qoladi. Keyinchalik u qorbobo boʻlishni yoqtirib, shimoliy qutbda elflar bilan yashash uchun qoladi. “Qorbobo” filmi ham tepadagi yangi yil kartinalari singari katta daromadga ega boʻlgan. Filming 2- va 3- qismlari ham olingan.
6. “Sietllik bedorlar”, 1993
Ushbu film romantik drama-komediya janrida boʻlib, rejissyor Nora Efron tomonidan ishlangan. Film tomoshabinlarning qalbini zabt etgan va oʻz janrining klassikasiga aylangan. U $228 milliondan ortiq daromad qilgan. Kino davomida Sem va Enni turli shaharlar va vaziyatlar orqali bogʻlanishga intiladi, ammo ular faqat filmning oxirida Nyu-Yorkdagi mashhur “Empayr” binosida uchrashadi.
5. “Taʼtillar almashganda”, 2006
Film romantik komediya janrida boʻlib, rejissyor Nensi Mirs tomonidan ishlangan. Ushbu film sevgi, yangi boshlanishlar va oʻz-oʻzini anglash haqida iliq va samimiy hikoya qiladi. Film ikki asosiy qahramonning hikoyasiga asoslangan: Amanda Vuds (Kemeron Diaz): Los-Anjelesda yashovchi muvaffaqiyatli, ammo yolgʻizlikka mahkum boʻlgan reklama prodyuseri. Iris Simpkins (Keyt Uinslet): Londonda yashovchi jurnalist, sevgi bilan bogʻliq ogʻriqli yoʻqotishga ega qiz.
Bayram mavsumida ikkalasi ham hayotidagi hissiy charchoqdan qochishni xohlaydi va bir-birlari bilan uylarini almashtirishga qaror qilishadi. Amanda Londonga, Iris esa Los-Anjelesga yoʻl oladi. Bu yoʻl ularning hayotini tubdan oʻzgartiradi.
4. “Janob Binning yangi yil sarguzashtlari”
Komediya janridagi afsonaviy qahramon janob Binning (Rouen Atkinson) Yangi yil mavzusiga bagʻishlangan qisqa epizodi boʻlib, uning noyob uslubi va hazil-mutoyibalari bilan bezatilgan. Ushbu epizod "Janob Bin" serialining 7-qismi boʻlib, 1992 yilda namoyish etilgan va bugungi kunda ham bayram kayfiyatiga mos keluvchi klassik asar sifatida tomosha qilinadi. Epizod biror soʻz ishlatilmaydigan hazillar bilan boyitilgan boʻlib, har qanday yoshdagi va madaniyatdagi tomoshabinlarga maʼqul keladi.
3. “Shimoliy qutb ekspressi”, 2004
Bu Yangi yil mavzusiga bagʻishlangan animatsion film boʻlib, rejissyor Robert Zemekis tomonidan ishlangan. Film bir nechta "Oskar" nominatsiyalariga ega boʻlgan va tomoshabinlar tomonidan yuqori baholangan. “Shimoliy qutb ekspressi” bolalardagi ishonch va moʻʼjizalar haqida chuqur maʼnoli hikoya qilib, bayram klassikasiga aylangan. Syujetning markazida ism-sharifi ochiqlanmagan bir bola boʻlib, u Yangi yil moʻʼjizalariga ishonchini yoʻqotgan. Bir kecha, yangi yil arafasida, uning uyi oldida sirli Sharqiy ekspress poyezdi paydo boʻladi. Poyezdning yoʻnalishi – Shimoliy qutb, Santa Klausning yashash joyi.
Bola poyezdga chiqib, oʻz ishonchini qayta tiklash uchun unutilmas sarguzashtga yoʻl oladi. Poyezdda boshqa bolalar bilan tanishib, koʻp doʻstlar orttiradi.
2. “Taqdir hazili yoki qushdek yengil boʻling”, 1975
Film 1975 yilda suratga olingan, rejissyor Eldar Ryazanov tomonidan ishlangan. Bu film yangi yil klassikasiga aylangan boʻlib, har yili bayram arafasida tomosha qilinadi va har safar oʻzining iliq, kulgili va samimiy ruhini his ettiradi. Film inson hayotidagi tasodifiy voqealar qanday qilib yangi yoʻnalishlarni ochishi mumkinligini koʻrsatadi. Andrey Myagkov (Jenya), Barbara Brilska (Nadya) va Yuriy Yakovlevning (Ippolit) ijrolari filmni unutilmas qiladi.
1. “Uyda yolgʻiz”, 1990-1992
Birinchi oʻringa albatta bundan loyiq nomzod boʻlmasa kerak. “Uyda yolgʻiz” bayram mavsumida tomosha qilish uchun eng mashhur va sevimli filmlardan biri boʻlib, rejissyor Kris Kolambus tomonidan suratga olingan. "Uyda yolgʻiz" 1990 yilda katta ekranlarda ulkan muvaffaqiyat qozonib, $476 million daromad keltirgan. Filmning davomi ham muxlislar tomonidan yaxshi qabul qilingan.
8 yoshli Kevin MakKallister oʻzining katta oilasi bilan Yangi yil bayramiga tayyorgarlik koʻrayotgan paytda, tasodifan uyda yolgʻiz qolib ketadi. Uydagi bu yolgʻizlikdan sarmast yuradi, ammo ikki oʻgʻri ularning uyiga kirishni rejalashtiradi. Kevin oʻzining zukkoligi va sarguzashtga boy uslublari bilan oʻgʻrilarni toʻxtatishga muvaffaq boʻladi.
Yuqoridagi filmlar yangi yilni unutilmas damlarga aylantirishga yordam beradi. Oilangiz yoki doʻstlaringiz bilan ushbu filmlarni tomosha qiling va yangi yil kayfiyatidan zavqlaning!