QQS va foyda soligʻi stavkalari 2028 yilgacha oshirilmaydi
2025 yil apreldan farmatsevtika mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanuvchi yoki tibbiy xizmat koʻrsatuvchi yuridik shaxslar qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlovchilar deb eʼtirof etiladi.

2028 yilgacha QQS va foyda soligʻi stavkalari oshirilmaydi.
"Tadbirkorlar uchun teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini taʼminlash boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga koʻra:
- qoʻshilgan qiymat soligʻi va foyda soligʻi stavkalari 2028 yil 1 yanvarga qadar oshirilmaydi;
- 2025 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvarga qadar tikuv-trikotaj, poyabzal va charm-attorlik sanoati yoʻnalishlarida ishlab chiqarish faoliyatini yuritayotgan va quyidagi barcha shartlarga bir vaqtning oʻzida javob beradigan tadbirkorlik subʼektlari uchun foyda soligʻi va oʻzlarining xodimlari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi stavkalari 1 foiz etib belgilandi:
— jami xodimlar sonining kamida 15 foizi Ijtimoiy himoya yagona reyestri yoki Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning aʼzolaridan tashkil topganda;
— har oyda har bir xodimga ish xaqi miqdori mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining ikki baravaridan kam boʻlmagan miqdorda hisoblanganda;
— soliq davrida tikuv-trikotaj, poyabzal yoki charm-attorlik mahsulotlarini realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumi jami tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadning kamida 90 foizini tashkil etganda.
- 2025 yil 1 apreldan boshlab daromadidan qatʼi nazar, farmatsevtika mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanuvchi yoki tibbiy xizmat koʻrsatuvchi yuridik shaxslar qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlovchilar deb eʼtirof etiladi.
Tadbirkorlarga tashqi moliya bozorlariga chiqishga koʻmaklashish markazi tashkil qilinadi.
2025 yilda aylanma mablagʻlarini toʻldirishga ajratiladigan kreditlar uchun “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJga (Kompaniya) 100 million AQSh dollari miqdorida qoʻshimcha mablagʻ ajratiladi.