Ochilmagan sirlar: parallel olamlar
Qizigʻi shundaki, uning pasporti haqiqiy mamlakatlarga kirish uchun urilgan vizalarga toʻla edi. Hujjat mutlaqo qonuniy koʻrinar, biroq... Taured degan davlat yoʻq.
2000-yillarda AQShlik bir psixolog gʻalati holat bilan toʻqnashdi. Uning oldiga xavotirlari kuchayganidan shikoyat qilgan oʻrta yoshli bir bemor keladi. Bemor bugun uyqudan uygʻonganida boshqa hayot va voqelikka tushib qolganidan shikoyat qiladi. Uning aytishicha, uy uniki emas – avval boshqa uyda yashagan. Buyumlar va ishxonasi ham, qoʻshni va tanishlari ham boshqa-boshqa odamlar. Eng qizigʻi, ular bemorni tanishadi, bir necha yildan beri shu hayotda va shu insonlar bilan va shu uyda birga yashayotganini taʼkidlashadi. Bemor eʼtiroz bildiravergach, psixologgga koʻrinishni maslahat berishadi.
“Ammo bu notoʻgʻri”
“Ammo bu notoʻgʻri, – deydi bemor. – Men butunlay boshqa hayotda yashaganman. Kechagina shifokor edim. Bugun uyqudan turib, shifoxonaga ishimga bormoqchi boʻlsam, yaqinlarim “sen hech qachon shifokor boʻlmagansan, bir necha yildan beri kompyuter dasturchisi boʻlib xizmat qilasan, uyda oʻtirib, onlayn ishlaysan” deyishyapti. Men esa bu kasbga maktab vaqtida qiziqqanman xolos. Ammo keyin tibbiyot oliygohida oʻqib, shifokor boʻlib ishlaganman”, deydi bemor.
Psixolog oʻylanib qoladi. Turli versiya va tashxislarni xayolidan oʻtkazadi. Biroq boshqa kunga uchrashuv belgilab, bemordan shu kuni yana kelishini soʻraydi.
Keyingi safar bemor yana keladi. Ammo u butunlay boshqa odam edi. Toʻgʻri, qomati va yuz tuzilishi oʻzgarmagan, ammo yurish-turish, gapirish uslubi va feʼl-atvori boshqacha edi...
Bemor bu safar ham xuddi oʻtgan uchrashuvda aytganidek, oʻz hayoti oʻzgarib qolganidan shikoyat qiladi. Biroq tafsilotlar endi mutlaqo boshqacha edi. Bemor endi qandaydir kompaniyada texnolog boʻlib ishlar ekan. Ertalab zavoddagi ishiga borsa, hech kim uni tanimabdi, garchi u ishchilarni tanisa ham! “Siz bu yerda ishlamagansiz, sizni bilmaymiz” deb qaytarib yuborishibdi. Uyiga qaytib kelsa, yaqinlari “sen bir necha yildan beri maktabda fizikadan dars berasan, zavodda texnolog emassan. Asabing buzilgan shekilli, psixologga uchrash” deyishadi. Hatto maktabdan qoʻngʻiroq qilib, unga “nega ishga kelmayapsiz, tinchlikmi?” deb soʻrashadi. Bemor nima boʻlayotganini tushunmay, boshi gangib, psixolog oldiga keladi.
Eng qizigʻi, u avval ham psixolog oldiga kelganini tan oladi. Psixologni taniydi, biroq “bu voqealarni tushimda koʻrgan edim, tushda koʻrganim uchun sizni taniyapman” deydi.
Psixolog bir yil davomida u bilan suhbatlashib turadi. Har safar har xil tafsilotlar va hayot tarzi uni hayratga soladi. Bemor har kuni ertalab boshqa dunyo va reallikda uyqudan uygʻonar edi. Faqat psixolog oʻzgarmaydi xolos. Hayratlanarlisi shundaki, masalan, bemor “aslida shifokorman” degan kunlari shifokorlikka oid barcha savollarga oson javob berar, rostan ham shu kasb egasi ekaniga ishontirar edi.
Shuningdek, bemor dunyo va tarix borasida ham hozirgi reallikka toʻgʻri kelmaydigan fikrlar aytar, masalan, “kecha Amerika Xitoy mustamlakasi edi, bugun uygʻonsam, odamlar hech qachon bunday boʻlmagan, deya ustimdan kulishmoqda”, deb shikoyat qiladi.
Psixolog buni shunchaki ruhiy kasal deb oʻylaydi. Ammo ayrim voqealar uni oʻyga toldiradi. Masalan, bir uchrashuvda bemorning ikki barmogʻi yoʻqligiga eʼtibor beradi. Bemor kecha duradgor boʻlib yashagan hayotida ustaxonada barmogʻini kesib olganini aytadi. Keyingi safar kelganida esa bemorning hamma barmoqlari bor edi! Bemor hech qachon barmogʻini kesib olmaganini aytib, qasam ichadi...
Psixolog bir yil davomida ushbu bemorning parallel realliklar haqidagi soʻzlarini yozib boradi, lekin hech qachon mantiqiy tushuntirish yoki tashxis topa olmaydi. Afsuski, bemor navbatdagi uchrashuvga kelmaydi, toʻsatdan gʻoyib boʻladi...
Bunga oʻxshash voqealar hayotda koʻp yuz bergan va hujjatlashtirilgan.
Sirli davlat fuqarosi
1954 yilda Yaponiyaning Xaneda aeroportida bir yoʻlovchi toʻxtatiladi. Uning hujjatlari nazoratchilarni hayratga soladi. U mavjud boʻlmagan davlat – Taured pasportini taqdim etgani uchun hibsga olingan. Bu davlat goʻyo Yevropada joylashgan emish. Qizigʻi shundaki, uning pasporti haqiqiy mamlakatlarga kirish uchun urilgan vizalarga toʻla edi. Hujjat mutlaqo qonuniy koʻrinar, biroq... Taured degan davlat yoʻq va boʻlmagan axir!
Politsiya yoʻlovchini mehmonxonaga olib ketib, bir xonaga joylashtirib, uni qochib ketmasligi uchun qoʻriqlab chiqishadi. Ammo u ertasi kuni sirli ravishda gʻoyib boʻladi. Xona eshigining qulfi buzilmagan, eshik va deraza oldi doim politsiya kuzatuvi ostida boʻlgan, demakki, sirli yoʻlovchi xonasidan chiqmagan. Lekin sirli Taured davlatining fuqarosi havoga uchgandek gʻoyib boʻlgan edi!
Magistralda yoʻqotilgan vaqt
1979 yilda bir oila Fransiyadan Ispaniyaga avtomobilda safar qiladi. Kech kirib qolgani bois, yoʻlda ular moy chiroqlari va gʻayrioddiy kiyingan xodimlari boʻlgan eski mehmonxonada tunab qolishadi. “Qandaydir tarixiy etnik mavzuda dizayn qilishgandir” degan xayolga borishadi. Biroq bir necha kundan keyin shu joyga qaytib kelishsa... mehmonxona yoʻq edi. Mahalliy aholining taʼkidlashicha, ular tunab qolgan joy yaydoq dala edi, hech qanday mehmonxona, hattoki bino ham boʻlmagan...
Tokioda zamonlar uzra sayohat
2004 yilda Tokioda bir ayol oʻz kabinetidagi liftdan chiqib, oʻzini notanish joyda koʻrganini aytadi. Ofis qayta taʼmirlangan va uning stoli oʻrniga boshqa birov joylashib olgan boʻlgan. U biroz dovdirab turgach, yana liftga kiradi. 2 daqiqadan soʻng liftdan chiqqanida yana hammasi oʻz holiga qaytib qolgan edi!
SSSRdan kelajakka "koʻchib oʻtgan" bola
1985 yilda Sibirdagi kichik shaharchada yashovchi bir oʻsmir bir kuni oʻsha paytda nomaʼlum boʻlgan ilgʻor qurilmalar bilan toʻla xonada uygʻonganini aytgan. U "qaytib kelishidan" oldin oʻsha xonada bir necha soat vaqt oʻtkazdi. Keyinchalik oʻsha xonada hozirgi smartfon va noutbuklarga oʻxshash narsalarni koʻrganini aytgan. Oʻsmirning bu gaplaridan keyin 20 yil oʻtgach, smartfon paydo boʻldi!
Parijdagi voqea (1901)
XX asrning boshlarida ikki ingliz ayol – Anna Morobli va Eleonor Jurden Versalda sayr qilish paytida XVIII asrga oʻtib qolishganini aytishgan. Ularning kiyimi, mebellar va interer dizayni xuddi oʻsha davr ruhida boʻlgan. Ular hatto qirolicha Mariya Antunettani koʻrishgan. Biroz vaqt oʻtgach, ular yana hozirgi hayotga qaytib qolishgan. Bu voqea "Versal arvohlari" sifatida tanilgan; tarixchilar va parapsixologlar buni faol muhokama qilishgan, ammo hech qanday ilmiy izoh topilmagan.
Bu kabi voqealar koʻp va ular olimlarni “parallel olamlar” haqida oʻylashga majbur qilmoqda.
Haqiqatlar orasidagi chegara
Parallel dunyolar uzoq vaqtdan beri fantastika, mistika va falsafiy spekulyatsiyaning bir qismi boʻlib hisoblangan. Biroq kvant fizikasi va astrofizikaning zamonaviy nazariyalari bunday voqeliklarning mavjudligini taxmin qilish uchun ilmiy asos yaratadi.
Stiven Xokingning “koʻp dunyolar” nazariyasi
Fizik olim Stiven Xoking koʻp olamlar – cheksiz olamlar mavjudligi haqidagi gʻoyani ilgari surdi, ularning har biri oʻziga xos fizika qonunlariga ega boʻlishi mumkin emish. Bu gipoteza kvant mexanikasi va kosmik inflyatsiya nazariyasiga asoslanadi. Xokingning soʻzlariga koʻra, “Katta portlash” paytida biznikiga parallel ravishda mavjud cheksiz "pufakchalar" paydo boʻlishi mumkin edi. Bu pufaklar yaqinlashib qolsa, odamlar boshqasiga oʻtib qolishi va reallik oʻzgarganini payqashlari mumkin.
Nil deGrasse Tayson, kvant imkoniyatlari va koʻp dunyo talqini
Yana bir fizik olim Nil deGrasse Tayson kvant mexanikasi parallel olamlarni tushuntirishi mumkin, degan fikrni qoʻllab-quvvatlaydi. Uning soʻzlariga koʻra, kvant darajasidagi zarralar bir vaqtning oʻzida bir nechta holatda "toʻlqin funksiyasining qulashi" sodir boʻlgunga qadar mavjud boʻlishi mumkin. Koʻp dunyo talqini doirasida hodisaning har bir ehtimoliy versiyasi oʻz koinotida namoyon boʻladi. "Agar har bir kvant yechimi yangi shoxchani yaratsa, parallel olamlar soniyada milliardlab marta paydo boʻladi", degan edi u 2018 yildagi konferensiyalardan birida soʻzlagan nutqida. U subatomik darajada zarralar bir vaqtning oʻzida bir nechta holatda boʻlishi mumkinligini va bu "superpozitsiya"ning har bir oʻlchami alohida haqiqat boʻlishi mumkinligini tushuntirishga uringan.
“Koʻrkalamush” nazariyasi
Maʼlumki koʻrkalamush yerni kavlab tunnellar paydo qiladi. Bir teshikka kirib gʻoyib boʻlsa, toʻsatdan ancha uzoqdagi teshikdan bosh koʻtaradi. Xuddi shu nom bilan ataluvchi nazariyaga koʻra, zamonlar oʻrtasida baʼzan shunday tunnellar paydo boʻlib qoladi va qandaydir sabablarga koʻra odamlar yoki buyumlar boshqa olamga yoki davrga oʻtib qolishadi. Bunday nazariya oʻtmishga yoki kelajakka sayohat qilish mumkinligiga umid uygʻotadi.
Yoki shunchaki koʻzga koʻringan...
Bundan tashqari, boshqa versiyaga koʻra, neyrofiziologlar inson miyasi hech qachon boʻlmagan haqiqatlarning illyuziyalarini yaratishi mumkinligini taʼkidlaydilar. Bu baʼzi gʻalati holatlarni tushuntirishi mumkin. Lekin yuz bergan hamma holatlarni ham gallyutsinatsiya deb atab boʻlmaydi
Diniy izoh: “bu jinlar olami xolos”
Diniy arboblar, xususan, islomiy olimlar 18 ming olam borligini tan olishadi. Shuningdek, jinlar va boshqa bizga koʻrinmaydigan mavjudotlar olamlari ham bor boʻlib, inson baʼzan ularni koʻrishi yoki oʻsha dunyolarga oʻtib qolganida, bizning dunyomizda koʻrinmay qolishi mumkin ekan.
“Saqlangan tanlovlar” nazariyasi
Tasavvur qiling bir odam ertalab avtomobilda yoʻlga chiqdi. Toʻsatdan yoʻlidan it oʻtib qoldi va haydovchi uni bosib yubormay deb toʻsatdan oʻngga burildi va avtohalokatga uchrab vafot edi. Lekin u itni bemalol bosib ketib, oʻlmay qolishi, hayoti davom etishi mumkin edi. Inson itni bosish yoki bosmaslik tanlovi oldida turganida ikki xil olam paydo boʻladi. Itnni bosmasdan halok boʻlgan odam uchun hayot tugaydi. Ammo yana bir boshqa olamda oʻsha odam halok boʻlmaydi va yashashda davom etadi.
Yoki shaxmat oʻynaganda, siz, aytaylik, piyodani yurish uchun 3 ta yoʻl oldida turasiz. Qaysi yurishni tanlashingizdan qatʼi nazar, boshqa bir olamlarda siz qolgan 2 ta yurishni tanlagansiz va hayot yana davom etmoqda. Misol uchun, bir olamda siz oʻyinda yutib, chempion boʻlgansiz va boyib ketgansiz. Boshqa olamdagi versiyangizda esa oʻyinda yutqazib, tushukunlikka tushib qolib, ichkilikka berlib ketgansiz va hokazo...
Yaʼni inson nimagadir qaror qilsa, boshqa paralell olamdagi nusxasi boshqa qaror chiqaradi va hayoti boshqacha davom etadi.
Olimlarning tushuntirishicha, har bir inson hayotining har soniyasida millionlab (ehtimol, cheksiz!) versiyalar, demakki, shuncha olamlarning nusxalari paydo boʻladi. Biroq ularda tanlov boshqacha boshlanadi va boshqacha davom etadi. U yerdagi versiyangiz ham har soniyada yana millionlab olamlar yaralashiga sabab boʻladi va hokazo. Bu xuddi bitta tanadan oʻsib chiqqan shoxlarning oʻsgan sari yanada koʻproq shoxlanib, tarmoqlanib ketishiga oʻxshaydi.
Savollar koʻp, aniq javob yoʻq...
Parallel olamlar haqidagi hikoyalar nafaqat folklor yoki fantastika, balki ilmiy tadqiqotlar uchun mavzu boʻla oladi. Parallel dunyolar gʻoyasi mistika va ilm-fanni bogʻlaydi. Bugungi kunda ilm-fan bu hodisalarni tushuntirish uchun tobora koʻproq farazlarni taklif qilmoqda. Ehtimol, kelajakda insoniyat nafaqat parallel haqiqatlar mavjudligini tasdiqlashi, balki ular bilan tasodifan emas, istalgan paytda oʻzaro munosabatda boʻlish yoʻlini ham topishi mumkin.
Ehtimol, kuni kelib, biz parallel dunyolar mavjudligini va mexnazmini oʻrganib chiqamiz va ular uzra sayohat qilishni oʻrganamiz. Oʻshanda, balki, dunyodan oʻtib ketgan oʻrtogʻingiz yoki ukangiz tirik boʻlgan davrlar yoki olamlarga oʻta olasiz... Hayotingiz yaxshi boʻlgan, hali tanlov oldida turgan zamonga qayta olasiz. Va hammasini boshqatdan boshlab, koʻnglingizdagidek hayotga erishasiz. Ammo hozircha... hozircha oʻtmishga qaytishning, hammasini boshidan, oʻzingizga yoqqanidek boshlashning imkoni yoʻq. Lekin oʻzingiz istagandek tugatish imkoniyatingiz bor! Shu bois ibtido haqida qaygʻurmasdan, intiho haqida bosh qotirishingizni maslahat beramiz.
Abulfayz Sayidasqarov