Hindiston sobiq bosh vaziri Maxoman Singx vafot etdi
U mamlakatda oʻtkazgan islohotlari sabab "iqtisodiyotni liberallashtirish qahramoni" sifatida tilga olinadi.

Hindiston sobiq bosh vaziri, "iqtisodiyotni liberallashtirish qahramoni" Manmoxan Singx 92 yoshida vafot etdi, deb yozadi The Economic Times.
Bungacha u Nyu-Dehlining AIIMC favqulodda yordam boʻlimiga yotqizilgan. Indian Express gazetasining yozishicha, sobiq bosh vazirga yurak-oʻpka reanimatsiyasi koʻrsatilgan, biroq urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchragan.
Singx umri davomida bir qancha kasalliklardan aziyat chekib kelgan.
Bosh vazir Pamulaparti Venkata Narasimxa Rao (1991-1996) davrida moliya vaziri boʻlib ishlagan Singx iqtisodiy islohotlarning asosiy meʼmori sanaladi, deb taʼkidlaydi The Economic Times.
Manmoxan Singx 1932 yil 26 sentabrda tugʻilgan. U Panjob universitetida iqtisod boʻyicha magistrlik darajasini, keyin esa Oksford universitetida Phd darajasini oldi.
U birinchi marta 2004 yilgi umumiy saylovlardan keyin bosh vazir boʻldi va 2009 yilda qayta bu lavozimni egalladi.
2014 yilda Singx oʻzi vakillik qilgan Hindiston Milliy Kongressi partiyasi parlament saylovlarida magʻlub boʻlganidan keyin isteʼfoga chiqishini eʼlon qildi. U mustaqil Hindiston tarixida (Javoharlal Neru va Indira Gandidan keyin) eng koʻp xizmat qilgan uchinchi bosh vazir boʻldi. Uning vorisi Hindiston xalq partiyasi rahbari Narendra Modi edi.
Moliya vazirligi rahbari sifatida Singx 1991-1992 yillarga moʻljallangan byudjet loyihasini taqdim etdi, u Hindiston iqtisodiyotini liberallashtirish, globallashuv va xususiylashtirish yoʻnalishiga asoslangandi. Bu mamlakatda bozor iqtisodiyoti sari sezilarli siljishni koʻrsatdi va keyingi oʻn yilliklarda tez iqtisodiy oʻsishga yoʻl ochdi.