YeOII davlatlari fuqarolari Oʻzbekistonga faqat pasport bilan kelib ketishlari mumkin boʻladi
Bu haqda Shavkat Mirziyoyev sayyohlik almashinuvlarini ragʻbatlantirish maqsadida aytib oʻtdi.
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo davlatlar fuqarolariga Oʻzbekistonga ichki hujjatlar bilan kirish imkonini beruvchi tartib joriy etiladi.
Bu haqda 26 dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev Sankt-Peterburg shahrida oʻtayotgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yigʻilishida sayyohlik almashinuvlarini ragʻbatlantirish maqsadida aytib oʻtdi.
YeOII aʼzolari – Rossiya, Belarus, Armaniston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston. Oʻzbekiston, Moldova va Kuba esa kuzatuvchi maqomida.
2024 yilda Oʻzbekistonning ittifoq mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 11 foizga oshdi. Oktabr oyida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan savdo, sanoat, moliya, qishloq xoʻjaligi, transport va boshqa sohalarda 40 ga yaqin chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan yangi uch yillik hamkorlik rejasi qabul qilindi.
Oʻzbekiston, shuningdek, YeOIIning savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, elektron tijoratni joriy etish, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish sohasidagi qator tarmoq dasturlarida faol ishtirok etmoqda.
Yigʻilishda Oʻzbekiston rahbari oʻzaro savdodagi savdo toʻsiqlarini bosqichma-bosqich bartaraf etishga chaqirdi. Shu nuqtai nazardan, Oʻzbekiston va YeOII davlatlari oʻrtasidagi savdoda tarif va notarif cheklovlarni qoʻllamaslik masalasini ekspertlar darajasida ishlab chiqishni taklif etdi.
Tadbir yakunida Yagona bojxona tranziti tizimi toʻgʻrisidagi bitim imzolandi.
YeOII Ishbilarmonlar kengashining yigʻilishi 2025 yil aprel oyida Toshkent shahrida oʻtkaziladi.