Suriyadagi qurolli toʻqnashuvda 14 politsiyachi halok boʻldi
Ular sobiq prezident Bashar Asad tarafdorlari tomonidan oʻldirilgan, deydi mamlakat muvaqqat hukumati ichki ishlar vaziri.

Suriyadagi qurolli toʻqnashuvda 14 politsiyachi halok boʻldi.
Mamlakatning yangi ichki ishlar vazirining aytishicha, avvalroq toʻqnashuvlar boʻlib oʻtgan Tartus viloyatida hokimiyatdan agʻdarilgan prezident Bashar Asad tarafdorlari tomonidan 14 politsiyachi oʻldirilgan.
"Vazirlikning 14 nafar xodimi xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha oʻz vazifalarini bajarayotganda jinoiy tuzum qoldiqlari tomonidan qoʻyilgan pistirmada halok boʻldi, yana 10 nafari yaralandi”, dedi oʻtish davri hukumatidagi Ichki ishlar vazirligi rahbari Muhammad Abdul Rahmon.
Qarorgohi Buyuk Britaniyada joylashgan Suriya Inson huquqlari observatoriyasi (SOHR) Xirbet al-Maoza shahridagi toʻqnashuvlar natijasida 14 nafar xavfsizlik kuchlari hamda 3 nafar qurolli kishi halok boʻlganini maʼlum qildi. U yerda Ichki ishlar vazirligi xodimlari Damashq yaqinidagi mashhur Sednaya qamoqxonasidagi jinoyatlarga aloqador boʻlgan zobitni ushlashga urindi.
SOHR maʼlumotlariga koʻra, toʻqnashuvlar "baʼzi mahalliy aholi oʻz uylarini tintuv qilishga ruxsat bermaganidan" keyin boshlangan. Ofitserning akasi va qurollangan shaxslar politsiya yoʻlini toʻsib, patrul mashinalaridan biriga hujum qilgan, bu esa odamlarning oʻlimiga sabab boʻlgan, deya xabar beradi tashkilot.