Toshkentdagi laboratoriyada fuqaroga notoʻgʻri xulosa taqdim etilgani maʼlum boʻldi
Uning 15 turdagi laboratoriya tekshiruvidan oʻtish maqsadida toʻlagan mablagʻi ham qaytarilmagan.

Toshkentdagi laboratoriyada fuqaroga notoʻgʻri tekshiruv xulosasi taqdim etildi.
Raqobat qoʻmitasiga tibbiyot muassasalarida koʻrsatilayotgan xizmatlarning sifatsizligi yuzasidan fuqarolardan koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda.
Mana shunday murojaatlardan birida fuqaro V.Ch. klinik laboratoriya tekshiruv natijalaridan qoniqmaganini bildirgan. Fuqaro Toshkent shahrida joylashgan “SWISS LAB” MChJning Chilonzor tumani filialida 15 turdagi laboratoriya tekshiruvidan oʻtish maqsadida 698 000 soʻm miqdordagi toʻlovni amalga oshirgan.
Laboratoriya xulosasida fuqaroning kreatinin va mochevina koʻrsatkichlari yuqori chiqqanligi bildirilgan.
Bunday natijadan ajablangan fuqaro shifokorga tibbiy maslahat olish maqsadida boradi va shifokor qayta tekshiruvdan oʻtishni tavsiya qiladi va “Darmon Diagnostika” MChJ va Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va buyrak transplantasiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazlariga qayta analiz topshirishga majbur boʻlgan va ikkala tekshiruv xulosalarida qon koʻrsatkichlari meʼyorda chiqqan.
Qon bilan bogʻliq laborator tekshiruvlariga har bir tibbiyot xodimi masʼuliyat bilan qarashi lozim. Aks holda notoʻgʻri tekshirish oqibatida qoʻyilgan tashhis va tayinlangan muolajalar inson hayotiga xavf solishi mumkin.
Raqobat qoʻmitasi murojaatni toʻlaqonli oʻrganish maqsadida Toshkent shahar Sogʻliqni saqlash boshqarmasiga yuborgan soʻrov xatiga javoban berilgan maʼlumotlar oʻrganilganda, “SWISS LAB” MChJ tomonidan fuqaro qon topshirganda preanalitik (laboratoriyaga qadar) jarayonda qon oluvchi hamshira tomonidan masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻyilib, probirkalarni markirovkalanishida jiddiy xatolikka yoʻl qoʻygani aniqlandi.
Fuqaroning notoʻgʻri xulosa bergani uchun “SWISS LAB” MChJdan toʻlangan pul mablagʻlarini qaytarishda soʻragan amaliy yordami ham ijobiy hal etilmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “SWISS LAB” MChJning xatti-harakatlarida “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining talablarining buzilish alomatlari borligini inobatga olib, Qoʻmita Maxsus komissiyasi tomonidan “SWISS LAB” MChJga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, koʻrib chiqildi.
Maxsus komissiyaning qabul qilgan qaroriga koʻra, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 20-moddalari talablari buzilgan deb topilib, ularni bartaraf etish toʻgʻrisida MChJga tegishli koʻrsatma berilgan.
Biroq Maxsus komissiyaning ish yuzasidan qabul qilgan qaror va koʻrsatmasini bekor qilish boʻyicha jamiyat shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan va oʻz navbatida Apellatsiya kengashi qaror hamda koʻrsatma oʻzgarishsiz qoldirilishi toʻgʻrisida oʻz qarorini qabul qilgan.
Shunga qaramay, “SWISS LAB” MChJ mazkur koʻrsatmani bekor qilishni soʻrab sudga ariza bergan. Toshkent tumanlararo maʼmuriy sudi tomonidan ushbu ariza koʻrib chiqilib, “SWISS LAB” MChJning arizasini qanoatlantirishni rad qilish toʻgʻrisida hal qiluv qarori chiqarilgan.
