Qozogʻistondagi aviahalokatda 29 kishi tirik qoldi: tafsilotlar
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev hodisa joyiga delegatsiya joʻnatgan. Qurbonlarning aniq soni hanuz nomaʼlum.

Qozogʻiston Sogʻliqni saqlash vazirligiga koʻra, Ozarbayjon havo yoʻllarining Embraer 190 yoʻlovchi samolyoti qulashi oqibatida 29 kishi omon qolgan. Ekipaj aʼzolari esa toʻliq halok boʻlgan.
Mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi ham xuddi shunday raqamni xabar qilmoqda.
Samolyot Bokudan Grozniyga uchayotgan va bortdagi favqulodda vaziyat tufayli ekipaj muqobil aerodromga borishga qaror qilgan, bunda Qozogʻistonning Aktau shahri tanlangan.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev hodisa boʻyicha tekshiruvni shaxsan nazoratiga oldi va voqea joyiga delegatsiya joʻnatdi. U MDH sammitidagi ishtirokini bekor qilgan.
Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, samolyotda jami 69 kishi boʻlgan. Ular Ozarbayjon, Rossiya, Qirgʻiziston va Qozogʻiston fuqarolaridir. OAVda yoʻlovchilarning toʻliq roʻyxati va tirik qolganlar nomlari eʼlon qilinmoqda. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi ochildi.
Aqtau yaqinidagi fojia Embraer samolyoti ishtirokidagi toʻrtinchi aviahalokat boʻldi.
Ilgari ushbu turdagi samolyotlar bilan halokat uch marta qayd etilgan - ikki marta Xitoyda va bir marta Namibiyada. Vaziyatlardan birida falokatga terrorchilar tomonidan samolyotni olib qochishga urinish sabab boʻlgan.
Ushbu hodisalarga qaramay, Embraer samolyotlari ishonchli hisoblanadi. Mutaxassislar bortdagi texnik nosozliklar ehtimolini 0,1 foizga baholamoqda.