platina.uz
Jamiyat

Kanallarni betonlashtirishga salkam 800 mlrd soʻm sarflandi

Bu yilga reja qilingan manzilli dastur asosida 550 km kanal betonlashtirilgan.

Kanallarni betonlashtirishga salkam 800 mlrd soʻm sarflandi

2024 yilda 1,5 ming km (2023 yilgiga nisbatan 4 barobar koʻp) yirik kanallarni betonlash vazifasi belgilandi. 2025 yildan boshlab kamida 2 ming km.dan kanallarni betonlash topshirilgan.

2024 yilning 5 dekabr holatiga 75 ta obʼekt doirasida jami 550 km kanallar rekonstruksiya qilindi, shundan 433 km kanallar betonlashtirildi.

Hisob-kitoblarga koʻra, betonlanmagan irrigatsiya tarmoqlarida yiliga oʻrtacha 14 mlrd kub metr yoki 36% suv yerga sizib ketishi natijasida hech qanday iqtisodiy samarasiz isrof boʻlayapti. Suv yoʻqotishlari oqibatida iqtisodiyotimizda yiliga 5 milliard dollar daromad boy berilyapti.

Qishloq xoʻjaligi ekin maydonlariga boruvchi kanal va ariqlarning katta qismi betonlashtirilmagan. Kanallarni betonlash bir qator afzalliklarni yaratadi:

  • beton oʻzanli kanallarda foydali ish koeffitsiyenti 82-90 % ni tashkil qiladi;
  • foydalanish muddati 30-50 yilgacha;
  • suvning iqtisod qilingan miqdori yuqori;
  • suv tezligini bir meʼyorda ushlash;
  • qayta tozalash ishlarini olib borish.

Kanallarni rekonstruksiya qilish boʻyicha manzilli dasturga 75 ta obʼekt kiritilib, 71 ta obʼektni va 555 km kanallarni foydalanishga topshirish uchun 676 mlrd soʻm ajratildi.

Bundan tashqari, xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarning davlat byudjeti qismi boʻyicha “Fargʻona vodiysida suv resurslarini boshqarishni yaxshilash 2-faza” loyihasiga 120 mlrd soʻm ajratilib, Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida 159 km kanallarni modernizatsiya qilish ishlarini yakunlash belgilangan. Hisobot davrida 61 mlrd soʻm oʻzlashtirilib, 80 km qismida modernizatsiya ishlari bajarilgan.

Klaster va fermer xoʻjaliklari tomonidan 13,5 ming km ichki sugʻorish tarmoqlari betonlashtirildi.

Betonlangan kanallarda suvning filtratsiyasi keskin kamayib, suvni boshqarish tizimi takomillashdi, 300 ming gektar maydonning suv taʼminoti yaxshilandi hamda kanallarda yiliga oʻrtacha 450 mln kub metr suv yoʻqotilishini kamaytirishga erishildi.

Misol uchun, 2024 yilda Olot tumanidagi 5 ta kanalning 21 km qismi betonlangan, natijada kanallarda suvning filtratsiyasi (yerga shimilib ketishi) keskin kamayib, 11 ming gektar yerlarning suv taʼminoti yaxshilandi, ushbu yerlarning 3 ming gektariga suv yetib borishida muammolar juda koʻp edi.

Jizzax viloyatida “DM-1”, “DM-2” va “DM-3” kanallarining 29 km qismi betonlashtirildi, natijada kanallarda suvning tezligi oshib, betonlamasdan oldin kanalga suv ochilganda kanal oxiriga 3-4 kunda yetib boradigan suv 1 sutkada boradigan boʻldi.

2025 yilgi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini maqbullashtirish boʻyicha berilgan topshiriq asosida jami 1,3 trln soʻm (shundan, irrigatsiya tarmoqlari va inshootlariga 1,2 trln soʻm, melioratsiya tarmoqlari va inshootlariga 150 mlrd soʻm) ajratiladi.

Ushbu mablagʻlar doirasida amalga oshiriladigan loyihalar:

  • “Suvqurilishinvest” davlat muassasalari buyurtmachiligida irrigatsiya obʼektlariga – 1 053,5 mlrd soʻm;
  • Xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarning davlat byudjeti qismi uchun – 70 mlrd soʻm;
  • “Amudaryo” HSXB buyurtmachiligidagi obʼektlarga – 36,5 mlrd soʻm;
  • “Sirdaryo” HSXB buyurtmachiligida obʼektlarga – 20 mlrd soʻm;
  • Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi (GEF) loyihalarini boshqarish agentligi buyurtmachiligida obʼektlarga – 20 mlrd soʻm.

Ushbu mablagʻlar hisobiga 570 km kanallar, 21 km lotok va 45 km yopiq quvurli sugʻorish tarmogʻi rekonstruksiya qilinadi.

2025 yilda betonlangan kanallarda suvning filtratsiyasi keskin kamayib, suvni boshqarish tizimi tubdan takomillashadi, qoʻshimcha 300 ming gektar maydonning suv taʼminoti yaxshilanadi hamda kanallarda yiliga oʻrtacha 500 mln kub metr suv yoʻqotilishini kamaytirishga erishiladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid