Davlat qarzining cheklangan hajmi oshirilmoqda
Byudjetdan davlat maqsadli jamgʻarmalariga ajratiladigan transfertlar miqdorlari ham oʻzgartirilmoqda.

Oʻzbekiston nomidan va kafolati asosida olinadigan davlat qarzining cheklangan hajmi oshirilmoqda.
“2024 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartirishlar kiritildi.
Unga koʻra, qonunga ayrim toifadagi bemorlarga dori vositalarini bepul taqdim etish, madaniyat va sanʼatni rivojlantirish, Milliy futbol markazini tashkil etish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, innovatsion sanoat zonalarini barpo etish, shuningdek innovatsion va yuqori texnologiyali sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishini yoʻlga qoʻyish uchun mablagʻlar ajratilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hajmi, Oʻzbekiston nomidan va kafolati asosida olinadigan davlat qarzining cheklangan hajmi oshirilmoqda.
Davlat byudjetidan davlat maqsadli jamgʻarmalariga ajratiladigan transfertlar miqdorlari, ushbu jamgʻarmalarning daromadlari hamda xarajatlari oʻzgartirilmoqda.
Oʻzbekiston Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda topshiriqlariga muvofiq mablagʻlarning bir qismini maqbullashtirish va ularni qoʻshimcha xarajatlarga yoʻnaltirish nazarda tutilmoqda.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Eslatib oʻtamiz, 2024 yil 1 iyul holatiga koʻra, Oʻzbekistonning davlat qarzi 2,1 mlrd dollarga koʻpayib, 37 mlrd dollardan oshgan.