platina.uz
Jamiyat

Oʻzbekistonda eng keng tarqalgan kasalliklar maʼlum boʻldi

Ularni erta aniqlash va profilaktika qilish maqsadida jami 34,8 mln nafar aholi (95,5 foiz) tibbiy xatlovdan oʻtkazilib, aniqlangan 8,5 mln nafar (25 foiz) bemor sogʻlomlashtirildi.

Oʻzbekistonda eng keng tarqalgan kasalliklar maʼlum boʻldi

6 turdagi ommaviy va selektiv skrining tekshiruvlari joriy qilinib, 106 ming nafar aholida qandli diabet, 194 ming nafarida yurak qon-tomir kasalliklari, 306 ming nafarida semizlik, 2400 nafarida saraton, 833 nafarida onkogematolik kasalliklar erta bosqichda aniqlanishiga erishildi.

40 va undan katta yoshdagi 6,7 mln nafar aholi qandli diabet va yurak qon-tomir kasalliklarini erta aniqlash boʻyicha skriningdan oʻtkazilgan.

Ayniqsa, koʻkrak bezi saratonini erta bosqichlarda aniqlash 28,5 foizga, bachadon boʻyni saratonini aniqlash 10,5 foizga ortib, erta bosqichda aniqlanganlar 75 foizga yetdi.

Davlat tibbiy sugʻurtasi joriy etilayotgan hududlarda kasalliklarni ambulator davolash uchun shifokor tomonidan rasmiylashtirilgan elektron retsept asosida dorixonalar tomonidan dori vositalarini bemorlarga bepul berish tizimi (reimbursatsiya) joriy etildi.

Shuningdek, tez tibbiy yordam shoxobchalari 1766 taga, tez tibbiy yordam brigadalari esa 2838 taga yetkazildi. Bu orqali tez yordamning kechikish vaqti shaharlarda 20 baravargacha qisqarishiga hamda tez tibbiy yordam shoxobchalarining xizmat koʻrsatish radiusi 25-30 kmdan 9-12 kmga kamayishiga erishildi. Zamonaviy reanimatsiya mashinalari soni 510 taga yetkazildi.

2024 yil 1 iyuldan boshlab onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarga chalingan 18 yoshdan 21 yoshgacha boʻlgan bemorlar Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Bolalar milliy tibbiyot markazi va hududlardagi tibbiyot muassasalarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarining bolalar gematologiyasi va onkologiyasi boʻlimlarida, shuningdek, boshqa tibbiyot tashkilotlarida bepul davolanishni davom ettirishi belgilandi.

Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining oʻrin-joy fondi 180 tadan 250 tagacha kengaytirildi. Ushbu markazda yuqori samarali klinik protokollarini joriy etish, uning infratuzilmasini takomillashtirish va jihozlash, kadrlar salohiyatini oshirishga 51 mln doll. yoʻnaltirish koʻzda tutildi.

Respublika onkologiya markazining ilgʻor uskunalar bilan jihozlangan yangi majmuasi foydalanishga topshirildi.

Umumiy qiymati qariyb 1,2 trln soʻm boʻlgan loyiha asosida barpo etilgan markazning yangi binolari 80 mln dollarlik eng zamonaviy tibbiy-asbob uskunalar bilan jihozlandi. Markazda 650 ta statsionar va 80 ta kunduzgi statsionar oʻrinlari mavjud. Shuningdek, bu yerda bir kunda 500 nafar bemor ambulator sharoitda davolanishi mumkin.

5,3 gektar maydonda qad rostlagan ushbu ulkan majmua Yevropa va AQSh standartlari asosida tashkil etilgan 17 ta yangi klinik boʻlim, 16 ta jarrohlik xonasi, reanimatsiya va intensiv terapiya zallari, 9 ta bunkerdan iborat yadro tibbiyoti markazi, 80 nafar bemorga moʻljallangan ambulator kimyo terapiya boʻlimlarini oʻz ichiga oladi.

Onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarning yagona axborot bazasini oʻz ichiga olgan “kanser-registr” Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya markazi va uning hududiy filiallarida ishga tushirildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid