Jahon banki Oʻzbekistonga 3,5 mln dollar ajratadi
Mablagʻ Xorazmda quriladigan quvvati 100 MVt boʻlgan yangi quyosh elektr stansiyasi bilan bogʻliqdir.

Jahon banki Oʻzbekistonga 3,5 mln dollar ajratdi. Bu haqda bankning axborot xabarida maʼlum qilingan.
Jahon banki Oʻzbekiston uchun bank kafolati koʻrinishidagi 3,5 mln dollarlik moliyalashtirishni maʼqulladi.
Ushbu kafolat “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ davlat kompaniyasining quvvati 100 MVt boʻlgan yangi quyosh elektr stansiyasida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini xarid qilish boʻyicha toʻlov majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlaydi.
Xorazm viloyatidagi ushbu obʼektni qurish bilan Fransiyaning Voltalia kompaniyasi shugʻullanadi. Kompaniya ushbu obʼekt loyihasini ishlab chiqish, moliyalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilish uchun javob beradi.
Loyiha ishga tushirilgach, “Sarimay Foreign Enterprice LLC” stansiyada ishlab chiqariladigan elektr energiyasini “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ davlat kompaniyasiga sotadi. Bu ikki tomon oʻrtasida 25 yil muddatga elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi shartnomada nazarda tutilgan.
Quyosh elektr stansiyasini 2025 yil noyabr oyida ishga tushirish rejalashtirilgan. U 177 gektar maydonda joylashgan boʻlib, yiliga 240 gigavatt-soatdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqaradi.