Saratonga qarshi vaksina: ilmiy yutuqmi yoki yolgʻon umid?
Shu paytgacha mutlaqo davolash mumkin boʻlmagan xastaliklar roʻyxatiga kiritilgan ushbu makkor va xavfli kasallikni yengish mumkinmi oʻzi?
Saraton kasalligini davolashda individual yondashuvlar
Rossiyalik olimlar onkologiyada katta muvaffaqiyat arafasida turishibdi: individual mRNK-(matritsali Ribonuklein kislota) vaksinalarini ishlab chiqish saraton kasalligini davolashga yondashuvni oʻzgartirishni vaʼda qilmoqda. Har bemorga xos individual vaksinalar immunitet tizimiga saraton hujayralarini tanib olish va yoʻq qilishga yordam berish uchun moʻljallangan.
Vaksinani ishlab chiqish tarixi 2018 yilda N.N.Bloxin nomidagi Milliy tibbiy tadqiqot onkologiya ilmiy markazida boshlangan. Olimlar vaksinaning peptidli versiyasini yaratdilar va uning samaradorligini sichqonlarda sinab koʻrib isbotladilar. Bugungi kunda Gamaleya nomidagi tibbiy ilmiy tadqiqot markazi va P.A.Gersen nomidagi Moskva onkologiya instituti ham loyihada faol ishtirok etmoqda. Mazkur tadqiqotlar doirasida bemorga oid maʼlumotlarni tahlil qilish va oʻsmalarning antigenik profilini yaratish uchun sunʼiy intellektdan foydalaniladi. Ushbu yondashuv nafaqat xastalikning qaytalanish xavfini kamaytiradigan, balki turli saraton xastaliklarini davolash imkoniyatiga ega boʻlgan sensatsion vaksinalarni yaratish imkonini beradi.
Yangi vaksinaning taʼsir qilish tamoyillari
Saraton xastaligiga davo topishni daʼvo qilayotgan yangi texnologiyaning asosi mRNK boʻlib, maqsadli oʻsimta antigenlarini kodlab chiqadi. Rossiyada ishlab chiqilgan va sinovlar oldida turgan “Enteromiks” vaksinasi tanaga kiritilgandan soʻng, bemorning immun tizimi xavfli hujayralarni sogʻlom hujayralardan ajratishni oʻrganadi. Ushbu yondashuv birlamchi oʻsimtalarga ham, metastazalarga ham qarshi kurashish imkoniyatini tugʻdiradi.
Maʼlumot oʻrnida aytish lozim, saraton hujayralari aslida insonning oʻz hujayralari. Biroq ular turli sabablar – kanserogen moddalar va zaharlanish taʼsirida, asabiy va autoimmun sabablar hamda irsiy meros oqibatida “miyasi aynib qolgan”, yaʼni tabiiy rivojlanish dasturi buzilgan hujayralardir. Bu hujayralar goʻyoki oʻzini chopon bilan oʻrab oladi va immun tizimimiz uni oʻziniki deb oʻylaydi, yoʻq qilishga loyiq dushman deb hisoblamaydi. Saratonga qarshi yaratilayotgan vaksinalarda hozirgi davrda qoʻllanilayotgan uslub – ana shunday zararli hujayralarning choponini yechib tashlashga asoslangan. Boshqacha qilib aytganda, vaksina saraton hujayralarnini kodlab chiqib, ularning “dushmanligini” fosh qiladi. Keyin immun tizimi ularni yoʻq qila boshaydi.
Biroq olimlar bu tadqiqotlar davomida koʻplab muammolarga duch kelishmoqda. Xususan, har bir bemorga xos individual vaksinani yaratish koʻp vaqt talab etadi. Hozircha bu jarayon bir oy davom etadi, bu esa davolashning samarasini chippakka chiqaruvchi qoniqarsiz vaqt oraligʻi hisoblanadi. Olimlar bu jarayonga ketadigan vaqtni kamaytirish ustida ishlamoqda.
Xalqaro kontekst
Darhol qayd etish lozimki, Rossiya – saratonga qarshi vaksinalar ishlab chiqayotgan yagona davlat emas. Misol uchun, Buyuk Britaniyada shu yilning may oyida shunga oʻxshash preparatlarning klinik sinovlarini oʻtkazish boshlandi. AQShda esa bunday preparatlarni odamlarda sinab koʻrish boshlangan. Natijalar anchayin umbaxsh – melanomaga qarshi qoʻllanilganida, sobiq bemorlarda 3 yildan buyon qayta kasalanish kuzatilmagan. Jumladan, Moderna kompaniyasi COVID-19 uchun vaksina yaratishda qoʻllaniladigan texnologiyalardan foydalanmoqda. Individual vaksinalar allaqachon ijobiy natijalarni koʻrsatmoqda: baʼzi melanoma (terining saraton xastaligi) bilan ogʻriyotgan bemorlar davolanganidan keyin kamida uch yil davomida xastalik qaytalanishiga duch kelishmagan.
Rossiyadagi sinovlar
Rossiyada sinovlar 2025 yilda boshlanadi. Buning uchun saraton bilan ogʻriganida odatiy – standart muolajalar foyda bermagan bemorlar ishtirok etish uchun tanlanadi. Preparat xavfsizligi va samaradorligi sinovdan oʻtkazilmoqda, ammo yakuniy natijalar bir necha yil davomida maʼlum boʻlmaydi. Biroq shifokorlar vaksina mavjud davolash usullarining oʻrnini toʻla bosuvchi emas, balki qoʻshimcha davolash chorasi boʻlishini taʼkidlashmoqda.
Qonunchilik va iqtisodiy jihatlari
Saratonga qarshi bunday vaksinalarni yaratish va ommaviy ishlab chiqarish qimmat jarayonligini unutmaslik lozim. Mazkur preparat bir dozasining narxi 300 ming rublga baholanmoqda. Ammo texnologiyalar rivojlanib borishi asnosida bu narxning pasayishi kutilmoqda. Rossiyalik bemorlar uchun emlash bepul boʻladi, bu esa qonunchilikni yangi paydo boʻlgan reallikka moslashtirish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishni talab qiladi.
Kelajakka yoʻl
Ruhantiruvchi ajoyib natijalarga qaramay, olimlar batamom nekbinlik kayfiyatiga berilgani yoʻq, ular bu boradagi orzu-maqsadlarga ehtiyotkorlik bilan yondashuvga chaqirishmoqda. Ayni sharoitda saratonning barcha turlariga mos keladigan vaksina yaratish juda mushkul ish. Hozirgi vaqtda tadqiqotlar asosan, keng tarqalgan va oʻlim holatlari yuqori boʻlgan melanoma, sarkoma va yoʻgʻon ichak saratoniga qaratilgan.
Shunga qaramasdan, saratonga qarshi vaksinalarni ishlab chiqish boshlangani – bu xavfli va halokatli xastalikka qarshi kurashda muhim qadam hisoblanadi. Biroq ulardan keng foydalanish nafaqat vaqtni, balki infratuzilma va tadqiqotlarga katta sarmoya kiritishni ham talab qiladi. Demakki, saratonga qarshi vaksina – shu paytgacha mutlaqo davolash mumkin boʻlmagan xastaliklar roʻyxatiga kiritilgan ushbu makkor va xavfli kasallikni yengishga umid ramziga aylanadi. Nafaqat Rossiyada, balki butun dunyodagi ilgʻor tibbiy tadqiqot markazlarida bu borada izlanishlar davom etayotgani esa bu umidning tez orada qatʼiy ishonchga aylanashiga olib kelsa, ajab emas.