Gruziya bosh vaziri mamlakat prezidentiga qamoq bilan tahdid qildi
Salome Zurabishvili vakolatini topshirishdan bosh tortmoqda.

Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili oʻz merosxoʻrini noqonuniy deb hisoblagani uchun lavozimini tark etishdan bosh tortmoqda. Bosh vazir Kobaxidze esa uni jinoiy javobgarlikka tortish bilan tahdid qilmoqda.
Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze Salome Zurabishvili mamlakat prezidenti lavozimini tark etishdan bosh tortsa, qamoqqa tushishi mumkinligini aytdi. Hukumat rahbari bu soʻzlarni 22 dekabr kuni gapirgan.
"29 kuni u isteʼfoga chiqishiga toʻgʻri keladi, koʻramiz, u oʻz hayotini qayerda davom ettiradi: panjara ortidami yoki ozodlikda, menimcha, u jinoiy kodeks meʼyorlarini buzmaslik uchun yetarli darajada ehtiyotkor boʻladi", deb Kobaxidzedan iqtibos keltiradi Gruziya Birinchi kanali.
“Yana bir bor takror aytaman: hech kim 72 yoshli ayolni qamoqqa tashlamoqchi emas, lekin u bu ssenariyda prezident qarorgohida oʻzi bilan birga boʻladigan barchani xavf ostida qoldiradi”, — deya qoʻshimcha qildi bosh vazir.
Eslatib oʻtamiz, Gruziyada saylov kollegiyasi Mixail Kavelashvilini mamlakat prezidenti sifatida saylagandi. Muxolifat saylovlarda qatnashmadi.
Salome Zurabishvili esa natijalarni tan olmay, vakolatini topshirishdan bosh tortmoqda. Bu esa mamlakatda navbatdagi siyosiy inqirozga sabab boʻlishi mumkin.
Bundan tashqari Zurabishvili muxolifat namoyishlarida qatnashib, uni faol qoʻllab-quvvatlamoqda.