Boykotlar: tarix va natijalar
Zamonaviy boykotlarga misol sifatida Isroil va Falastin, Coca-Cola hamda Oʻzbekistonni keltirish mumkin.
Boykot – bu bir guruh odamlar yoki hukumat maʼlum bir tashkilot, mamlakat yoki brend bilan aloqa qilishdan bosh tortgan holat koʻrsatadigan iqtisodiy yoki ijtimoiy bosim shaklidir. Bunga norozilik bildirish, siyosiy, iqtisodiy yoki ijtimoiy oʻzgarishlarni keltirib chiqarish maqsadida tovarlar va xizmatlarni sotib olish yoki madniy va boshqa tadbirlarda qatnashishdan bosh tortish kiradi.
Tarixiy kontekst
"Boykot" atamasi XIX asrda paydo boʻlgan. Boykot ijtimoiy va iqtisodiy izolyatsiya kampaniyasi muvaffaqiyatli olib borilgan irland mulk boshqaruvchisi Charlz Boykot nomi bilan bogʻliq. 1880-yillarda Irlandiya dehqonlarning oʻz huquqlari uchun kurash harakatini boshdan kechirdi. Ular ingliz zamindorlarining yuqori ijara haqi va ogʻir sharoitlariga boshqa chiday olmadi. Bunday iqtisodiy bosimga javoban dehqonlar va ularning tarafdorlari ingliz zamindorlarini boykot qila boshladilar, yaʼni ular bilan hamkorlik qilishdan bosh tortdilar.
Boykot fenomeni zamindor Boykotga qarshi faoliyat natijasida shunday nomlangan boʻlsa-da, biroq boykot tushunchasi bu voqeadan ancha oldin ham mavjud edi.
Qadimgi dunyoda boykot holatlari
Boykotlarning ilk misollarini Qadimgi Misrda topish mumkin, u yerda aholi katta soliq zulmiga qarshi norozilik sifatida oʻz majburiyatlarini bajarishdan bosh tortgan.
Yoki ishchilar yomon mehnat sharoitlari tufayli ehromlar qurilishida ishlashdan bosh tortganlar.
Qadimgi Rimda esa plebeylar patritsiylarni ularga siyosiy va iqtisodiy imtiyozlar berishga majburlash maqsadida bir necha bor ommaviy norozilik namoyishlari uyushtirganlar va shaharni tark etganlar.
XVIII asrdagi boykotlar
XVIII asrda boykot siyosiy bosim vositasi sifatida, ayniqsa, mustamlakachilik toʻqnashuvlari va mustaqillik uchun kurashlar sharoitida qoʻllanila boshlandi.
Bu davrning eng mashhur boykotlaridan biri – 1773 yilgi “Boston choy ziyofati” boʻlgan. Bu voqea mustamlakalarning Britaniya hukmronligi va uning soliq siyosatiga qarshi kurashi ramziga aylandi. Amerikaliklar Britaniya imperiyasi tomonidan joriy etilgan, choyga soliqlarga qarshi norozilik bildirib, ingliz tovarlariga boykot uyushtirdilar va Bostonda ular ingliz kompaniyasiga tegishli choy qutilarini shundoq dengizga tashlab yuborishdi. Bu voqea Amerika inqilobi va mustaqillik uchun kurashning boshlanishi uchun katalizator boʻldi.
Shuningdek, Buyuk Britaniyada abolitsionistlar tomonidan uyushtirilgan birinchi mashhur boykotlardan biri – Britaniya shakar boykoti (1791). U qullar mehnatidan foydalangan holda plantatsiyalarda ishlab chiqarilgan shakarga qarshi qaratilgan edi. Kampaniya bekor qilish harakati bilan birdamlik ramziga aylandi va isteʼmolchilarning xatti-harakatlari ijtimoiy oʻzgarishlarga qanday taʼsir qilishi mumkinligini koʻrsatdi.
XIX asrdagi boykotlar
Boykotning yanada uyushgan shakllari XIX asrda Yevropa va AQShda paydo boʻla boshladi. Oʻsha davrlarda boykot bu qitʼalar va mamlakatlarda siyosiy va ijtimoiy hayotning muhim qismiga aylandi. Bu davrda boykotlar koʻpincha adolatsiz soliqlar, ogʻir mehnat sharoitlari va ishchilar sinfi huquqlari uchun kurashda ishlatilgan.
Masalan, Amerikaning ayollar huquqlari uchun kurashi doirasidagi boykotlar ham ijtimoiy harakatlarning bir qismiga aylandi. Buyuk Britaniya va AQShdagi faol ayollar boykotdan foydalanib, ayollarning saylov huquqiga qarshi faollar bilan bogʻliq mahsulotlar yoki xizmatlarni sotib olishdan bosh tortib, oʻzlarining ovoz berish huquqlari uchun kurashdilar.
XX asrdagi boykotlar
XX asrda boykotlar fuqarolik huquqlari uchun, irqchilik, aparteid va ijtimoiy adolatsizlikning boshqa shakllariga qarshi kurashning muhim elementiga aylandi.
Gandi va Britaniya tovarlariga boykot (1920-yillar)
Hindiston mustaqilligi uchun kurash ingliz matolariga boykot qilishni oʻz ichiga olgan edi. Mahatma Gandi hindlarni mustamlakachilarga iqtisodiy qaramligini kamaytirish uchun anʼanaviy qoʻlda ishlangan kiyim kiyishga undadi.
Montgomeri boykoti
1955-1956 yillarda Alabama shtatining Montgomeri shahrida jamoat transportida irqiy segregatsiyaga javoban qora tanli amerikaliklar tomonidan avtobus boykoti uyushtirilgan. Roza Parks ismli qora tanli ayol oʻz oʻrnini oq yoʻlovchiga berishdan bosh tortgani uchun hibsga olinganida, shaharning qora tanli aholisi barcha avtobus qatnovlariga boykot uyushtirishdi. Bu harakat irqiy segregatsiya qonunlarining oʻzgarishiga olib keldi va fuqarolik huquqlari uchun kurash harakatida muhim rol oʻynadi.
Janubiy Afrikada aparteidga qarshi boykot
1980-yillarda xalqaro hamjamiyat qora tanli aholini kamsitishga qaratilgan aparteid tizimi mavjud boʻlgan Janubiy Afrika Respublikasiga qarshi boykot eʼlon qildi. Boykotlar sport tadbirlaridan tortib, savdo va investitsiyagacha boʻlgan koʻplab sohalarga sezilarli taʼsir koʻrsatdi. Xalqaro boykot 1990-yillar boshida aparteid rejimining qulashini tezlashtirgan omillardan biri boʻldi.
XXI asrda boykot
Zamonaviy dunyoda boykotlar nafaqat davlat idoralarini, balki global kompaniyalar va brendlarni ham qamrab oluvchi yangi shakl va koʻlamlarga ega boʻldi. Zamonaviy boykotlar koʻpincha ishchilar huquqlarini himoya etish, atrof-muhitni muhofaza qilish va yirik korporatsiyalarning axloqsiz xatti-harakatlariga qarshi kurashish kabi masalalarga qaratilgan.
XXI asrning eng mashhur boykotlaridan biri bu – Xitoy tovarlariga qarshi boykot boʻlib, Xitoyda inson huquqlarining buzilishi va qamoqxona mehnatidan foydalanish haqidagi daʼvolarga javoban uyushtirilgan. Bunda koʻpincha Xitoydagi uygʻurlar va musulmonlarni xitoylashtirish, tili va dinidan voz kechtirish maqsadida tashkil etilgan konslagerlardagi tutqunlar mehnati bilan ishlab chiqarilgan isteʼmol tovarlarini boykot qilishga chaqiradilar.
Shuningdek, 2022 yilgacha majburiy mehnat, jumladan, bolalar mehnatidan foydalanish tufayli oʻzbek paxtasiga boykot bu illatlarga barham berishga majburlaganini taʼkidlash lozim.
2009 yilda Cotton Campaign xalqaro nodavlat tashkiloti tashabbusi bilan Oʻzbekistonda yetishtirilgan paxta tolasiga boykot eʼlon qilindi. Boisi birinchi prezident davrida paxta majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalangan holda yetishtirilib, terib olinar edi.
Gʻarb kompaniyalari “korporativ ijtimoiy masʼuliyat” (Corporate Social Responsibility) talablariga rioya etishi sababli, inson huquqlari qoʻpol buzilishi evaziga yetishtirilgan bunday mahsulotdan foydalana olmasdi. Natijada Adidas, Amazon, Burberry, Disney, Gap, Gucci, Ikea, Lacoste, Nike, Puma, Uniqlo, Zara kabi 331 ta mashhur brend va riteylerlar Oʻzbekiston paxtasi va paxta mahsulotlariga boykot eʼlon qilib, ularni sotib olmaslikka kelishib olishdi. Ular oʻz taʼminot zanjirlarini oʻzgartirib, paxta tolasini boshqa taʼminotchilardan sotib olishni yoʻlga qoʻydi.
2016 yilda Oʻzbekiston yangi maʼmuriyatining demokratik islohotlari natijasida bolalar va majburiy mehnatga chek qoʻyildi. Bunday oʻzgarishni inobatga olgan xalqaro iqtisodiy hamjamiyat 2022 yil mart oyiga kelib, oʻzbek paxtasiga boykotni bekor qildi.
Nike boykoti (1990-yillar) – kompaniya zavodlarida bolalar mehnatidan foydalanishga qarshi kampaniya boʻldi. Bu Nike kompaniyasini ishlab chiqarish jarayonlarini qayta koʻrib chiqishga va shaffofroq standartlarni joriy etishga majbur qildi.
BP (British Petroleum) boykoti (2010) – kompaniya tankerlarida biri neftni dengizga agʻdarib yuborib, Meksika koʻrfazidagi ekologik halokatga sabab boʻlganiga javoban boshlangan boykot. Natijada doimiy mijozlar ommaviy ravishda ushbu kompaniya xizmatlaridan voz kechishdi, bu esa uning daromadlari va obroʻsiga putur yetkazdi.
Isroilning Falastin xalqini genotsid qilayotgani bilan bogʻliq boykot
Soʻnggi yillarda Isroilni qoʻllab-quvvatlashga hissa qoʻshayotgan kompaniyalarning tovarlari va xizmatlarini boykot qilish eng koʻp muhokama etiladigan mavzulardan biriga aylandi. Dunyo boʻylab keng koʻlamda tarqalgan BDS (Boycott, Divestment, Sanctions) kampaniyasi Isroil mahsulotlari va Isroil bilan hamkorlikda biznes yurituvchi xalqaro korporatsiyalarni bu davlatning Falastinga nisbatan siyosatiga norozilik sifatida boykot qilishga chaqiradi. Ushbu kampaniya bir qator kompaniyalar uchun sezilarli iqtisodiy oqibatlarga olib keldi:
SodaStream – Isroilning gazlangan ichimliklar ishlab chiqaruvchisi boʻlib, oʻz ishlab chiqarish quvvatlarini Falastindagi hududlarda joylashtirgani uchun boykot qilingan. Zavod koʻchirilganiga qaramay, bu boykot tufayli kompaniya obroʻsini va daromadlarini yoʻqotdi.
HP – Isroilning Falastin hududlarida nazorat qilish tizimini oʻrnatishda hamkorlik qilgan Amerika kompaniyasidir. HP mahsulotlarini boykot qilish baʼzi hududlarda kontraktlarning qisqarishiga olib keldi.
Airbnb – Falastinga tegishli, biroq Isroil bosib olgan bahsli hududlarda ijara roʻyxatini joylashtirgani uchun tanqid ostiga olindi. Siyosatni oʻzgartirishga urinishlariga qaramay, kompaniya norozilik kampaniyasi oqibatida ortiqcha xarajat va tashvishlarga duchor boʻldi.
Zero, bunday boykotlar kattagina iqtisodiy zarar keltirishi mumkin. Masalan, 2024 yil dekabr oyi holatiga koʻra, Isroilni qoʻllab-quvvatlovchi kompaniyalar, ularga qarshi boykotlar bois iqtisodiy daromad va obroʻsini yoʻqotdi.
Aytayik, McDonald's Isroilga boykotni qoʻllab-quvvatlovchi mamlakatlarda – arab davlatlari va Yevropaning bir qismida sotuvlar kamayganini maʼlum qildi. 2024 yilning ikkinchi va uchinchi choragida daromad 8 foizga pasaydi.
Starbucks Yaqin Sharqdagi daromadining 12% gacha yoʻqotdi, Coca-Cola esa boykotni faol qoʻllab-quvvatlayotgan mamlakatlardagi sotuvlari 10% ga kamayganini eʼlon qildi.
Ushbu maʼlumotlar boykotlar hatto dunyodagi eng yirik korporatsiyalarga ham jiddiy iqtisodiy bosim oʻtkazishi mumkinligini koʻrsatadi.
Boykot natijalari
Boykot natijalari boykotning mazmuni va koʻlamiga qarab ijobiy yoki salbiy boʻlishi mumkin.
Ijobiy natijalar
Boykotlar koʻlami kengaysa, nishonga olingan subʼektlar oʻz nomaqbul siyosatlarini oʻzgartirishga majbur boʻlishi mumkin. Muvaffaqiyatli boykotning namunasi Montgomeri avtobus boykotidir, bu irqiy segregatsiyaga qarshi kurashda muhim qadam boʻlgan edi. Yana bir eʼtiborga molik misol, Janubiy Afrikadagi aparteidga qarshi boykot boʻlib, bu mamlakat hukumatiga bosim oʻtkazishda samarali boʻldi.
Salbiy natijalar
Baʼzi hollarda, boykot kompaniya uchun iqtisodiy yoʻqotishlar tufayli mahsulot sifatining pasayishiga, shuningdek, olib borilayotgan siyosat uchun javobgar boʻlmaganlar uchun ish joylarini yoʻqotish va turmush sharoitlarining yomonlashishiga olib kelishi mumkin. Boykotlar, shuningdek, xalqaro munosabatlarning yomonlashuviga yoki izolyatsiyaning kuchayishiga olib kelishi mumkin, bu esa mavjud muammolarni hal etishga xizmat qilmaydi.