"Biznesni rivojlantirish banki"ga jarima belgilandi
Bank reklamalarida kreditning muhim shartlari, shu jumladan, foiz stavkalarining aniq sharti, toʻlov muddati va boshqa talablar qayd etilmagan.

"Biznesni rivojlantirish banki"ga nisbatan jarima qoʻllanildi.
Raqobat qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan monitoringlar natijasida reklama qonunchiligi buzilish holatlari aniqlandi.
Jumladan, oʻtkazilgan monitoringlarda Toshkent shahrida joylashgan reklama monitorlarida, shuningdek internet platformasida “BIZNESNI RIVOJLANTIRISH BANKI” ATB tomonidan taqdim etilgan kreditlar haqidagi maʼlumotlarda qarz shartlari toʻliq va aniq koʻrsatilmagan.
Jumladan, “Biznesga 1,5 milliard, yillik 17,5 foiz” va “Ot 17% godovыx, ipoteka na kvartiru v novostroyke” kabi mazmunidagi reklamalarda kreditning muhim shartlari, shu jumladan, foiz stavkalarining aniq sharti, toʻlov muddati va boshqa talablar qayd etilmagan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan Qoʻmita Maxsus komissiyasi tomonidan “BIZNESNI RIVOJLANTIRISH BANKI”ga nisbatan “Reklama toʻgʻrisida”gi hamda “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunlarining tegishli moddalari talablari buzilishi yuzasidan ish qoʻzgʻatilib, ishni koʻrib chiqish yakunlari yuzasidan moliyaviy jarima qoʻllash yuzasidan qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik yuzasidan koʻrsatma berildi, deyiladi xabarda.