AQSh Tramp hokimiyatga kelgan kundayoq JSSTdan chiqib ketishi mumkin
Qoʻshma Shtatlar xalqaro tashkilotning eng yirik donoridir, Vashington 2022-2023 yillarda JSST xarajatlarining 16 foizini moliyalashtirdi.

AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning jamoasi uning inauguratsiyasi sanasi, 20 yanvar kuni mamlakat Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) tarkibidan chiqishini eʼlon qilmoqchi. Bu haqda Financial Times xabar bermoqda.
Respublikachilar vakillari sogʻliqni saqlash sohasi mutaxassislariga ana shunday niyat haqida gapirib berishdi. Ular bu qadam global sanoat uchun "halokatli" oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirdi, deb yozadi gazeta. Qoʻshma Shtatlar xalqaro tashkilotning eng yirik donoridir, Vashington 2022-2023 yillarda JSST xarajatlarining 16 foizini moliyalashtirdi.
Vashingtondagi Jorjtaun universiteti professori Lourens Gostinning taʼkidlashicha, AQShning JSSTdan chiqishi global sogʻliqni saqlashni moliyalashtirishda "katta boʻshliqni" vujudga keltiradi, uni boshqa davlat toʻldirishi qiyin.
"Tashkilot qiyinchiliklarga duch keladi va ilmiy xodimlarini sezilarli darajada qisqartirishga majbur boʻladi", deya ogohlantirdi u.
2020 yilda, birinchi muddati davomida Tramp JSSTdan chiqish jarayonini boshlagan edi. Keyin respublikachi tashkilotni moliyalashtirishni toʻxtatib, uni COVID-19 tarqalishi sababli notoʻgʻri ishlarda ayblab, tashkilot Xitoy nazorati ostida ekanligini aytdi. 2021 yilda Trampning oʻrniga prezidentlik lavozimini egallagan Jo Bayden lavozimga kirishganidan keyin bir necha soat ichida JSSTdan chiqish buyrugʻini bekor qildi.




