Subway Surfers: devordagi graffitidan – global sensatsiyagacha
Bu shunchaki oʻyin emas – avloddan-avlodga oʻtadigan va yaratilganidan keyin 12 yil oʻtib ham dolzarbligicha qoladigan fenomen. Qanday qilib oddiy yuguruvchi barcha davrlarning eng koʻp yuklab olingan oʻyinlaridan biriga aylandi?
Har qanday kompyuter yoki mobil oʻyinini vaqtni chogʻ oʻtkazish va muammolardan chalgʻish uchun ajoyib vosita deya taʼriflash mumkin. Lekin ishoning, bu borada hech bir oʻyin Subway Surfers oʻyini oldida “ip esha olmaydi”.
Har yili mobil platformalarda yuzlab yangi oʻyinlar paydo boʻladi. Baʼzilari yalt etib, yonib chaqnasa-da, xuddi uchar yulduz kabi tez oʻchadi. Boshqalari esa millionlab oʻyinchilarning telefonlaridan, ehtimol qalbidan ham mustahkam joy egallaydi.
Ammo faqat sanoqli oʻyinlar haqiqiy afsonaga aylanib, oʻnlab yillar davomida mashhurligini saqlab qoladi. Subway Surfers – aynan shunday oʻyinlar sirasidan. Bu shunchaki oʻyin emas – avloddan-avlodga oʻtadigan va paydo boʻlganidan keyin 12 yil oʻtib ham dolzarb boʻlib qoladigan fenomen. Qanday qilib oddiy yuguruvchi barcha davrlarning eng koʻp yuklab olingan oʻyinlaridan biriga aylandi?
Afsonaning boshlanishi: graffiti va erkinlik
2012 yilda koʻplab mobil oʻyinlari allaqachon dunyoni ishonch bilan zabt eta boshlagan edi. Angry Birds va Temple Run muvaffaqiyati shuni koʻrsatdiki, oʻyindagi oddiy va qiziqarli mexanika bilan katta auditoriyani jalb etish mumkin ekan. Biroq hatto shunday shiddatli raqobat fonida ham Subway Surfers oʻzini boshqalardan koʻra koʻproq tan olishlariga muvaffaq boʻldi.
Subway Surfers oʻyinining vatani Daniya boʻlib, uning yaratuvchilari – SYBO Games studiyasi va noshiri – Kiloo Games hisoblanadi. Qizigʻi shundaki, Subway Surfers oʻyin sifatida emas, balki animatsion konsept sifatida dunyoga kelgan. Yosh dizayn-dasturchilar koʻcha madaniyati ruhini – graffiti, politsiyadan qochish va oʻz vijdoniga sodiq qolish jurʼatini aks ettirishni istashdi. Jamoa bu konseptni shunchalik yaxshi koʻrib qolishdiki, uni mobil platformalarga koʻchirishga qaror qilishdi. Oʻyin Unity muhitida dunyo yuzini koʻrdi.
2012 yil 24 mayda Subway Surfers oʻyini iOS va Android platformalariga chiqarildi. Oʻshanda poyezd relslari boʻylab yuguradigan va poyezdlar bilan toʻqnashuvdan qochadigan, cheksiz yugurib yuradigan bosh qahramon Jeyk millionlab odamlarning ongini zabt etishini hech kim tasavvur qila olmagan. Ammo aynan erkinlik va cheksiz yugurish muhiti Subway Surfers’ni oʻziga xos jixati sifatida mashhur qildi.
Afsona haqidagi afsona
Subway Surfers yaratilishi sabablari haqida ayrim afsonalar ham bor. Masalan, internetda bu oʻyin haqida bir mish-mish tarqaldi: SYBO Games kompaniyasining hammuassisi va bosh direktori Matias Gredel Norvigning oʻgʻli poyezd relslarida skeytda sayr qilib yurganida poyezd urib ketgan emish. Dasturchi oʻgʻlining xotirasiga shu oʻyinni yaratgan emish. Oʻyinning hech tugamasligi, qahramon Jeykning toʻxtamasdan yugurishi, qahramonni poyezd urib ketsa, oʻyinning toʻxtab, boshidan boshlanishi shu qaygʻuli voqeaga ishora emish.
Manbalarga koʻra, oʻyin muallifi oʻz intervyularidan birida buni rad etgan. U koʻcha sanʼati va skeytbordingdan ilhomlanib oʻyinni yaratganini aytgan.
Tashrif kartasiga aylangan mexanika
Bir qarashda, Subway Surfers oʻyini juda oddiy. Oʻyinchi qahramoni syorfing taxtasi va boʻyoq purkagich koʻtarib yuguruvchi oʻspirin. Jeyk shafqatsiz inspektor va uning qoʻrqinchli itidan metro relslari boʻylab qochib yuradi. Toʻqnashuvlarning oldini olish uchun oʻyinchi poyezdlardan ehtiyot boʻlishi, toʻsiqlardan sakrab oʻtishi va ayrim toʻsiqlar ostida sirpanib oʻtishi lozim.
Biroq oʻyindagi oddiylik – aldamchi manyovr. Oʻyin davom etgani sari qiyinlashib va tezlashib boraveradi. Subway Surfers oʻyinchini reaksiya ustida ishlashga, xotira va diqqatni rivojlantirishga majbur qiladi. Yigʻilgan tangalar, bonuslar va maxsus topshiriqlar kabi koʻplab kichik narsalar har bir oʻyinni boshqalaridan qiziqroq qiladi.
Subway Surfers – bu ritm haqida. Ajoyib saundtrek, joʻshqin vizual tasvirlar va tez surʼatlardagi oʻyin sizni abadiy harakatda ekaningizni his qildiradi. Va hatto oʻyin tugagach, "bundan ham uzoqroq yugurish" istagi tinchlik bermaydi.
Dunyo boʻylab sayohat: World tour
Oʻyin chiqarilganidan bir yil oʻtgach, 2013 yilda ishlab chiquvchilar dunyo boʻylab sayohatni (World tour) boshladi – oʻyin turli shaharlar va mamlakatlarga "sayohat qiladigan" bir qator yangilanishlarga ega boʻldi. Yaʼni mavsumda biror katta shahar tanlanib, oʻyindagi dekoratsiya va fon shu shaharga muvofiq chizilgan boʻladi. Bu yangilik juda muvaffaqiyatli chiqdi.
Har bir yangilanish yangi atmosfera va uslubni olib keladi. Masalan, Nyu-Yorkda relslar oʻyinchini osmonoʻpar binolar va Ozodlik haykali oldidan olib oʻtadi, Tokioda esa sakura gullari va yapon chiroqlari fonida yugurasiz. Rio-de-Janeyroda oʻyin karnavalning yorqin ranglari bilan bezatilgan va Moskvada rus madaniyati va meʼmorchiligi elementlarini koʻrishingiz mumkin.
Har bir lokatsiya shunchaki vizual "oʻram" emas. Ishlab chiquvchilar mahalliy koloritni aks ettiruvchi yangi belgilar, syorfing taxtalari va kostyumlarni qoʻshmoqda. Masalan, Hindistonda yangilanish paytida anʼanaviy hind libosida kiyingan qahramon Jaya paydo boʻldi va Berlinda tarixiy Berlin devorini eslatuvchi graffiti chizilgan zamonaviy syorfing taxtasini ochishingiz mumkin.
World Tour tufayli oʻyin har doim yangi va qiziqarli boʻlib qolmoqda. Bu har oy yangi sarguzashtga oʻxshaydi: hatto Subway Surfers oʻyinini yillar davomida oʻynagan boʻlsangiz ham, yangi lokatsiya sizni yana oʻyinga qaytaradi.
Timsollar va qahramonlar
Subway Surfers – bu shunchaki Jeyk emas. Oʻyin olamida yillar davomida koʻplab yorqin va esda qolarli qahramonlar paydo boʻldi: Triki – beysbolka kiygan jasur qiz, Fresh – magnitofon koʻtarib olgan va xip-xop musiqasining muxlisi boʻlmish qora tanli oʻsmir, Yutani esa – oʻzga sayyoralik kostyumidagi ajoyib ixtirochi qiz.
Har bir timsol oʻziga xos arxetip va madaniyatni ifodalaydi. Ushbu timsollar oʻzini ifodalashning yorqin timsoliga aylandi, chunki oʻyin dastlab koʻcha madaniyati va oʻsmirlar isyonkorligiga hurmat sifatida yaratilgan.
Nega Subway Surfers hamon mashhur?
Subway Surfers oʻyini oʻz tomoshabinlari bilan birga oʻsib borish mumkinligiga yorqin misol hisoblanadi. 12 yil davomida ishlab chiquvchilar yangilanishlarni chiqarishni, grafikani yaxshilashni va yangi xususiyatlarni qoʻshishni kanda qilishmadi.
Bundan tashqari, oʻyin hayotning zamonaviy ritmiga mukammal moslashtirilgan. Bu koʻp vaqtni talab qilmaydi – bitta oʻtish bir necha daqiqa davom etishi mumkin. Va murakkab mexanikaning yoʻqligi bu oʻyinni har qanday joyda oʻynashga imkon beradi: avtobusda, metroda yoki ishlar orasidagi qisqa tanaffusda oʻynash mumkin.
Raqamlar gapirganda
Bu oʻyin haqida yaxshiroq tasavvur olish uchun raqamlarga murojaat qilish mumkin.
- 2017 yilda Subway Surfers oʻyini Google Play’da yuklab olishlar soni oʻyicha 1 milliarddan oshgan eng birinchi oʻyin boʻldi.
- 2024 yil holatiga koʻra, jami yuklab olishlar 2,7 milliarddan oshadi.
- Subway Surfers chiqarilganidan keyin 12 yil oʻtib, eng mashhur mobil oʻyinlar roʻyxatida qolmoqda.
Subway Surfers kelajagi
Subway Surfers ommaviy madaniyatga ham taʼsir koʻrsatdi. 2018 yilda ushbu oʻyin motivlari asosida Subway Surfers: The Animated Series multseriali namoyish etila boshladi. 2019 yilda esa ushbu multserialning oxirgi – 11-qismi efirga chiqdi.
Hech shubhasiz, Subway Surfers iqtidorli jamoa oddiy konsepsiyani global sensatsiyaga aylantira olishiga misol sifatida tarixda qoladi. Bugungi kunda SYBO Games oʻyinni rivojlantirishda davom etmoqda, yangi lokatsiyalar va timsollar qoʻshmoqda. Bundan tashqari, studiya Subway Surfers olamida animatsiya va boshqa loyihalarni tajribadan oʻtkazmoqda.
Koʻpchilik Subway Surfers nafaqat oʻyin, balki butun bir davr timsoli ekaniga ishonishadi. U avlodlarni birlashtiradi, bolalarga ham, kattalarga ham tegishli narsalarni taklif etadi.
Xulosa qilib aytganda, Subway Surfers bu shunchaki relslarda yugurish emas. Bu erkinlik, ijodkorlik va oʻzingiz boʻlish istagining timsolidir. Va oʻyinchilar uzoqroq va uzoqroq yugurishayotganda, oʻyin cheksiz sayohatini davom ettiradi. Zero, Subway Surfers dunyosida toʻxtab qolmaslik – oldinga intilish muhim. Oʻyin shu jihati bilan hayotga ishtiyoq va joʻshqinlikni ragʻbatlantirib turadi.
Abulfayz Sayidasqarov