Protez turlari salkam 2, unga ajratilgan pul 1,5 baravar oshirildi
Nogironligi bor shaxslar zarur vositalarni elektron tarzda oʻzlari tanlab olishlari mumkin.

Mahalla darajasida 12 toifadagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlar va yordamlar koʻrsatish tizimi yaratildi.
Nogironligi boʻlgan shaxslarga koʻmaklashish, jamiyatga integratsiya qilish, sifatli protez-ortopediya va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlash tizimi takomillashtirildi.
Protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari turlarini 18 tadan 30 taga, qoplab beriladigan mablagʻlar miqdori oʻrtacha 1,5 baravargacha oshirildi. Eng muhimi – insonlar zarur vositalarni elektron tarzda oʻzlari tanlab olishlari mumkin.
Bunda muhtoj shaxslarga vaucherdan (davlat tomonidan qoplab beriladigan mablagʻdan) foydalangan holda elektron tijorat orqali tegishli protez moslamasi yoki reabilitatsiya vositasini oʻz tanloviga koʻra bevosita oʻzi, qonuniy vakili yoki ijtimoiy xodimlar koʻmagida xarid qilish imkoni yaratildi.
Nogironligi boʻlgan shaxslarga koʻmaklashish, jamiyatga integratsiya qilish, sifatli protez-ortopediya va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlash tizimi takomillashtirildi.
– Har bir oila va inson taqdiriga alohida, professional yondashish lozim. Ijtimoiy xizmat toʻgʻri yoʻlga qoʻyilsa, ehtiyojmand fuqarolar jamiyatda oʻz oʻrnini topadi, – deydi Shavkat Mirziyoyev.
Respublika boʻyicha 66 ta ixtisoslashtirilgan maktabgacha va maktab taʼlim tashkilotlarida nogironlikning ogʻir turlariga ega bolalar uchun “Gʻamxoʻrlik” guruhlari tashkil etildi. Mazkur guruhlarga 500 dan ortiq ogʻir turdagi nogironligi boʻlgan bolalar yoʻnaltirilgan.
2021 yildan hozirga qadar 2481 ta yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar davlat tomonidan uy-joylar bilan taʼminlandi (418 mlrd 988 mln soʻm mablagʻlar sarf etilgan). Joriy yilda shu maqsadda davlat byudjetidan 140 mlrd soʻm, Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasidan esa 42 mlrd soʻm, jami 182 mlrd soʻm mablagʻlar ajratildi.
Joriy yilda 775 nafar bolalar uy-joy bilan taʼminlandi va yil soʻngiga qadar yana 15 nafar bolaning turarjoylar bilan taʼminlanishi rejalashtirilgan.
Tazyiq va zoʻravonlikka uchragan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish amaliyoti tubdan oʻzgartirildi. Tazyiqqa uchraganlarga uch bosqichli “mahalla-tuman-viloyat” tamoyili asosida kompleks ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimi joriy qilindi. Endilikda tazyiq holati doimiy oʻrganilib, kuzatib boriladi, himoya orderi talab qilmasdan ijtimoiy xizmatlar koʻrsatiladi, ariza talab etmagan holda boshpana va chuqur reabilitatsiya qilish uchun psixologik va huquqiy xizmatlar koʻrsatiladi.
2024 yil 1 maydan boshlab reyestrga kiritilgan yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga har oylik uy-joy kommunal xizmatlarga toʻlash boʻyicha kompensatsiya hamda oziq-ovqat mahsulotlari va shaxsiy gigiyena tovarlari uchun har oyda qoʻshimcha pul toʻlovlari oʻrniga yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun 648 ming soʻmlik moddiy yordam joriy etildi.
Maʼlumot oʻrnida:
2020 yilning boshida Oʻzbekiston hukumati va BMT agentliklari tomonidan aholini ijtimoiy himoya qilishni mustahkamlash boʻyicha BMT qoʻshma loyihasi yoʻlga qoʻyildi. Asosiy maqsad – nogironligi bor katta yoshdagilar va bolalarni oʻz ichiga oladigan barcha Oʻzbekiston fuqarolarini butun hayotlari davomida ijtimoiy himoyaning sifatli xizmatlaridan foydalana olish imkoniyati bilan taʼminlash.
Mazkur loyihadagi uchta eng ustuvor yoʻnalishlardan biri, bu ijtimoiy himoya boʻyicha yagona davlat koordinatsion mexanizmini yaratish hisoblanadi.
Ijtimoiy himoya tizimi turli vazirlik va idoralar orasida tarqoq holda ekanini va ularning hech biri ushbu sohada koordinatsiya, integratsiya va yagona davlat siyosatini amalga oshirishga javobgar emasligini koʻrsatdi. Ijtimoiy himoya tizimini rivojlantirish boʻyicha muvofiqlashtirilgan strategiya va yagona qarash mavjud emas.
Har bir idora tarkibida vertikal tashkiliy tuzilma yoʻlga qoʻyilganiga qaramay, turli davlat organlari oʻrtasida gorizontal kommunikatsiya yoʻq, va bu ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi guruhlariga taqdim etilayotgan ijtimoiy xizmatlarning amaliyligi, qamrab olinishi va sifatini sezilarli darajada pasaytirmoqda. Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaning rasmiy qabul qilingan taʼrifi ham, hozirgi vaqtda mavjud turli dasturlarni boshqarish, koordinatsiya qilish va ishlab chiqish uchun ixtisoslashtirilgan yagona organ ham yoʻq edi.
Ijtimoiy himoya tizimining tarqoqligi oxir-oqibat bir xil vazifalarning turli idoralar tomonidan takrorlanishi, mablagʻlarning samarasiz sarflanishi, ijtimoiy himoya va nafaqalar bilan qamrab olish darajasining pastligi, aholining zaif qatlamlari haqida yagona maʼlumotlar bazasi va statistik maʼlumotlarning yoʻqligiga olib keladi.
Ijtimoiy himoya tizimi samaradorligi va manzilliligini oshirish orqali ijtimoiy himoyani mahalla darajasigacha tashkil etish boʻyicha tizimli islohotlar amalga oshirildi.
Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasi yangi bosqichga olib chiqilib, yagona markazlashgan tizim sifatida shakllantirildi.
Respublikaning 208 ta tuman(shahar)larida “Inson” markazlari va har bir mahallada ijtimoiy xodimlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.