Oʻzbekiston yalpi ichki mahsulotini 120 mlrd dollarga yetkazish reja qilinmoqda
2025 yilda elektr energiyasining onlayn ulgurji bozori ishga tushadi, 1 yanvardan boshlab yer yoki davlat mulki QQSsiz sotiladi. Bu haqda prezident yigʻilishida maʼlum qilingan.

Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha joriy yil yakunlari va 2025 yilga asosiy rejalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi hamda yetakchi tadbirkorlar bilan muloqot boʻlib oʻtmoqda.
Soʻnggi yillarda iqtisodiyotimizda pul koʻpaygani, investitsiya loyihalarini barqaror moliyalashtirishning mustahkam asosi yaratilgani taʼkidlandi.
Jumladan, korxonalarning banklardagi mablagʻlari 20 trillion soʻmga oshib, 107 trillion soʻmga yetdi. Aholi omonatlari ham 25 trillion soʻmga koʻpayib, 105 trillion soʻm boʻldi.
Yil yakuni bilan ajratilgan jami kreditlar 275 trillion soʻmni tashkil qiladi. 2025 yilda bu 300 trillion soʻmdan oshishi hisob-kitob qilingan.
Korxonalarni barqaror energiya bilan taʼminlash uchun elektr ishlab chiqarish 82 milliard kilovatt-soatga yetdi.
Bu yil ishga tushgan 6,3 milliard dollarlik 17 ta yirik “yashil” va yangi texnologiyaga asoslangan energiya quvvatlari hisobiga kelgusi yilda qariyb 90 milliard kilovatt-soat elektr ishlab chiqariladi.
Bu ishlar davom ettirilib, 2025 yilda yana 6,4 milliard dollarlik 25 ta loyiha doirasida 4,8 gigavatt yangi quvvatlar barpo etiladi.
Endi energiya sohasida ham raqobatli bozorga oʻtish vaqti kelgani qayd etildi. Hozirgi kunda yurtimizda mustaqil energiya ishlab chiqaruvchilar soni 24 taga yetdi. Ilk bor 2025 yilda elektr energiyasining onlayn ulgurji bozori ishga tushadi.
Kelgusi yilda mehmon oʻrinlari yana 30 mingga oshadi. Tadbirkorlar bunga 10 trillion soʻm investitsiya kiritishga tayyor.

Bu yil ishga tushgan 17 ta yirik savdo va turistik maskanga qoʻshimcha yana 25 ta shunday majmua qoʻshiladi.
Boʻstonliqda 10 milliard dollarlik “Sea Breeze” nomli yirik markaz qurilishini boshlashga kelishib olindi.
Shuningdek, mamlakatimizga dunyoni nufuzli Swissôtel, Sheraton, Ritz-Carlton, Novotel, Pullman, Marriott, ibis, Mercure kabi 23 ta mehmonxona brendlari kirib kelayapti.
Prezident mintaqadagi eng qulay va jozibador biznes muhitini saqlab qolish uchun barqaror soliq siyosati davom ettirilishini taʼkidladi.
Jumladan, hayotiy zarur xarajatlarni moliyalash uchun byudjet tushumlari qanchalik zarur boʻlmasin, asosiy soliqlar boʻyicha stavkalar oʻzgarmaydi.
Shuningdek, 1 yanvardan boshlab yer yoki davlat mulki QQSsiz sotiladi, mobil aloqa uchun aksiz soligʻi (10 foiz) bekor qilinadi.
Shahar chegarasidagi qishloq yerlariga 2 karra yer soligʻini hisoblash toʻxtatiladi. Nashriyot korxonalari foyda soligʻini toʻlashdan 5 yilga ozod etiladi.
Bundan tashqari, IT-park rezidentlariga barcha turdagi soliqlarni toʻlashdan ozod etish boʻyicha imtiyozlar 2040 yilgacha uzaytiriladi.
Xususiy maktab va bogʻchalar, xorijiy oʻqituvchi va mutaxassislar uchun berilgan barcha soliq imtiyozlari 2030 yilgacha amal qiladi.
Yigʻilishda Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonlari yakuniy bosqichga kirayotgani aytildi. AQSh, Xitoy kabi yirik davlatlar bilan kelishuvlarga erishildi.
Jahon savdo tashkiloti qoidalariga zid boʻlgan imtiyozlar bekor qilinayotgan boʻlsa-da, davlat tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, adolatli raqobat muhitida ishlashi uchun zarur boʻlgan barcha sharoitlarni yaratishda davom etishi taʼkidlandi.
Bu yil qoʻshni mamlakatlar bilan chegaradan oʻtish bilan bogʻliq bir qator masalalarga yechim topildi.
Xususan, 13 yil yopiq boʻlgan Andijonning “Xonobod”, “Mingtepa” va “Qorasuv” hamda 8 yil ishlamagan “Uchqoʻrgʻon” chegara postlari tiklandi. Natijada aholi va tadbirkorlar yoʻli 100 kilometrga qisqardi.
Umuman, oʻtgan 11 oyda chegara orqali harakatlangan transport soni 400 mingga oshib, 3 millionga yetdi.
Kelgusi yilda “Gʻishtkoʻprik”, “Navoiy”, “Dovut-ota”, “Shovot” va “Gulbahor” chegara postlarida qoʻshimcha koridorlar qurilib, oʻtkazish quvvati 5 karra oshiriladi.
Umuman, murakkab geosiyosiy sharoitga qaramay, iqtisodiyotimiz 6,3 foizga oshib, 111 milliard dollardan koʻpaygani taʼkidlandi.
Sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmatlar sohasiga 38 milliard dollar investitsiya kirdi, eksport 26 milliard dollardan oshdi.
Kelgusi yilda marrani katta olib, yalpi ichki mahsulotni 120 milliard dollarga, eksportni 30 milliardga yetkazish, investitsiyani 42 milliarddan oshirish, 5 million aholini band qilish, 1,5 million odamni kambagʻallikdan chiqarish reja qilinmoqda.
Shu yilning oʻzida xususiy sektorda daromad soligʻi toʻlovchilar soni 365 mingga koʻpaydi. Keyingi vazifa – ularning daromadini koʻpaytirib, munosib hayot kechirishi uchun yetarli sharoit yaratishdan iborat.

Lekin xususiy sektordagi ishchilarning 30 foizida rasmiy oylik 1 million soʻmdan kam qilib koʻrsatilgan.
Ayniqsa, Qoraqalpogʻiston, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazmda bu masala juda dolzarb ekani taʼkidlandi. Bu asosan toʻqimachilik, qurilish, qishloq xoʻjaligi, savdo va umumiy ovqatlanish sohalarida uchrayapti.
Bu holatning sabab-omillarini bartaraf etish maqsadida tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash choralari ishlab chiqildi.
Masalan, toʻqimachilik va charm sohalarida kamida 2,5 million soʻm oylik toʻlaydigan, 15 foiz ishchisi ehtiyojmand oiladan boʻlgan tayyor mahsulot chiqaruvchi tadbirkorlarga yengilliklar beriladi.