Oltita bankka nisbatan ish qoʻzgʻatildi
Ular reklama hamda isteʼmolchilarning huquqlarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilmaslikda ayblanmoqda.

Raqobat qoʻmitasi olti bankka qarshi ish qoʻzgʻatdi.
Qoʻmita oʻz vakolatlari doirasida ommaviy axborot vositalarida (televideniye, radio, bosma nashrlar, internet va ijtimoiy tarmoqlarda) joylashtirilayotgan reklama axborotlarining reklama hamda isteʼmolchilarning huquqlarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga mosligi yuzasidan oʻrganish va tahlil ishlari olib borgan.
Monitoringlar davomida “Reklama toʻgʻrisida”gi va “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar talablari buzilishi alomatlari aniqlangan.
Natijada “HAYOT BANK” AJ , “YANGI BANK” AJ, “Aloqa Bank” AT, “ASIA ALLIANCE BANK” ATB, "O‘zsanoatqurilishbank" ATB (SQB), "BIZNESNI RIVOJLANTIRISH BANKI" ATB banklari va “SASH U mikromoliya tashkiloti” MChJga nisbatan Koʻmita Maxsus komissiyasi tomonidan ishlar qoʻzgʻatildi.
Qoʻzgʻatilgan ishlar belgilangan tartibda koʻrib chiqilgandan soʻng yakunlari yuzasidan qoʻshimcha axborot taqdim etiladi, deyiladi xabarda.
Avvalroq qoʻmita koʻp milliardlik tenderlar bekor qilingani haqida xabar bergandi.