Prezident farmatsevtlar bilan uchrashuvda muhim tashabbuslar bilan chiqdi
Farmatsevtika agentligi va Asaka bankka yirik mahalliy korxonalar bilan birga ishlab chiqarishni ikki barobarga oshirish topshirildi. Loyihalarga xorijdan 400 million dollar yoʻnaltiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 dekabr kuni “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini borib koʻrdi, farmatsevtlar bilan muloqot qildi.
Mazkur majmua davlat rahbarining 2020 yil 28 yanvardagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan, oʻsha yili 17 aprelda uning qurilishiga tamal toshi qoʻyilgandi.
Birinchi bosqichda qariyb 20 gektar maydonda texnopark barpo etilmoqda. U maʼmuriy markaz, tadqiqot va rivojlanish markazi (R&D), farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi laboratoriyasi, klinik tadqiqotlar markazi, Farmatsevtika texnik universiteti hamda vivariyni oʻz ichiga oladi.
Bugungi kunda maʼmuriy markaz qurib bitkazilgan. 11 qavatli ushbu binoda Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, konferensiya zali, kovorking markazi, biznes inkubator, kutubxona, soha tarixi muzeyi joylashgan.

Davlatimiz rahbari ushbu markazni va navbatdagi inshootlar qurilishini koʻzdan kechirdi.
Klasterdan asosiy maqsad yuqori texnologiyalarni joriy etish orqali mamlakatimiz farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish, xalqaro innovatsion tizimga integratsiyalashish, yuqori sifatli dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani ishlab chiqarish, malakali mutaxassislar tayyorlashdir. Ushbu keng koʻlamli maqsadlardan kelib chiqib, Toshkent viloyati Zangiota tumanidan 190 gektar yer maydoni ajratilgan.
Hozirgi kunda bu yerdagi sanoat zonasida umumiy qiymati 818 million dollarlik 21 ta loyiha joylashtirilgan. Ularning birinchisi – “Grand Pharm Logistics Hub” tomonidan 40 million dollarlik distribyutorlik markazi ishga tushirildi va 300 dan ortiq ish oʻrni yaratildi. Korxonalar Turkiya, Hindiston, Xitoy, Malayziya, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
Prezidentimiz ushbu loyihalar tashabbuskorlari bilan suhbatlashdi. Investitsiyalarni jalb etish va qoʻllab-quvvatlash izchil davom ettirilishini taʼkidladi.
Kelgusida sanoat zonasida yana 620 million dollarlik 20 ta loyiha amalga oshirilishi moʻljallangan.
Umuman, klasterda yuqori sifatli dori-darmonlar va tibbiy buyumlar ishlab chiqariladi, import boʻlayotgan mahsulotlar mahalliylashtiriladi, 8 ming ish oʻrni yaratiladi. Zarur amaliyotlar markazi (GxP) tovarlarning tayyorlanishidan isteʼmolchiga yetib borishigacha boʻlgan barcha bosqichlarda xalqaro standartlarga muvofiqlik va sifatni taʼminlashga koʻmaklashadi.
Davlatimiz rahbariga shu yerda barpo etiladigan Farmatsevtika texnik universiteti haqida axborot berildi.

Unda farmakopeya markazi, kutubxona, sport majmuasi, oʻqituvchilar va chet ellik xodimlar uchun turar joy boʻladi. Sanoat farmatsiyasi, biokimyo va biotibbiyot, biotexnologiya, biofarmatsevtika, bioinformatika kabi yoʻnalishlarda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanadi. Buning uchun taʼlim xalqaro dasturlar asosida yoʻlga qoʻyiladi, mikrobiologiya, biotexnologiya, xujayra biologiyasi, farmakologiya, tahliliy kimyo kabi laboratoriyalar tashkil etiladi.
Universitetga joriy oʻquv yilida ilk talabalar qabul qilindi. Prezident ular bilan muloqotda boʻldi.
– Biz rivojlangan davlatlardan investorlar olib kelyapmiz. Ular Oʻzbekistonga qanday qilib baho beradi? Sizlar bilan muloqot qilib. Mamlakatimizning boyligi – yoshlar! Farmatsevtika boʻyicha ham eng yaxshi dasturlarni qoʻllab, kelajak uchun mutaxassislarni tayyorlab olmasak, boshqalarga pul toʻlaymiz, bogʻliq boʻlib qolamiz. Shuning uchun zamonaviy universitet tashkil qilib, dual taʼlimni yoʻlga qoʻyyapmiz. Bu yerda ham bilim olasizlar, ham oʻqiganlaringizni amalda qoʻllash imkoniyatiga ega boʻlasiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mazkur oʻquv yurti bitiruvchilariga Koreya Respublikasining Yonse, Buyuk Britaniyaning Sanderlend va De Montfort universitetlarining xalqaro miqyosda tan olinadigan diplomlari beriladi. Shuningdek, Dandi, Pusan va Purdyu universitetlari bilan ilmiy hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Shavkat Mirziyoyev 18 dekabr kuni “Tashkent Pharma Park” innovatsion klasterida farmatsevtika sohasidagi korxonalar rahbarlari bilan muloqot qildi.
Ham iqtisodiy, ham ijtimoiy ahamiyatga ega bu sohaga davlat tomonidan keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Oxirgi yetti yilda farmatsevtikada ishlab chiqarish 2 karra oshgan. Eksport 11 barobar koʻpaygan. 750 million dollar investitsiya oʻzlashtirilib, korxonalar soni 3 barobar oʻsgan.
Yurtimizda 3,5 ming turdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqarilayapti. Lekin bu talabni toʻla qoplamaydi.
Shu bois davlatimiz rahbari koʻp turdagi dorilarni mahalliylashtirish va eksportni kengaytirish boʻyicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Asaka bank va Farmatsevtika agentliga yirik mahalliy korxonalar bilan birga 2025 yilda keng isteʼmol qilinadigan 200 turdagi dori vositalarini oʻzlashtirish hamda ishlab chiqarishni 2 barobar oshirish boʻyicha dastur tayyorlash topshirildi.
Bunday loyihalarga xorijdan jalb qilingan 400 million dollar qulay shartlarda yoʻnaltiriladi.
Endi farmatsevtika tarmogʻida Ilgʻor loyihalar investitsiya jamgʻarmasi tashkil qilinadi. Bu jamgʻarma biofarmatsevtika, hujayra texnologiyalari, onkologiya kabi yoʻnalishlardagi loyihalarga ulush bilan kiradi, ularga katalizator boʻladi.

Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan Asakabankka sohani rivojlantirish uchun 100 million dollar kredit liniyasi ochilgan. Endi bu malagʻ lizing uchun ham beriladi.
Asaka bank tomonidan farmatsevtika sohasida yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish va startap loyihalarni moliyalashtirish uchun 10 million dollarlik venchur kompaniya ochiladi. Startap loyiha chetdan qancha mablagʻ jalb qilsa, mazkur kompaniya shuncha pulni qoʻshimcha ekspertizasiz beradi.

Yangi ishlanmalar uchun Innovatsiya jamgʻarmasidan 20 milliard soʻm grant ajratiladi. Bu olimlar yaratayotgan yangi mahalliy dori ishlanmalarini tijorat loyihasiga aylantirish va startaplar uchun yoʻnaltiriladi.
Mahalliy farmatsevtika korxonalariga 2025 yil 1 yanvargacha berilgan bojxona imtiyozlari muddati yana 3 yilga uzaytiriladi.
Mamlakat korxonalari yetakchi xorijiy farmatsevtika kompaniyalari texnologiyasi va retsepti asosida dorilar chiqarishga tayyor. Lekin bunday kooperatsiya uchun huquqiy asos yaratilmagani sababli har bir dorini yangi mahsulot kabi klinik tadqiqot va roʻyxatdan oʻtkazishga toʻgʻri kelayapti. Bunga koʻp vaqt ketadi. Shu bois bu tartibni soddalashtirish muhimligi aytildi.
Tadbirkorlarning eksport bozorlarini kengaytirish uchun AQShning Oziq-ovqat va dori vositalari sifati nazorati boshqarmasi (FDA) hamda Yevropa tibbiyot agentligi sertifikatlarini olish xarajatlari byudjetdan qoplab beriladi.
Yurtimizda oʻsimliklarni sanoat usulida yetishtirib, qayta ishlash orqali substansiya va kosmetik komponent olish rivojlanayapti. Shunga muvofiq, Asaka bank ishtirokida kelgusi yilda har biri 5 gektardan boʻlgan dorivor oʻsimliklar plantatsiyasi barpo etilib, ularni qayta ishlash boʻyicha 5 ta namunaviy loyiha bajariladi.
Umuman, farmatsevtikada 1 milliard dollarlik loyihalar shakllantirilishi belgilandi. Ular talab yuqori dori vositalarini chet elnikidek sifatda ishlab chiqarib, bozorda raqobat yaratib, narxlarni arzonlashtirishga qaratilgan.
Muloqotda soha vakillari ishlab chiqarishni rivojlantirish, mahsulotlar sifati va eksportini oshirish, ilm va taʼlimni ragʻbatlantirish boʻyicha fikr-mulohazalarini bildirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Grand Pharm Logistics Hub” faoliyati bilan tanishdi.

Ushbu logistika markazi “Tashkent Pharma Park” innovatsion klasteri hududida oʻn gektar maydonda joylashgan. Loyihaning umumiy qiymati 40 million dollar boʻlib, uch qavatli maʼmuriy bino, omborlar, mehmonxona, oshxona va yotoqxona qurilgan. 300 dan ortiq ish oʻrni yaratilgan.
Mahsulotlarni saqlash joyi 50 ming kvadrat metr. Bu yerda katta hajmdagi farmatsevtika mahsulotlarini xalqaro standartlar asosida qabul qilish, saqlash va tarqatish imkoniyati mavjud. Bu bosqichlar toʻliq raqamlashtirilgan.
Davlatimiz rahbari ushbu jarayonlarni koʻzdan kechirdi.
Logistika markazi “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteridagi boshqa ishlab chiqaruvchilarga ham qoʻl keladi. Mahsulotlarni saqlash va eksport qilishlarida xalqaro “SAP” tizimi orqali amaliy yordam beriladi. Buning uchun dori vositalari sifatini taʼminlash boʻyicha “GDP” va “GSP” sertifikatlari hamda bojxona ombori, xalqaro yuklarni tashish uchun litsenziyalar mavjud.
Bu boradagi talablarni taʼminlash uchun xalqaro standartlarga muvofiq havoni sovutish tizimlari oʻrnatilgan. Yuklarni ortish paytida ham harorat moʻʼtadilligi taʼminlanadi. Yigirmadan ortiq yuk mashinalarida tashish xizmatlari ham koʻrsatiladi. Majmuada bunday transportlar uchun turargoh va texnik xizmat ham tashkil etilgan.
Bugungi kunda Rossiya, Qozogʻiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston, Germaniya, Polsha, Fransiya, Vengriya, Ruminiya va Turkiya kabi davlatlar bilan logistik aloqalar oʻrnatilgan. Bu geografiya yildan yilga kengayib bormoqda.
Mutasaddilarga mahsulotlarni saqlash va rasmiylashtirishda qulayliklarni oshirish, tannarxni kamaytirib, dorilarni arzonlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Kompaniya farmatsevtika bozorini muntazam oʻrganib, tibbiyot sohasidagi ehtiyojlarni ham tahlil qilib boradi. Natijada yetkazib berish yoʻnalishi koʻlami kengayib bormoqda. Ushbu korxona mamlakatimiz hududi boʻylab 7 ming 500 dan ortiq dorixonaga tovarlar yetkazib beradi. Shuningdek, onlayn dorixona xizmati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bu boradagi hamkorlar soni ham ortmoqda.
Bu yerda “GPH Academy” loyihasi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, qator oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qilinmoqda. Uchta taʼlim dargohida amaliy mashgʻulot xonalari tashkil etildi. Uch ming nafar farmatsevt malaka oshirish kurslaridan oʻtdi. Oʻttiz nafarga yaqin talaba ushbu loyihaning stipendiya va grantlariga ega boʻldi.




