Ochilmagan sirlar: gʻoyib boʻlgan samolyotlar
37 yil avval yoʻqolgan samolyot birdan boshqa qitʼa aeroportida paydo boʻlgan, ekipaj va aeroport xodimlari gaplashishgan. Ammo bortdagilar zamonaviy uchoqlarni koʻrib, boshqa sayyoraga kelib qolgandek qoʻrqib ketib, yana koʻzdan yoʻqolgan.
Aviatsiya olami har doim sirlar bilan oʻralgan, ammo ularning baʼzilari oʻta gʻayrioddiyligi bilan hayratda qoldiradi va javoblardan koʻra koʻproq savollar tugʻdiradi. Osmonda gʻoyib boʻlgan va yillar oʻtib yana paydo boʻlgan samolyotlar haqidagi hikoyalar aviatsiyadagi eng qiziqarli mavzulardan biridir. Ular goh ilmiy izlanishlar uchun asos, gohida afsona va mish-mishlarga aylanadi.
1945 yil: Bermud uchburchagida gʻoyib boʻlgan “Parvoz-19”
1945 yil 5 dekabrda AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining “Parvoz-5” deb nomlangan 5 ta Grumman TBM Avenger torpedo tashuvchi samolyotlari Florida shtatidagi Fort-Loderdeyl havo kuchlari bazasidan havoga koʻtariladi. Samolyotlar oʻquv mashgʻulotini yakunlash arafasida ular bilan aloqa uzilib qoladi. Qidiruvlar hech qanday natija bermaydi, samolyotlar dom-daraksiz gʻoyib boʻladi.
Oradan oʻn yillar oʻtib, samolyotlardan biri 1991 yilda Kubada topilgani haqida mish-mishlar tarqaldi. Baʼzilar u "zaxa yemagan" ahvolda ekani va barcha qurilmalari soz holda turganini taʼkidlashgan. Biroq, bu maʼlumotlarni tasdiqlovchi hujjatli dalillar yoʻq va koʻplab ekspertlar samolyotlar shundoq ham sirlarga burkangan Bermud uchburchagida gʻoyib boʻlgani bois ommaviy mish-mishlarni tugʻdirganini taʼkidlashadi.
1971 yil: Douglas DC-3 va Argentina siri
Bort raqami NC16002 boʻlgan Douglas DC-3 samolyoti 1948 yil dekabr oyida San-Xuandan (Puyerto-Riko) Mayami sari parvoz qilayotganida yoʻqolgan. Bortida 32 yoʻlovchi va ekipaj aʼzolari boʻlgan samolyotni shundan keyin hech kim koʻrmagan.
Biroq 1971 yilda Argentinada ushbu samolyot And togʻlarida topilgani haqida mish-mishlar tarqala boshladi. Afsonada aytilishicha, u yaxshi saqlangan. Hatto ekipaj aʼzolarining jasadlari ham buzilmagan. Rasmiy manbalar bu voqeani rad etishdi: bu aynan oʻsha Douglas DC-3 samolyoti ekani haqida hech qanday dalil yoʻq. Aksariyat ekspertlar bu kabi mish-mishlar XX asrda samolyotlarning yoʻqolishiga ommaviy qiziqishlar kuchaygan bir sharoitda paydo boʻlganiga ishonishadi.
2008 yil: Afrikadagi Boeing 727 “arvohi”
N844AA bort raqamiga ega Boeing 727-223 samolyoti 2003 yilda Luanda (Angola) aeroportidan gʻoyib boʻlgan. Samolyot nomaʼlum shaxslar tomonidan olib qochilgan.
2008 yilda bu samolyot Markaziy Afrikadagi tashlandiq aerodromlardan birida topilgani haqida xabarlar paydo boʻldi. Biroq, buni isbotlovchi aniq dalillar yoʻq. Ayrim tadqiqotchilarning fikricha, samolyot demontaj qilingan yoki kontrabanda parvozlari uchun ishlatilgan. Bu gʻoyib boʻlish sirli mistika bilan emas, balki aniq jinoiy faoliyat bilan bogʻliq kamdan-kam holatlardan biri hisoblanadi.
37 yildan keyin paydo boʻlgan samolyot
Gʻoyib boʻlgan samolyotlar tarixida yana bir hodisa borki, uning atrofidagi tafsilotlar bir-birini rad etsa-da, dafʼatan toʻgʻridek koʻrinadi...
1992 yilda Venesuelaning Karakas shahri aeroportiga bir samolyot jadvaldan tashqari sharoitda navbatsiz qoʻnadi. Bortida 57 yoʻlovchisi boʻlgan ushbu DC-4 charter samolyoti aeroport dispetcherlarini hayratga soladi. Sababi – samolyot 50-yillar rusumida boʻlsa-da, yangidek koʻrinar, uning sirtiga nomi yozilgan aviakompaniya esa chorak asr avval bankrot boʻlib, yopilib ketgan edi!
Keyin aniqlanishicha, ushbu DC-4 samolyoti 1955 yilda Nyu-Yorkdan Mayamiga uchib ketayotganda gʻoyib boʻlgan ekan. Oradan 37 yil oʻtib, samolyot Venesuelaga qoʻnadi. Aeroport xizmatchilari uning yaqiniga borib, ekipajni kutib olmoqchi boʻlishadi. Biroq qoʻnganiga 2 daqiqa ham boʻlmagan samolyot yana osmonga koʻtarilib, uchib ketadi. Guvohlarning maʼlumotlari va uchuvchi va boshqaruv minorasi oʻrtasidagi magnitofonli radioaloqa yozuvlari ushbu samolyotning sirli qoʻnishi haqiqatda sodir boʻlganini isbotlaydi.
Samolyot yana uchib ketishidan avval uning uchuvchisi uchish-qoʻnish yoʻlagiga bir qogʻoz tashlab ketadi. U 1955 yilning mitti taqvimi boʻlib chiqadi.
“Samolyotni oʻzim koʻrdim... Uchuvchining ovozini eshitdim. Hatto taqvimni qoʻlimda ushlab turdim, lekin hamon bu voqeaga haliyam ishongim kelmaydi, deydi Xuan de la Korte. U oʻsha kuni aeroportning parvozni boshqarish minorasidagi postida odatdagidek xizmat oʻtayotgan boʻlgan. U hamma narsani aniq-tiniq koʻrgan. "Samolyot ekipaji “hozir 1955 yil va Floridaga qoʻndik” deb oʻylashardi. Garchi bu samolyot osmonga koʻtarilib gʻoyib boʻlganidan beri 37 yil oʻtgan boʻlsa-da, samolyot ekipaji uchun 4-5 soat oʻtgan edi xolos. Samolyot shuncha yil davomida qayerda boʻlgani faqat Xudoga ayon!
De la Korte va boshqa aviadispetcherlarning soʻzlariga koʻra, ular parrakli samolyot toʻsatdan aeroportga yaqinlashib pasaya boshlaganida va radar ekranlarida koʻrinmaganidayoq gʻayritabiiy hodisa yuz berayotganini anglashgan.
“Biz radioaloqa orqali uchuvchidan oʻzini tanishtirishni soʻradik, biroq u bizdan “Biz qayerdamiz?” deb soʻradi. “Uning ovozidan oʻta qoʻrqib ketgani va sarosimaga tushgani sezilib turardi. Lekin u tezda oʻzini oʻnglab oldi va bu Nyu-Yorkdan Mayamiga uchayotgan 914-charter reys ekani va bortida 4 nafar ekipaj hamda 57 nafar yoʻlovchi borligini maʼlum qildi.
Dispetcherning aytishicha, uchuvchining bu soʻzlaridan keyin aviaminoradagilar hayratdan gapira olmay qolishgan. Xonaga chuqur sukunat choʻkkan. 914-reysning borar manzili – Mayami... ular turgan Karakas aeroportidan 1800 kilometr uzoqda joylashgan!..
Shunda men uchuvchiga javob berdim: "Bu Karakas, Venesuela ... Janubiy Amerika."
Keyin “Falokatga uchradinglarmi?”, deb soʻradim. Javob boʻlmadi.
Men darhol tegishli buyruqlar berib samolyot qoʻnishi uchun yoʻlakni tozaladim. Qoʻnish yaxshi oʻtdi. Hammasi yaxshi boʻldi deb oʻylay boshlaganimda, uchuvchi oʻzining ikkinchi uchuvchisiga shunday deganini eshitdim: “Voy xudoyim, Jimmi! Bu nimasi tagʻin, jin ursin!” Ular aerodrom chetida turgan reaktiv samolyotni koʻrib, uni kosmik kema deb oʻylashdi, shekilli.
Dispetcher De la Kortening soʻzlariga koʻra, uchuvchi 1955 yil 2 iyul kuni ertalab soat 9:55 da Mayami xalqaro aeroportiga qoʻnishi kerakligini aytgan.
– Keyin men uning: “Bu yerda nimadir gʻalati” deganini eshitdim. Men unga radio orqali “Kapitan, bu Karakasdagi xalqaro aeroport. Bugun 1992 yil 21 may” dedim. Uning faqat “Ey xudoyim” deb xoʻrsingani eshitildi. Men uni tinchlantirishga harakat qildim, uning oldiga aeroport xizmatchilari yaqinlashayotganini aytdim.
De la Kortening soʻzlariga koʻra, yerdagi xodimlar va yoqilgʻi quyish mashinasi samolyotga yaqinlashganda, uchuvchi radio orqali baqirdi: “Yoʻq! Oldimizga yaqin kelmanglar! Biz bu yerdan uchib ketamiz!”
Keyinroq aeroport xodimlari ushbu samolyot yoʻlovchilari dumaloq darchalarga yuzlarini bosgancha ularga qarab turishganini koʻrishadi. Uchuvchi esa kabina oynasini ochib, aeroport xodimlariga “ketinglar” degandek ishora qilib, qoʻl silkigan.
"U qandaydir papkani silkitardi, – deydi De la Korte. – Aftidan, 1955 yil taqvimi shu jilddan tushib qolgan, biz buni keyinroq aniqladik. Uchuvchi motorlarni ishga tushirdi va samolyot havoga koʻtarildi.
Fuqarolik aviatsiyasi rahbariyati samolyot bilan aloqaga oid barcha yozuvlarni, shuningdek, topilgan kalendarni xodimlar qoʻlidan olib qoʻygan va hodisa yuzasidan surishtiruv olib borilishini aytgan. Biroq hozirgacha na dalillardan, na surishtiruv natijalaridan darak bor. Dalillar va yakuniy rasmiy xulosa taqdiri ham xuddi DC-4 charter samolyoti kabi nomaʼlum qolmoqda...
Ilmiy qarash
Albatta, yuqoridagi voqealarni inkor etuvchilar, buning uchun oʻz faraz va dalillarini tiqishtiruvchilar ham son-sanoqsiz. Tadqiqotchilar va aviatsiya boʻyicha ekspertlarning fikrlariga koʻra, bu hikoyalarning aksariyati shov-shuv uchun toʻqilgan mish-mishlar va afsonalar hisoblanadi. Bu taxminlar ilmiy asoslarga ega emas.
Lekin nima boʻlganda ham, ushbu sirli hodisalar madaniy va axborot fenomenining bir qismiga aylanib ulgurdi. Ularning aksariyati uchun dalillar yoʻqligiga qaramay, ular biz bu yorugʻ dunyo haqida qanchalik kam bilishimizni anglatadi. Biz oʻzimiz oʻylagandek, u qadar ham qudratli emasligimizni, Yer yuzida biz boshqara olmaydigan va tushuna olmaydigan jarayonlar ham koʻpligini eslatib turadi.
Abulfayz Sayidasqarov