Senat davlat byudjeti boʻyicha qonunni maʼqulladi
2025 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 431,0 trln soʻm, xarajatlar esa 480,5 trln soʻm miqdorida shakllantirilgan.

Senat davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonunni maʼqulladi.
Senatning ikkinchi yalpi majlisida "2025 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida"gi Qonun muhokama etildi.
2025 yil uchun Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun aholi farovonligini oshirish, kambagʻallikni qisqartirish, ijtimoiy soha xizmatlari sifatini yanada oshirish, "yashil iqtisodiyot"ni rivojlantirish va atrof muhitni muhofaza qilishga qaratilgan. Unga koʻra 2025 yilda iqtisodiy shart-sharoitlarni hisobga olgan holda inflyatsiya darajasi 7 foiz atrofida boʻlishi prognoz qilinmoqda.
Xususan, Qonunda oʻrta muddatda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik vazifasidan kelib chiqib, 2025 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 431,0 trln soʻm, xarajatlar esa 480,5 trln soʻm miqdorida shakllantirilgan.
Davlat byudjeti daromadlari 308,5 trln soʻmni, xarajatlari esa 344,8 trln soʻmni tashkil etmoqda.
Davlat maqsadli jamgʻarmalari daromadlari va xarajatlari (byudjetlararo transfertlar hisobga olinmagan holda) tegishincha 66,4 trln soʻm va 62,8 trln soʻm miqdorida rejalashtirilmoqda.
Qonunda keyingi yilda ham xarajatlarning ijtimoiy yoʻnaltirilganligi saqlab qolingan boʻlib, Davlat byudjeti xarajatlarining 52 foizi yoki 177,7 trln soʻmi ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilmoqda.
Qonunda 2025 yil uchun Davlat budjeti xarajatlarida ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish tadbirlari uchun 3,6 trln soʻm koʻzda tutilgan. Sogʻliqni saqlash sohasiga esa 41,3 trln soʻmni yoki 2024 yilgi kutilayotgan ijroga nisbatan 19,8 foizga oshgan holda ajratish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlarida 2025 yilda hududlardagi dolzarb ijtimoiy muammolarni hal qilish, mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish hamda davlat ahamiyatiga molik tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha belgilangan tadbirlar uchun ham mablagʻ ajratish koʻzda tutilmoqda.
Muhokama yakunida mazkur Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.