platina.uz
Jamiyat

Ayrim xususiy maktablardan isteʼmolchilar foydasiga 1,2 mlrd soʻmdan oshiq pul qayta hisob-kitob qilindi

Litsenziya talablari va soliq qonunchiligini buzgan, sanitariya qoidalariga mos oʻquv sharoitlarini yaratmagan muassasalar boʻyicha 50 ga yaqin hujjatlar tegishli vakolatli organlarga yuborilgan. 

Ayrim xususiy maktablardan isteʼmolchilar foydasiga 1,2 mlrd soʻmdan oshiq pul qayta hisob-kitob qilindi

Raqobat qoʻmitasi tomonidan ayrim nodavlat taʼlim muassasalariga qarshi chora koʻrildi. Maktablar boʻyicha isteʼmolchilaridan koʻplab shikoyatlar kelib tushgan.

Xususan, joriy yilning oʻtgan davrida nodavlat taʼlim xizmatlari boʻyicha 500 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan boʻlsa, ularning aksariyati Toshkent shahridagi subʼektlar xissasiga toʻgʻri keladi.

Bunda, eng koʻp murojaatlar “NEWTON ACADEMY KZ”, “MERIT SCHOOL”, “MyTeacher” (“MYTEACHER GROUP”) platformasi, “MY MED ACADEMY” va boshqa tashkilotlar faoliyatiga tegishlidir.

Shikoyatlarda taʼlim sifatining qoniqarsizligi, oʻqituvchilar malakasizligi, oʻquv xonalarining shart-sharoitlari javob bermasligi, oʻquv grafigiga rioya qilinmasligi, xizmat koʻrsatish boʻyicha shartnoma tuzilmaganligi taʼlim berishda intizom yoʻqligi hamda yuzaga kelgan boshqa muammolar bayon etilmoqda.

Baʼzi taʼlim muassasalari tomonidan isteʼmolchilarni turli yoʻllar bilan jalb qilish niyatida reklamalarda “Joylar soni cheklangan”, “3 oyda til oʻrganing”, “Kafolatlangan taʼlim” kabi boʻrttirilgan iboralardan foydalanilmoqda.

“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 19-moddasiga muvofiq, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar koʻrsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat koʻrsatishi) shartligi belgilangan.

Shuningdek, isteʼmolchi sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) bilan shartnomaviy munosabatlarda qonunchilikda nazarda tutilgan oʻz talablari qanoatlantirilishi uchun ustuvor huquqqa ega hisoblanadi.

“Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq, noaniq, foydalanuvchilarni chalgʻitadigan yoki chalgʻitishi mumkin boʻlgan, yuridik va jismoniy shaxslarga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan reklamaga yoʻl qoʻyilmaydi.

Qoʻmita tomonidan murojaatlarni oʻrganib chiqish natijasida isteʼmolchilar foydasiga jami 1,2 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻ qayta hisob-kitob qilinishi taʼminlangan.

Shuningdek, litsenziya talablari va soliq qonunchiligini buzgan, sanitariya qoidalariga mos oʻquv sharoitlarini yaratmagan holatlar boʻyicha 50 ga yaqin hujjatlar tegishli chora koʻrish uchun vakolatli organlarga yuborilgan.

Jumladan, “NEWTON ACADEMY KZ” oʻquv markazi faoliyati yuzasidan koʻplab shikoyatlar tushayotganligi holati boʻyicha toʻplangan hujjatlar tegishli chora koʻrish uchun Bosh prokuratura hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga yuborilgan.

Natijada, vazirlik tomonidan oʻquv markazi faoliyati tekshirilganda, litsenziyasiz nodavlat maktabdan tashqari taʼlim xizmatlari faoliyati bilan shugʻullanganligi va oʻqituvchilarning belgilangan sertifikati mavjud emasligi aniqlanib moliyaviy jarima qoʻllanilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Raqobat qoʻmitasi nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi subʼektlarni amaldagi qonunchilik hujjatlari, litsenziya talablariga qatʼiy rioya etgan holda faoliyat olib borishi yuzasidan ogohlantirdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid