Erkaklarga ham "dekret" berilishi mumkin
Taʼtil davrida xodimning ish joyi va oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladi.

Oʻzbekistonda endilikda otalarga ham "dekret" berilishi mumkin.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Kiritilgan qonun loyihasida ishlayotgan erkaklarga farzandli boʻlganda, turmush oʻrtogʻiga yordam berish va boshqa farzandlariga qarab turishi uchun 5 kalendar kundan iborat qisqa muddatli taʼtil berilishi koʻzda tutilmoqda.
Bunda ushbu 5 kunlik taʼtil davrida xodimning ish joyi va oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladi.
Loyihada shuningdek, mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va mashgʻulotlar sohasida kamsitish, tazyiq va zoʻravonlikni taqiqlash prinsiplari takomillashtirilmoqda. Yaʼni, mehnat jarayonida boshqa xodimga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik sodir etgan yoki tahdid qilgan xodimni ish beruvchi tashabbusi bilan boshqa ishga oʻtkazish yoki ishdan boʻshatish amaliyoti qoʻllanilishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari roʻyxatiga kiritilib, davlat tomonidan ularni ishga joylashtirish boʻyicha qoʻshimcha kafolatlar taʼminlanishi belgilanmoqda.