Prezident masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan 297 rahbar ishdan olinganini aytdi
"Qatʼiy ogohlantiraman – mahallaga tushib, odamlarimiz va tadbirkorlar muammosini hal qilmagan rahbar ishlamaydi. Hamma oʻzgarishi kerak", dedi prezident.

Prezident raisligida mahallalarda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha qilingan ishlar sarhisobi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.
Bank xizmatlarining mahalla darajasigacha tushirilgani yaxshi natija berayotgani qayd etildi. Ayniqsa, Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va Gʻijduvonda tadbirkorlik muhiti tubdan oʻzgardi.
Xususan, Uychi tumanida banklar 3 ming 200 ta faol mijoz bilan ishlab, muammolarni hal qilib bergani uchun 9 ming odam doimiy ishli boʻldi. Kambagʻallar soni 6 mingga kamaydi.
Yigʻilishda ayrim rahbarlar “bu vaqtincha, bir-ikki yilda oʻtib ketadi” degan kayfiyatda yurganiga alohida toʻxtalib oʻtildi.
Bu borada sustkashlik va masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan iqtisodiy kompleksdagi 297 nafar rahbar ishdan olindi. Ular oʻrniga zamonaviy fikrlaydigan, yangi tajriba yaratib, odamlarimizni rozi qilaman degan tashabbuskor yoshlar ishga olindi.
“Qatʼiy ogohlantiraman – mahallaga tushib, odamlarimiz va tadbirkorlar muammosini hal qilmagan rahbar ishlamaydi. Hamma oʻzgarishi kerak.
Koʻrib turibsizlar, har daqiqa dunyodagi siyosiy va iqtisodiy vaziyat qiyinlashib, yangi-yangi tahdidlar paydo boʻlayapti. Ularga bugun javob topmasak, keyin kech boʻladi”, - dedi davlat rahbari.
Prezident yangi imkoniyatlar va rejalarni belgilab berdi.
Oʻtgan 6 yilda oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 750 ming aholi kreditini vaqtida qaytarib, daromadli biznesga ega boʻldi. Ulardan 58 mingi yangi korxona ham ochdi.
Endi banklar mana shunday sinovdan oʻtgan mijozlarini qoʻllab-quvvatlab, ularni kichik va oʻrta biznes darajasiga olib chiqishi kerakligi taʼkidlandi. Ularga “Kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash” dasturi doirasida shartsiz 300 million soʻm kredit beriladi.
Bu orqali kelgusi yillarda 1,5 million aholini ishli qilish mumkinligi taʼkidlandi.