Iztiroblar ustiga qurilgan hashamat – lyuks brendlari ortida yashirin sirlar
Muvaffaqiyat va boylik timsoliga aylangan mashhur brendlar millionlab odamlarning azoblari, baxtsizliklari va armonlari ustiga qurilgan. Siz ushbu haqiqatni qabul qilishga tayyormisiz yoki bu haqiqatga koʻz yumib yashashda davom etasizmi?
Louis Vuitton Moët Hennessy (LVMH), Yves Saint Laurent, Zara, Nike, Tom Ford va Prada kabi lyuks va moda brendlari koʻpincha hashamat, nafosat va yuqori sifat timsoli sifatida tasavvur qilinadi. Ushbu lyuks brendlar boylik, muvaffaqiyat va jozibadorlik ramzi boʻlib kelgan.
Biroq turli butik va brend doʻkonlarining yaltiroq oynalarini koʻrganimizda, ularning ortida ogʻir mehnat, achchiq koʻz yoshlari va qashshoqlik iztiroblari turganini tasavvur qilishimiz qiyin.
Global autsorsing mexanizmlari
Hozirgi paytda lyuks brendlar global ishlab chiqarishning zamonaviy modeli autsorsingga asoslangan. Ishlab chiqarish jarayonlari, tikuvchilikdan to aksessuarlarni yigʻishgacha, uchinchi dunyo mamlakatlaridagi fabrikalarga yoʻnaltiriladi. Moda sanoati gigantlari uchun buyurtmalarni dunyoning eng qashshoq mamlakatlariga autsorsing qilish nafaqat qulaylik, balki strategik ustunlik beradi. Konsalting agentliklarining maʼlumotlariga koʻra, ushbu kompaniyalar ishlab chiqarish jarayonlarining 60% dan ortigʻini rivojlanayotgan mamlakatlarda amalga oshiradi. Bu brendlarga potensial ishlab chiqarish xarajatlarini 70% gacha tejash imkonini beradi. Lekin ular ishchilarga yashash minimumidan kamroq haq toʻlash orqali pulni tejashga erishadi.
Bangladesh, Pokiston, Vetnam, Xitoy va Hindiston kabi mamlakatlar – asosiy ishlab chiqarish punktlari boʻlib, ularda ishchi kuchi Yevropa yoki AQShga qaraganda oʻnlab baravar arzon. Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) maʼlumotlariga koʻra, jahon brendlari uchun toʻqimachilik mahsulotlarining qariyb 80 foizi ushbu Osiyo mamlakatlarida ishlab chiqariladi. Masalan, Bangladeshning jahon toʻqimachilik eksportidagi bozor ulushi qariyb 6 foizni tashkil etadi.
Biroq hashamat va status ortida chirolyi reklama suratlaridan tubdan farq qiladigan haqiqat yotadi. Bu haqiqatga arzon ishchi kuchining ekspluatatsiyasi, yomon mehnat sharoitlari va ushbu tovarlar ishlab chiqarilgan mamlakatlarda inson huquqlarining buzilishi hamrohlik qiladi.
Louis Vuitton yoki Yves Saint Laurent kabi brendlarning tovarlari Italiyada ishlab chiqarilsa-da, ammo bu "italyan" mahsuloti migrantlar tomonidan yertoʻlada joylashgan sexlarda tikiladi. “Bi-bi-Si” hisobotida aytilishicha, Toskanadagi fabrikalardagi mehnat muhojirlari soatiga 4 yevroga yaqin maosh oladi, biroq bu yerda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga Made in Italy yorligʻi yopishtirilib, minglab yevroga sotiladi.
Brendlar tejamkorligi: ishlab chiqarish tannarxi va chakana narx
Hashamatli brendlar oʻz mahsulotlarining yuqori narxda ekanini yuqori sifatli materiallar va murakkab texnologiyalardan foydalanishayotgani bilan izohlashadi. Biroq faktlar boshqacha haqiqatni fosh qiladi.
2023 yilgi statistika maʼlumotlariga koʻra, Louis Vuitton aksessuarlari va sumkalarining 60% dan ortigʻi Osiyoda, xususan, Xitoy va Vetnamdagi fabrikalarda ishlab chiqariladi, bu esa xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi.
Misol uchun, Louis Vuitton sumkasining oʻrtacha tannarxi taxminan 100-200 dollarni tashkil qiladi, lekin uning doʻkondagi chakana narxi 2000 dollardan oshadi.
Indoneziyada ishlab chiqarilgan Nike sport poyabzalining narxi 20-30 dollar atrofida, lekin bozorda ular 150-200 dollarga sotiladi.
Oʻzini hamyonbop moda brendi sifatida koʻrsatuvchi Zara mahsulotlarini ishlab chiqarish bir necha dollarga tushadi, biroq ularga 300-500% ustama qoʻyib sotiladi.
Shu tarzda daromadning katta qismi rivojlangan mamlakatlarda marketing, dizayn va mehnatga yoʻnaltiriladi, lekin bu mahsulotlarni bevosita yaratuvchilar esa qashshoqlik chegarasi ortida qolmoqda.
Muvaffaqiyat ramziga aylangan lyuks brendlar millionlab odamlarning suyaklari ustida rivojlanib, boyishda davom etmoqda. 2022 yilda LVMH va Kering kabi yirik moda uylarining umumiy daromadi 100 milliard dollardan oshdi. Ammo bu muvaffaqiyat uchun yuz minglab mehnatkashlar oʻz umri va sogʻligʻini qurbon qilishgan.
Ish sharoitlari: axloqsizlik, qullik va xavf-xatarlar
Hashamat brendlari uchun ishlaydigan fabrikalardagi ishlab chiqarish sharoitlari koʻpincha ushbu biznesning haqiqati bilan tanishganlar uchun kutilmagan zarba boʻladi.
Har bir Prada sumkasi, har bir Nike krossovkasi va har bir Zara kurtkasi shunchaki mahsulot emas. Bu choklarga qoʻshib tikilgan inson azoblari haqidagi doston deyish mumkin. Bangladesh, Pokiston, Vetnam, Xitoy va Hindiston nafaqat “dunyo ustaxonalari”, balki mashaqqatli mehnatdan boshqa hayotni bilmaydigan mazlumlar uchun qamoqxonalardir.
Dakka shahri chekkasidagi zavodni tasavvur qiling. Zanglagan darvozalar va yorilgan devorlar ortida ishchilar 14-16 soat davomida muk tushgancha bir xil ish bajarishadi. Bu ham yetmagandek bino qulab tushishi yoki yongʻin chiqishidan xavfsirab, yuraklari zirillab turadi. Ichkarida esa – nafasni boʻgʻuvchi qaynoq havo, ter hidi va zararli kimyoviy moddalar hamda meʼyoridan ortiq ish bosimlari ularning kundalik hayotining bir qismiga aylangan. Bu xonalarda olingan har bir nafas oʻpkangizni chang-toʻzon va mato qipiqlariga toʻldiradi. Shuncha ogʻir mehnat uchun esa kuniga ikki dollar, oyiga 100 dollar hajmida maosh toʻlashadi. Bu oziq-ovqatga zoʻrgʻa yetadi. Toʻrt devor ichida bundan boshqa taqdirni bilmaydigan kasalmand ayollar va nimjon bolalar xira yoritilgan xonalarda koʻz nuri va bel quvvatini sarflab ishlaydi, oʻz orzularini matoga qoʻshib tikib, Yevropa va Amerikaning hashamatli doʻkonlarini nafis kolleksiyalar bilan toʻldiradi.
Human Rights Watch maʼlumotlariga koʻra, ayollar toʻqimachilik fabrikalarida ishchi kuchining 80 foizini tashkil qiladi va koʻpincha jinsiy taʼqib va kamsitishlarga duchor boʻladi.
Janubiy Osiyodagi zavodlarga ham nazar solsak, bu yerda tungi smenalar odatiy holga aylanib bormoqda. Havoning harorati 40 darajadan oshadi, lekin shamollatgichlar faqat inspektorlar tekshirgani kelganida yoqiladi xolos. Chunki elektrni ekonom qilishadi. Mehnatkashlar ogʻir ish kunidan keyin shundoqqina yerda uxlashadi. Chunki ular uyga borib-kelish uchun yetarli vaqt, pul yoki kuchga ega emaslar.
Pokistonda esa tikuvchilik fabrikalari koʻpincha bolalar va ayollarni ish bilan taʼminlaydi va ularga arzimagan haq toʻlanadi. Ishchilar baʼzan dam olish kuni yoki toza ichimlik suvidan foydalanish kabi asosiy huquqlardan mahrum boʻlishadi. Ishchilardan biri, pokistonlik 16 yoshli yigit "Men oʻzim tikayotgan hashamatli kiyimlarni oʻlgunimcha ishlab ham sotib ololmayman, ular jonimdan ham qimmat turadi” deganda naqadar haq!
Aytish joizki, sanoati rivojlangan Xitoyda ham millionlab ishchilar zavodlar yonidagi yotoqxonalarda yashab, majburiy mehnatga yaqin sharoitlarda mehnat qilmoqda.
Buning ustiga, mahalliy ziqna “fabrikonchilar” mehnat xavfsizligi qoidalariga ham rioya etishmaydi. Masalan, 2013 yilda Bangladeshda Rana Plaza binosi qulab tushdi, natijada Benetton va Primark kabi dunyoning eng yirik brendlari uchun kiyim tikayotgan 1134 ishchi vayronlar ostida qolib ketib halok boʻldi.
Albatta, bundan dunyo dahshatga tushdi, lekin biror narsa oʻzgardimi? Yoʻq. Bunday zavodlarda har yili minglab odamlar nobud boʻladi yoki nogiron qoladi. Bunga koʻnikib ham ketishgan.
2021 yilda esa Hindistonda ham xuddi shunday qoʻrqinchli voqea yuz berdi: Zara uchun mahsulot ishlab chiqaradigan zavodlardan birida sodir boʻlgan yongʻin 43 kishining hayotiga zomin boʻldi. Bunga elektr simlarining nosozligi va favqulodda chiqish yoʻllarining toʻsib qoʻyilgani sabab qilib koʻrsatilgan.
Ammo har kuni yana bir talay fojialar telekameralar va gazetalar eʼtiboridan chetda qolayotganini taʼkidlash shart emas.
Ijtimoiy javobgarlik: xayolmi yoki haqiqat?
Albatta, aksariyat brendlar oʻz tovarlarini tikish topshirilgan chet el pudratchilarining ish sharoitlarini kuzatib borishlarini, ijtimoiy javobgarlik dasturlarini ishga tushirishganini daʼvo qilishadi. Ammo ularning bunday masʼuliyat haqidagi bayonotlari koʻpincha haqiqatni masxara qilish kabi eshitiladi. Misol uchun, Nike zavodlardagi sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan "Barqaror ishlab chiqarish va manbalarni taʼminlash" ("Sustainable Manufacturing and Sourcing") dasturini ishga tushirdi, biroq hisobotlar fabrikalarda qonunbuzarliklar hamon davom etayotganini koʻrsatmoqda.
Nike ham oʻz zavodlaridagi sharoitlarni yaxshilash uchun millionlab dollar sarmoya kiritgan boʻlsa-da, bu tashabbuslarni nazorat qilish takomillashmagan. Umuman, Nike Indoneziya va Vetnamdagi fabrikalardagi ish sharoitlari bilan bogʻliq shov-shuvli janjallarga tez-tez duch kelib turadi. 1990-yillarda bolalar mehnatidan foydalanish holatlari, keyingi yillarda esa mehnatni muhofaza qilish borasidagi qonunbuzarliklar aniqlangani bunga misol.
Zara va uning bosh kompaniyasi Inditex esa bir necha bor Bangladeshdagi fabrikalari bois tanqid oʻqlariga nishon boʻlgan: u yerda ishchilar kuniga 3-4 dollarga, noqulay sharoitlarda mehnat qiladi. Zara bu boradagi standartlarni kuchaytirishga vaʼda berdi va taʼminot zanjirida shaffoflikni oshirish uchun "Hayotga qoʻshiling" ("Join Life") tashabbusini kiritdi. Ammo mustaqil inspektorlarning fabrikalarga kirish imkoniyati cheklangani bois bu loyiha samaradorligi shubha ostida qolmoqda. Mustaqil inspektorlar esa qonunbuzarliklarni topishda davom etmoqda: ishchilar xavfsizlikning asosiy shartlariga ega emas va ularning huquqlari toptalishda davom etyapti. Masalan, Clean Clothes Campaign kabi mustaqil tashkilotlarning tadqiqotlari bu fabrikalarda keng tarqalgan qonunbuzarliklar haqida xabar beradi: ishchilar meʼyoridan ortiqcha ishlashga majbur, ish haqi asosiy ehtiyojlarni qoplamaydi va koʻplab fabrikalarda tegishli mehnat xavfsizligi sharoitlari yoʻq.
Yoki boʻlmasa, H&M kompaniyasi mehnat sharoitlarini yaxshilashga vaʼda berib, Better Work dasturini ishga tushirdi. Bu dastur vositasida ishchilarshga qulay muhit yaratishga daʼvo qilindi, ammo faktlar buning aksini koʻrsatmoqda. 2019 yilda Kambodjadagi fabrikalardan birida 50 dan ortiq ishchi haddan tashqari issiq harorat va mashaqqatli mehnat smenalar tufayli hushdan ketishgan. Ularning ish haqi shunchalik pastki, ular oʻz oilalarini boqish uchun keyingi smenalarda qolib ishlashga majbur.
Shuningdek, Louis Vuitton Moët Hennessy (LVMH) sifat boʻyicha rasmiy majburiyatga ega, ammo brendning taʼminot zanjirlari Osiyodagi fabrikalarni oʻz ichiga oladi, bu yerda esa past maosh va ogʻir ish sharoitlari odatiy holdir.
Bu mashhur brendlarning ijtimoiy masʼuliyatga eʼtibor berishlari haqidagi iddaolarning haqiqatga toʻgʻri kelmasligiga ayrim misollar xolos.
Tanganing boshqa tomoni
Albatta, yirik va mashhur brendlarning kambagʻal va avtoritar davlatlarda mehnat bilan bogʻliq yomon vaziyatni oʻnglashga yordam berganini ham tan olish zarur.
Masalan, Oʻzbekistonda birinchi prezident davrida paxta monokulturasi sohasida bolalar mehnati va majburiy mehnat avj olgan va hukumat ham bunga bilvosita xayrixoh edi.
Inson huquqlarining qoʻpol buzilishi evaziga yetishtirilayotgan bunday paxtadan jahonning 300 dan ziyod kompaniyalari foydalanayotgani huquqbon tashkilotlar va jamoatchilik faollarining noroziligiga sabab boʻldi va ular turli yoʻllar bilan tegishli xalqaro tashkilotlarga bosim koʻrsata boshladi. Qolaversa, “korporativ ijtimoiy masʼuliyat” (Corporate Social Responsibility) doirasida Gʻarb kompaniyalari inson huquqlari buzlishi evaziga yetishtirilgan mahsulotdan foydalana olmasdi.
Natijada 2008 yilda Cotton Campaign xalqaro nodavlat tashkiloti tashabbusi bilan AQShning San-Fransisko shahrida inson huquqlari himoyachilari, yuristlar va jahonga mashhur yirik brendlarning vakillari Oʻzbekiston paxtasiga boykot eʼlon qilish yoʻllarini muhokama etishdi. Boykot uchun aniq maqsad qoʻyildi: Oʻzbekiston hukumatini majburiy va bolalar mehnatidan voz kechishga majburlash, paxta bilan bogʻliq ishlarda jahon standartlariga muvofiq sharoitlar yaratish, fermerlar yetishtirgan paxtani bozor narxlarida sotib olishga majburlash! Eng asosiysi – mustaqil monitoring tashkilotlariga paxta yetishtirish va terib olish jarayonlarini oʻrganishlariga toʻsqinlik qilmaslik sharti qoʻyildi.
Alal-oqibat, 2009 yilda Adidas, Amazon, Burberry, Disney, Gap, Gucci, Ikea, Lacoste, Nike, Puma, Uniqlo, Zara kabi 331 ta mashhur brend va riteylerlar Oʻzbekiston paxtasi va paxta mahsulotlariga boykot eʼlon qilib, ularni sotib olmaslikka kelishib olishdi. Ular oʻz taʼminot zanjirlarini oʻzgartirib, paxta tolasini boshqa taʼminotchilardan sotib olishni yoʻlga qoʻydi.
2016 yilda Oʻzbekiston yangi maʼmuriyati keng demokratik va liberal islohotlarni boshladi. Bolalar va majburiy mehnatga barham berildi. Bunday oʻzgarishlardan qoniqqan xalqaro iqtisodiy hamjamiyat 2022 yil mart oyiga kelib boykotni bekor qildi.
Nima qilish mumkin?
Avvalo, ishlab chiqarish zanjirining shaffof boʻlishiga erishish lozim. Kompaniyalar taʼminot zanjiri tafsilotlarini oshkor qilishlari shart.
Ikkinchidan, isteʼmolchilarning bosimi ham katta ahamiyatga ega. Yaʼni xaridorlar faqat axloqiy va ijtimoiy masʼuliyatga rioya qiluvchi brendlarning tovarlarini sotib olishga oʻtsa, yirik kompaniyalarni oʻylantirib qoʻyishi aniq.
Uchinchidan, mahalliy va xalqaro qonunchilikni takomillashtirish shart. Davlatlar va xalqaro tashkilotlar ishlab chiqarish korxonalaridagi mehnat sharoitlari ustidan nazoratni kuchaytirishlari lozim boʻladi.
Bitta savol...
Bundan buyon lyuks brendlarga xos mahsulotlarni sotib olganingizda, bu tovar ortida nimalar turganini yodga oling. Muvaffaqiyat va boylik timsoliga aylangan Louis Vuitton, Prada va Zara kabi lyuks brendlar millionlab odamlarning azoblari, baxtsizliklari va armonlari ustiga qurilganini unutmang. Har safar yorqin logotipli biror narsani sotib olganimizda, oʻzimiz istamagan holda ushbu ekspluatatsiya mashinasining bir qismiga aylanamiz. Shu bois bitta savol ochiq qoladi: siz ushbu haqiqatni qabul qilishga tayyormisiz yoki bu haqiqatga koʻz yumib yashashda davom etasizmi?
Abulfayz Sayidasqarov