Toshkentda qalbaki 200 ming soʻmlik tayyorlaganlar ushlandi
Ular 200 ming soʻmlik kupyuradagi jami 300 dona 60 mln soʻm qalbaki pullarni 20 mln soʻmga sotayogan vaqtida qoʻlga tushgan.

Toshkent shahrida 200 ming soʻmlik qalbaki kupyuralarni tayyorlagan shaxslar ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning ijtimoiy sohada korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi, Chilonzor tumani boʻlimi va Bojxona qoʻmitasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda fuqaro E.A. fuqaro J.X.ga 200 ming soʻmlik kupyuradagi jami 300 dona 60 mln soʻm qalbaki pullarni 20 mln soʻmga sotgan vaqtida ushlangan.
Fuqaroning “Monza” rusumli avtomashinasidan 4 dona qalbaki kupyura hamda 200 ming soʻmlik milliy valyuta surati tushirilgan 89 dona A4 formatdagi qogʻozlar, chizgʻich, qaychi va kanselyariya pichogʻi hamda fuqarolar D.T. va J.Z.dan kompyuter va rangli printer ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.