platina.uz

Qarorgohlar: Isroil rahbari qayerlarda yashaydi?

Uning rasmiy uylari, qarorgohlari va idoralari mamlakat siyosiy va davlat infratuzilmasining muhim obʼektlari hisoblanadi.

Video
14-dekabr 2024 yil

Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolarning mantiqiy davomi sifatida, Isroil bosh vaziri qarorgohiga uchuvchisiz parvoz apparati hujum qildi. Bosh vazir va uning rafiqasi hujum paytida boshqa joyda boʻlgan.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahuning Kesariyadagi qarorgohiga 19 oktabr kuni ertalab Livandan uchirilgan dron hujum qilgan. Qurbonlar va yaralanganlar boʻlmadi.

Isroil tomoni bu dron hujumi Eron hukumatining buyrugʻi va buyurtmasi bilan amalga oshirilgan degan bayonot tarqatdi.

Benyamin Netanyaxu Isroil tarixidagi eng mashhur va eng uzoq vaqt xizmat qilgan bosh vazirlardan biri. Uning rasmiy uylari, qarorgohlari va idoralari mamlakat siyosiy va davlat infratuzilmasining muhim obʼektlari hisoblanadi. Ular nafaqat uy-joy va ish joylari, balki muhim muzokaralar oʻtkazish va xorijiy delegatsiyalarni qabul qilish maskani sifatida ham xizmat qiladi.

“Balfur-3”

Bosh vazirning rasmiy qarorgohi “Balfur 3” hisoblanadi. U Quddus shahridagi Balfur koʻchasi, 3-uyda joylashgan. Bu bino 1974 yildan beri Isroil bosh vazirlarining qarorgohi hisoblanadi. Bu koʻchaga Isroil davlatini yaratishga qoʻshgan hissasi bilan tanilgan britaniyalik siyosatchi Artur Balfur nomi berilgan.

“Balfur-3” yashash uchun qulay xonalar, ish kabinetlari, mehmonlarni qabul qilish va muzokaralar oʻtkazish uchun xonalar, shuningdek, xavfsizlik va qoʻriqlash xizmatlari uchun zonadan iborat. Binoning mavqesi va uning vazifalarini hisobga olgan holda, turar-joy zamonaviy aloqa vositalari, xavfsizlik va kirishni nazorat qilish bilan jihozlangan.

“Balfur-3” qarorgohi soʻnggi yillarda katta taʼmirlash va yangilanishlarga guvoh boʻldi. Masalan, 2016 yilda xavfsizlik va qulaylik tizimlarini takomillashtirish ishlari olib borildi. Bu taʼmirlashga deyarli 600 ming AQSh dollari sarflangani taxmin qilinadi. Bunday katta xarajatlar Isroil jamoatchiligi va muxolifatning tanqidiga sabab boʻldi.

“Kesariya”

Livandan uchirilgan dron hujum qilgan ushbu istehkom, Netanyahu oilasining shaxsiy qarorgohi boʻlib. Oʻrta yer dengizi sohilidagi Kesariya shahrida joylashgan. Bu qarorgoh Netanyaxu va uning oilasi uchun u mansabdan ketgan paytida ham dam olish va shaxsiy hayot joyi boʻlib xizmat qilgan.

Kesariyadagi xususiy turar joyning tartibi va chizmalari haqidagi aniq maʼlumotlar xavfsizlik nuqtai nazaridan oshkor etilmagan. Uy barcha zarur qulayliklar, jumladan, keng yashash xonalari, basseyn, ayvon va shaxsiy uchrashuvlar va tadbirlar uchun xonalar bilan jihozlangani maʼlum.

Qarorgohning kuchaytirilgan xavfsizligi va xavfsizlik tizimlarini oʻrnatish davlat byudjeti hisobidan taʼminlanadi. 2019 yilda mazkur qarorgoh perimetrmni mustahkamlash va kuzatuv tizimini oʻrnatish boʻyicha qoʻshimcha ishlar amalga oshirilgan boʻlib, taxminan 150 ming dollar xarajat qilingan.

Likud shtab-kvartirasi – Netanyaxuning siyosiy bazasi

Likud partiyasining shtab-kvartirasi Tel-Avivda joylashgan. Bu uchrashuvlar oʻtkaziladigan, strategiyalar rejalashtiriladigan va siyosiy kampaniyalar muvofiqlashtiriladigan asosiy joy hisoblanadi.

Ushbu shtab majlislar xonalari, maʼmuriy xodimlar uchun kabinetlar, shuningdek, matbuot va ommaviy axborot vositalari bilan ishlash uchun maxsus joylar bilan jihozlangan. Bu yerda strategik uchrashuvlar, partiya faollari bilan uchrashuvlar, saylovoldi tashviqotiga tayyorgarlik koʻriladi.

Shtab-kvartira Likud partiyasi byudjeti hisobidan, shuningdek, xususiy donorlarning xayriyalari va koʻmagi tomonidan moliyalashtiriladi. Bosh qarorgoh ekspluatatsiyasi ijara haqi, xodimlarning ish haqi va tadbir xarajatlarini hisobga olgan holda yiliga taxminan 2 million AQSh dollarini tashkil etadi.

Bosh vazirning Quddus shahridagi idorasi

Bosh vazirning idorasi Quddusdagi hukumat majmuasida joylashgan. Bu bino Isroil davlati tashkil topganidan beri hukumat rahbari va uning jamoasining asosiy ish joyi boʻlib xizmat qilib keladi.

Bosh vazirning ofis binosida ofislar, majlislar zallari, konferensiya zallari hamda xavfsizlik va razvedka xizmatlari uchun xonalar mavjud. Ofis davlat hujjatlari va muzokaralar xavfsizligini taʼminlash uchun zarur boʻlgan zamonaviy aloqa va xavfsizlik uskunalari bilan jihozlangan.

Bosh vazir qarorgohi zamonaviy xavfsizlik va samaradorlik talablariga javob berish uchun vaqti-vaqti bilan modernizatsiya qilib turiladi. Oxirgi kapital rekonstruksiya 2018 yilda yakunlandi va davlatga taxminan 5 million AQSh dollariga tushdi.

Qarorgohlarni moliyalashtirish manbai

Bu obʼektlarning barchasi asosan Isroil davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladi. Mablagʻlar davlat byudjetining yuqori mansabdor shaxslarning xavfsizligi va taʼminoti bilan bogʻliq turli moddalariga muvofiq ajratiladi. Obʼektlarni taʼmirlash va modernizatsiya qilish uchun sarflanadigan xarajatlar, ayniqsa, mablagʻlar haddan tashqari koʻp boʻlib koʻrinsa, koʻpincha jamoatchilik va muxolifatning tanqidiga sabab boʻladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+