“Orzu” bolalar tanlovi gʻoliblari munosib taqdirlandi
“Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi doirasida poytaxtning isteʼdodli bolalari uchun “Orzu” bolalar ijodiyoti tanlovi tashkil etildi va barcha yoʻnalishlar boʻyicha gʻoliblar taqdirlandi.

Bir hafta mobaynida qizgʻin bahs-munozaralarga boy tarzda oʻtgan mazkur tanlovga 2153 ta ariza roʻyxatdan oʻtkazildi. Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan 6 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan bolalar uch yosh toifasida (6–8 yosh, 9–11 yosh va 12–14 yosh) oʻzaro bellashdi.



Ishtirokchilar 6 yoʻnalishda — vokal (milliy va akademik ijro, estrada, folklor hamda xor guruhlari boʻyicha), adabiyot yoʻnalishi ishtirokchilari nazm (sheʼr, gʻazal, doston) hamda nasr (hikoya va ertaklar), klassika (fortepiano, torli-kamonli, damli va zarbli cholgʻu asboblari), raqs (milliy, ball hamda zamonaviy raqslar), cholgʻu (plektorli, kamonli, damli va zarbli cholgʻu asboblari) hamda tasviriy va amaliy sanʼat kabi yoʻnalishlarda ishtirok etdi.
Har bir yoʻnalish shaffof oʻtishi uchun Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi, Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada sanʼati instituti, Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutidan malakali mutaxassislar jalb qilindi.
Yakunda ikki mingdan ziyod ishtirokchidan 50 nafar isteʼdodli bolalar sovrindorlikni qoʻlga kiritdi.



Taqdirlash marosimida Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari Durdona Rahimova sovrindor bolalarni samimiy tabriklab, gʻoliblarni diplom, statuetka va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirladi.
Ushbu hayajonli daqiqalar bolalarga nafaqat quvonch ulashdi, balki ularni yanada sermahsul ijod qilishga ruhlantirdi. Taqdirlash marosimida bolalar ishtirokida namoyish etilgan tantanali konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.