Rossiya Ukraina hududiga ommaviy raketa zarbasi uyushtirdi
Ukrainaga jami 93 ta raketa va 200 ga yaqin dron uchirilgan. Mamlakat aholisining qariyb yarmi elektrsiz qolgani aytilmoqda.

Rossiya 13 dekabr kuni Ukrainaga 93 ta raketa va 200 ga yaqin dron uchirdi. Bu haqda Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy maʼlumot berdi.
"Bu bizning energetika sohamizga qilingan eng katta hujumlardan biri", dedi Vladimir Zelenskiy va kamida bitta raketa Shimoliy Koreyaga tegishli ekanligini aytdi.
"Biz 81 ta raketani urib tushirishga muvaffaq boʻldik, shundan 11 ta qanotli raketa F-16 samolyotlarimiz tufayli urib tushirildi", — dedi Zelenskiy.
Zelenskiy yana Gʻarb ittifoqchilarini Ukrainani zamonaviy havo mudofaa tizimlari, xususan Patriot tizimlari bilan taʼminlashga, raketalarni samarali tutib olishga va Rossiyaga qurol ishlab chiqarish qobiliyatini cheklash uchun sanksiyalarni kuchaytirishga chaqirdi.
Oʻz navbatida Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainadagi muhim yoqilgʻi-energetika infratuzilmasi obʼektlariga hujumlar sodir etilganini maʼlum qildi.
Hujum 11 dekabr kuni Taganrogdagi harbiy aerodromda Amerikaning ATACAMS raketasidan foydalanishga javob boʻlgani aytilgan.
Mudofaa vazirligining aniqlik kiritishicha, zarbalarda uzoq masofaga uchuvchi havo va dengiz qurollari, shuningdek, uchuvchisiz samolyotlar qoʻllangan. "Ukraina yoqilgʻi-energetika infratuzilmasining muhim muhim obʼektlariga, harbiy-sanoat kompleksining ishlashini taʼminlashga katta zarba berildi", deyiladi departament bayonotida.
Ukrainaning bir qancha viloyatlari rasmiylari energetika infratuzilmasiga zarar yetkazilgani haqida xabar bergan. "Ukrenergo" shirkati mamlakat aholisining yarmiga yaqini elektr energiyasiz qolganini maʼlum qildi.




