Raqobat qoʻmitasi "Yandex"ni ogohlantirdi
"Yandex Go" platformasida taksi xizmatlari narxi oshishi kuzatilmoqda va bu eʼtirozlarga sabab boʻldi.

Raqobat qoʻmitasi tomonidan "YANDEXGO UB" MChJ ogohlantirildi.
MChJ Raqobat qoʻmitasi tomonidan ustun mavqega ega raqamli platforma operator sifatida eʼtirof etilgan.
Bugungi kunda "Yandex Go" platformasida taksida yoʻlovchi tashish xizmatlari narxlari oshishi kuzatilmoqda va ushbu holat yuzasidan isteʼmolchilardan Qoʻmitaga murojaatlar kelib tushmoqda.
Mazkur holatlar yuzasidan platformaning dekabr oyidagi dastlabki 10 kunlik xizmat narxlari monitoring qilinganda narxlar dinamikasida keskin oʻzgarish kuzatilganligi aniqlandi.
"Raqobat toʻgʻrisida"gi Qonunga asosan, ustun mavqega ega deb eʼtirof etilgan xoʻjalik yurituvchi subʼektning ustun mavqeini suiisteʼmol qilish, xususan monopol yuqori narx belgilash taqiqlanadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Raqobat qoʻmitasi “YandexGo UB” MChJni taksida yoʻlovchi tashish xizmatlari narxlarini pasaytirish boʻyicha chora koʻrish hamda platforma narx algoritmini qayta koʻrib chiqishi boʻyicha ogohlantirdi.