Nogironligi boʻlgan ishchilar uchun ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilanadi
Yil boshidan nogironligi borlar Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo va Surxondaryoda 10 foizga koʻpaydi. Bu koʻrsatkich 20 ta tumanda 12 foizdan yuqoridir.

Prezident yigʻilishida nogiron shaxslarga yangi imkoniyatlar berilishi maʼlum qilindi.
Nogironligi borlarga beriladigan protez va reabilitatsiya vositalari roʻyxati 18 tadan 30 taga, mablagʻi esa 1,5 barobarga oshirildi. Buning evaziga yil boshidan 100 ming odamni ehtiyoji taʼminlandi. Endi roʻyxatga yana 7 turdagi vositalar qoʻshilishi belgilandi.
Ijtimoiy xizmat agentligiga viloyat hokimlari bilan birgalikda 2025 yilda 80 ming muhtoj odamga zarur protez vositalarini yetkazib berish topshirildi.
Yaratilgan imkoniyatlar hisobiga bu yil tadbirkorlar 40 ming nogironligi borlarni ishga oldi.
Buni yanada kengaytirish maqsadida 1 yanvardan nogironligi boʻlgan ishchilar uchun ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilanadi. Korxonalarga surdotarjimon, psixolog va koʻzi ojizlar uchun hamrohlik xizmati xarajati uchun 50 million soʻmgacha subsidiya ajratiladi.
Bunday odamlarni ishga joylagan xususiy bandlik kompaniyalariga 500 million soʻmgacha grant beriladi. Bunda, ushbu kompaniyalar ishlash istagi bor odamlarni aniqlab, ularni oʻqitadi, korxona talabiga moslashtiradi, ish davrini dastlabki 6 oyida hamrohlik qiladi.
Bugungi kunda 65 turdagi ijtimoiy xizmat va yordam olish uchun fuqarolar tugʻilganlik, nogironlik toʻgʻrisida, pensiya, talabalik guvohnomasi, bank kartasi kabi 10 dan ortiq hujjatni koʻtarib yurishga majbur.
Bunday ovoragarchilikka chek qoʻyish vaqti kelganini taʼkidlab, Prezident barcha hujjatlarni oʻrnini bosadigan bitta – ijtimoiy karta joriy etilishini eʼlon qildi.
Ijtimoiy karta bilan avtobus va metroda bepul yurish, elektr, gaz va oʻqish xarajatiga kompensatsiya olish mumkin boʻladi, nafaqa va yordam pullari ham shu kartaga tushadi.
Bu tizim 1 iyulgacha Toshkent shahri va Yangiyoʻl tumanida sinovdan oʻtkaziladi, yil yakunigacha hamma joyda ishga tushiriladi.
Yigʻilish kun tartibidagi navbatdagi masala nogironligi borlar bilan ishlash boʻldi.
Yil boshidan nogironligi borlar Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo va Surxondaryoda 10 foizga koʻpaydi. Bu koʻrsatkich 20 ta tumanda 12 foizdan yuqori.
Qaysi hokim bu masalani ichiga kirib, sabablarini oʻrgandi, degan savolga ijobiy javob yoʻqligi qayd etildi. Respublika boʻyicha 33 ta tumanda nogironligi borlarni reabilitatsiya qamrovi 1 foizga ham yetmasligi tanqid qilindi.
Shu bois soha uchun masʼullar kelgusi yilda reabilitatsiya boʻyicha keskin oʻzgarish qilishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.
Buning uchun har bir viloyat, tuman shifoxonasida reabilitatsiya xizmatlari yoʻlga qoʻyiladi. 12 ta nogironlik reabilitatsiya markazida ergoterapiya, fizioterapiya, davolash-gimnastika xizmatlari qamrovi 5 karra oshiriladi.
7 ta tibbiyot oliygohida reabilitatsiya kafedralari ochiladi, professor-oʻqituvchilar Koreya tajribasi asosida qayta oʻqitiladi. Respublika reabilitatsiya markaziga Koreya va Yaponiyadan ekspertlar olib kelinib, mahalliy mutaxassislar malakasi oshiriladi.