platina.uz
Iqtisod

Energetika sohasida 3,7 mlrd dollarlik quvvatlar ishga tushirildi

Buxoro, Navoiy, Namangan va Toshkent viloyatlarida salkam 2,3 ming megavatt quvvatga ega 5 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda yuqori kuchlanishli podstansiyalar ishga tushirilmoqda.

Energetika sohasida 3,7 mlrd dollarlik quvvatlar ishga tushirildi
Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev energetika sohasidagi obʼektlar va loyihalarni ishga tushirish marosimida nutq soʻzlamoqda.

Davlat rahbari qiymati 3,7 milliard dollarlik 18 ta yangi quvvatlar ishga tushirilayotgani va navbatdagi 6 ta loyiha qurilishiga start berilayotganini energetika sohasidagi tarixiy voqea deb atadi.

Xususan, Buxoro, Navoiy, Namangan va Toshkent viloyatlarida salkam 2,3 ming megavatt quvvatga ega 5 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda 5 ta yuqori kuchlanishli podstansiya ishga tushirilmoqda.

Oʻzbekistonda ilk bor Andijon va Fargʻonada 300 megavattli yirik saqlash tizimi barpo etildi.

Shuningdek, Qashqadaryoda 400 megavattli elektr stansiyasi, Toshkent shahrida zamonaviy kogeneratsiya qurilmasi, Andijon, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida 4 ta kichik GES foydalanishga topshirilmoqda.

Xorijiy sheriklar bilan hamkorlikni izchil davom ettirish yoʻlidagi yangi sahifa sifatida Fargʻona, Samarqand, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida qiymati 3,5 milliard dollar boʻlgan 2,5 ming megavattli 6 ta elektr quvvatlari qurilishi boshlanmoqda.

Bugun ishga tushayotgan quvvatlar va yangi loyihalar orqali kelgusi yillarda qoʻshimcha 9,5 milliard kilovatt-soat elektr ishlab chiqarilib, 2,5 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi, 4,6 million tonna zararli gazlar chiqarilishi oldi olinadi.

Eng muhimi – 4 milliondan ziyod xonadon uzluksiz toza energiya bilan taʼminlanadi.

Bu, oʻz navbatida, iqtisodiyotning boshqa sohalarida ham 4 milliard dollarlik qoʻshilgan qiymat yaratishga turtki beradi.

Umuman olganda, kelgusi yili jami 84 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu – 2016 yilga nisbatan 25 milliard kilovatt-soat yoki 1,5 barobar koʻp deganidir.

Bu loyihalar ishonchli hamkorlar boʻlgan “Masdar”, “Akva Pauer”, “Aksa enerji”, Xitoy va Germaniyaning nufuzli kompaniyalari bilan amalga oshirilmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid