“Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi doirasida yoshlar bandligiga alohida eʼtibor qaratilmoqda
Poytaxtda yoshlar uchun “Kelajak Expo” va “Diplomsiz ish” mehnat yarmarkalari tashkil etildi. Ushbu loyihalar ish beruvchilar va yoshlar oʻrtasida koʻprik vazifasini bajarmoqda.

11–13 dekabr kunlari Toshkent shahridagi “Alpomish” sport saroyida “Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi doirasida yirik tashkilotlar ishtirokida oliy taʼlim muassasalari bitiruvchi talabalari uchun “Kelajak Expo” hamda mutaxassislik talab etilmaydigan kasblar boʻyicha “Diplomsiz ish” mehnat yarmarkalari oʻtkazilmoqda.
Mazkur mehnat yarmarkalarini oʻtkazishdan maqsad Toshkent shahridagi oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini oʻz mutaxassisligi boʻyicha ish topishlari hamda mutaxassislikka ega boʻlmagan ishsiz yoshlarni ish bilan taʼminlashda koʻmaklashishdir.
Mehnat yarmarkalarida ish beruvchi sifatida davlat tashkilotlari, nodavlat tashkilotlar, yirik tarmoqli kompaniyalar, tijorat banklari, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarida faoliyat yuritayotgan 200 ga yaqin yuridik shaxslar ishtirok etishmoqda.




Tashkil etilgan tadbirlarda ish beruvchi tashkilotlar oʻz faoliyatlari haqida ishtirokchi yoshlarga batafsil axborotlarni berishdi va yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan mehnat yarmarkasi ish beruvchi va ishga talabgor yoshlarning muloqotlari uchun keng sharoitlar yaratilganligi alohida taʼkidlandi.
