"Tolibon" vaziri terakt oqibatida halok boʻldi
Ushbu terakt uchun javobgarlikni IShID guruhi oʻz zimmasiga olgan.

Afgʻoniston hukumatining qochqinlar boʻyicha vaziri Xalil Haqqoniy terakt oqibatida halok boʻldi.
IShID terrorchilik tashkiloti "Tolibon" migratsiya vaziri Xalil Haqqoniyning oʻldirilishi uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga oldi, deb xabar bermoqda Aamaj News agentligi.
"IShID Xalil Haqqoniy ushbu guruh aʼzosi tomonidan amalga oshirilgan xudkushlik hujumida oʻldirilganini eʼlon qildi", — deyiladi xabarda.
11 dekabr kuni Associated Press agentligi" Tolibon" tuzgan Afgʻoniston hukumatining qochqinlar boʻyicha vaziri Xalil Haqqoniyning terakt oqibatida halok boʻlgani haqida xabar bergan edi.
Vazirdan tashqari yana ikki kishi halok boʻldi.
"Tolibon" hukumati soʻzlovchisi Zabihulloh Mujohid Haqqoniyning oʻlimini "katta yoʻqotish" deb atadi va uni "umrini Islomni himoya qilish uchun sarflagan muqaddas kurashchi" deb taʼrifladi.