2025 yilda darsliklar ijarasidan toʻlov olinmaydi
81 mln nusxa darsliklar va mashq daftarlari uchun jami 1,3 trln soʻmni toʻliq Davlat byudjetidan qoplash koʻzda tutilgan.

2025 yilda maktab oʻquvchilaridan darsliklar ijarasi uchun toʻlov olinmaydi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
2025–2027 yillarga moʻljallangan Fiskal strategiya asosida ishlab chiqilgan Byudjetnoma loyihasida 2025–2026-oʻquv yilidan 2–11-sinflarda bir toʻplam darslik va mashq daftarlari uchun ijara toʻlovi undirish tizimini joriy etish yuzasidan tegishli takliflar taqdim etilgan edi.
Byudjet jarayonlarini shakllantirishda vazirlik tomonidan, birinchi navbatda, iqtisodiy oʻsishning barqaror yuqori surʼatlari hamda iqtisodiy va ijtimoiy sohaning moliyaviy mutanosibligini taʼminlashda davlatning ijtimoiy majburiyatlarini toʻliq hamda oʻz vaqtida bajarishga ustuvor eʼtibor qaratiladi. Bunda, samaradorlikni oshirish maqsadida turli yoʻnalishlar boʻyicha tahlillar oʻtkaziladi.
2024 yilda maktab oʻquvchilari uchun 83,2 mln nusxa darslik va mashq daftarlarini yetkazib berish uchun Davlat byudjetidan jami 1,5 trln soʻm ajratilgan.
Ushbu mablagʻlardan 435,5 mlrd soʻmi (yoki 36 foizi) davriyligi 1 yil hisoblanadigan hamda har yili yangidan chop etiladigan mashq daftarlari uchun yoʻnaltirilgan.
2025 yilda esa 81 mln nusxa darsliklar va mashq daftarlari uchun jami 1,3 trln soʻm mablagʻlarni toʻliq Davlat byudjetidan qoplash koʻzda tutilgan.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlardagi faol foydalanuvchilar tomonidan chop etilgan postlarda Budjet loyihasida Kitob jamgʻarmasi xarajat va daromadlari koʻrsatilmaganiga eʼtibor qaratilgan. Kitob jamgʻarmasi faoliyati toʻxtatilgan va yangi jamgʻarma tashkil qilinmagani sababli loyihada bu boʻyicha maʼlumotlar aks ettirilmagan.
2025 yil uchun Davlat budjeti doirasida koʻzda tutilgan mablagʻlar yangi oʻquv yilida oʻquvchilarni darsliklar va mashq daftarlari bilan taʼminlash boʻyicha ehtiyojni toʻliq qoplash imkonini beradi.
Bunda, ota-onalardan darsliklar va mashq daftarlari ijarasi uchun qoʻshimcha toʻlov undirish rejalashtirilmagan.
