platina.uz

Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin bilan gaplashdi

Suhbatda Ukraina va Suriya atrofidagi voqealar ham muhokama qilingan. 

Siyosat
11-dekabr 2024 yil
Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin bilan gaplashdi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin telefon muloqoti oʻtkazdilar.

11 dekabr kuni boʻlib oʻtgan telefon orqali muloqotda Oʻzbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qilindi.

Rossiya Prezidentining joriy yil may oyida Oʻzbekistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni yetakchilar tomonidan tasdiqlangan "yoʻl xaritasi" asosida amalga oshirish masalalari atroflicha koʻrib chiqildi.

Kuni kecha Moskva shahrida oʻtgan Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiyaning navbatdagi yigʻilishi va ikki tomonlama muzokaralarning natijalari yuqori baholandi.

Oʻzaro tovar ayirboshlash koʻrsatkichlari oʻsishini taʼminlash, sanoat, energetika, transport, qishloq xoʻjaligi va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish, Oʻzbekiston va Rossiya hududlari hamda ishbilarmon tashkilotlari darajasida faol muloqotlarni davom ettirishga qaratilgan oʻzaro muvofiqlashtirilgan choralar koʻrish muhimligi taʼkidlandi.

Innovatsiyalar, sunʼiy intellekt, taʼlim va tibbiyot sohalarida hamkorlik kengayib borayotgani qayd etildi. Noyabr oyida Rossiyada Oʻzbekiston madaniyati kunlari doirasidagi tadbirlar muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Joriy yil dekabr oyi oxirida boʻlib oʻtadigan oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik koʻrish nuqtai nazaridan mintaqaviy tashkilotlardagi koʻp tomonlama hamkorlik yuzasidan ham fikr almashildi.

Shuningdek, suhbatda Ukraina va Suriya atrofidagi voqealar ham muhokama qilingan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+