Poytaxtda TOP 100 oʻquv markazlar yarmarkasi oʻtkazildi
“Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi qizgʻin davom etyapti. Tashkilotchilar ushbu oylik doirasida yoshlarning barcha qatlamini qamrab olishga qaratilgan loyihalarni taqdim etmoqda.
10 dekabr kuni Toshkent shahridagi “Alpomish” muz saroyida “Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi doirasida Toshkent shahrining TOP 100 ta oʻquv markazlari yarmarkasi oʻtkazildi.
Unda Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari Durdona Rahimova, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev, shuningdek, mingdan ortiq litsey va maktab bitiruvchilari hamda poytaxtda faoliyat yuritayotgan oʻquv markazlar vakillari ishtirok etishdi.
Mazkur yarmarkadan koʻzlangan maqsad oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga tayyorgarlik koʻrayotgan yoshlarni sifatli taʼlim markazlari bilan tanishtirish, ularni malakali mutaxassislarga yoʻnaltirish, shuningdek, yetakchi oʻquv markazlariga oʻquvchilar orasida oʻz imkoniyatlarini targʻib qilishga imkoniyat yaratish kabi vazifalardan iborat.
Ushbu yarmarka orqali yoshlar nafaqat taʼlim beruvchi, balki kasb-hunar oʻrgatuvchi oʻquv markazlari bilan ham tanishish imkoniyatiga ega boʻldi.