Ochilmagan sirlar: Mohenja-Daroni yadro urushi vayron qilganmi?
Yadro bombasi Ikkinchi jahon urushidan keyin ixtiro qilingan va sinab koʻrilgan boʻlsa, minglab yil avvalgi madaniyat vakillari bu texnologiyalarni qayerdan olgan?
Mohenja-Daro... Bu nom asrlar qaʼridan elas-elas kelayotgan shivirlashga oʻxshab eshitiladi. Bir necha ming yillar avvalgi davrlarni yodga soladi.
Sanskrit tilidan tarjima qilinganda, “Moʻinju Daru” – "Oʻliklar tepaligi" degan maʼnoni anglatadi. Hind daryosi boʻyida yoʻqolgan bu shahar haqiqatan ham koʻplab sirlarni oʻz bagʻriga yashirgan.
Qadimiy madaniyat markazi
Hozir Pokistonning Sind viloyati hududida, zamonaviy Larkana shahridan 28 km janubda joylashgan qadimiy Mohenja Daro shahri 250 gektardan ziyod maydonni egallagan. Bu yerda taxminan 35 ming kishi yashagan. Arxeologik topilmalarga qaraganda, Mohenja-Daro qishloq xoʻjaligi muzofotining markazi, hunarmandchilar shahri boʻlgan. Ular metal va toshga ishlov berish, kulolchilik, zargarlik buyumlari yasash hamda tijorat bilan shugʻullanishgan.
Arxelog va tarixchilarga koʻra, Mohenja-Daro eramizdan avvalgi 2600 yilda paydo boʻlgan va bundan 900 yilcha avval odamlar uni toʻsatdan tark etishgan. Ushbu qadimiy shahar vayronalari hamon arxeologlar, tarixchilar va fitna nazariyalari muxlislari orasida hayrat va savollarni keltirib chiqaradi. Bu qadimiy makon aholisi kim boʻlgan? Toʻrt ming yil oldin bu yerda nimalar roʻy bergan? Nega ularning aniq muhandislik hisob-kitoblari asosida qurilgan shahri yoʻqolib ketishga mahkum boʻlgan? Nega bu yerda 4000 yil avval yadro bombasi portlagan deb oʻylashadi? Yadro bombasi Ikkinchi jahon urushidan keyin ixtiro qilingan va sinab koʻrilgan boʻlsa, minglab yil avvalgi madaniyat vakillari bu texnologiyalarni qayerdan olgan?
Bu gipoteza shunchalik aql bovar qilmaydiganki, u post-apokalipsis haqidagi kinofilm ssenariysiga oʻxshaydi, aqlni mahv etadi va tasavvurni hayajonga soladi. Bu voqea olimlarni ham, konspiratsiya muxlislarini ham savollarga koʻmib tashlaydi. Ammo bu boradagi bahslarda ilmiy haqiqat qayerda tugaydiyu, xayoliy taxminlar qayerdan boshlanadi?
Orzular shahri: oʻliklar tepaligidagi hayot
Tor koʻchalari keng xiyobonlar bilan tutashib ketgan, pishiq gʻishtdan qurilgan uylar zamonaviy mahallalarni eslatuvchi gavjum poytaxt shaharni tasavvur qiling. Bu shaharda hatto kanalizatsiya tizimi ham boʻlgan. Bunday qulaylikni koʻpchilik qadimgi sivilizatsiyalar orzu qila olmagan. Mohenja-Daro aholisi savdo-sotiq bilan shugʻullangan, sanʼatga oshufta boʻlgan, dehqonchilik bilan shugʻullangan, oʻz ilohlarini oʻylab topib, ularga sigʻinish bilan koʻngillariga taskin izlagan.
Surat:
Va toʻsatdan – hamma narsa gʻoyib boʻladi. Shahar boʻshab qoladi. Uylar vayronaga aylanadi. Koʻchalar oʻt-oʻlanlarga toʻladi. Bir vaqtlar hayot va madaniyat gurkiragan maʼvo oʻlimni eslatuvchi sokin va ochiq qabristonga aylanadi.
XX asrda qazish ishlarini boshlagan arxeologlar oʻz koʻzlariga ishona olmadilar: ming yillar avval bu shaharda taraqqiyot jihatidan qadimgi dunyoning boshqa buyuk madaniyatlaridan qolishmaydigan sivilizatsiya izlari topiladi.
Ammo ular topgan narsalar yanada koʻproq savollar tugʻdirdi. Shaharning baʼzi qismlari goʻyo aql bovar qilmaydigan kuchli alanga bilan yoqib yuborilganga oʻxshardi. Bu yerlardagi tosh va gʻishtlar kuchli issiqlikdan erib, shishaga aylanib ketgan. Inson skeletlari esa koʻchalarda tartibsiz sochilib yotibdi – goʻyo oʻlim ularga toʻsatdan, hech kim kutmagan paytda roʻbaru kelgan. Bu topilmalar eng keskin farazlardan biri uchun asos boʻldi: shahar yadro bombasi portlashi oqibatida vayron boʻlgandir ehtimol?
Shaharni toʻsatdan tark etishlari borasida olimlar turli taxminlarni ilgari surishgan. Masalan, dushman bostirib kelgan boʻlishi va aholi sarosimaga tushib shaharni tark etib, qaytib kelishga qoʻrqqan boʻlishi mumkin. Yoki suv toshqini va boshqa ekologik tabiiy ofatlar ham sababchi qilib koʻrsatiladi. Ammo diqqatni tortadigan taxminlardan biri – bu shaharga qadimiy madaniyat vakillari (yoki oʻzga sayyoraliklar) hujum qilib, atom bombasi tashlagan va shahar bir zumda kimsasiz xarobaga aylangan.
Qadimgi atom bombasi portlashlari taxmini tarafdorlarining dalillari
Mohenja-Darodagi yadro urushi nazariyasi bir nechta hayratlanarli faktlar bilan tasdiqlanadi bir qarashda:
- Yuqori harorat izlari. Shaharning baʼzi joylarida goʻyo aql bovar qilmaydigan issiqlik taʼsirida erib ketgan gʻisht va toshlar topilgan. Zero, gʻisht va qumlar erib shishaga aylanishi uchun 1300 daraja issiqlik kerak. 4000 yil avval bu haroratni hosil qilish va saqlab turish texnologiyalari mavjud boʻlmagan. Bunday vayronagarchilik bizga Xirosima va Nagasaki voqealaridan maʼlum yadroviy portlashlarning oqibatlarini eslatadi.
- Ochiq havoda skeletlari topildi. Birinchi tadqiqotchilarning fikriga koʻra, shahar koʻchalarida topilgan odamlarning qoldiqlari tabiiy koʻrinmagan. Bundan tashqari, baʼzi maʼlumotlarga koʻra, bu suyaklar tarkibida radiatsiya taʼsirida paydo boʻluvchi radioaktivlik darajasi odatdagidan yuqori boʻlgan.
- Qadimgi hind afsonalari. Yadro urushi tarafdorlari “Mahabhorat”, “Ramayana” kabi afsonaviy asarlarni misol keltirishadi. Ular butun boshli shaharlarni yoʻq qilib yuborishga qodir qurollarni eslatib oʻtadilar. Ayniqsa, "Brahmastra" – kuchi goʻyoki "ming quyosh" bilan taqqoslanadigan qurolga urgʻu berishadi.
Ammo bu dalillar qanchalik haqiqat? Qay darajada xayolot mahsuli hisoblanadi. Yoki biz oddiy izohlardan koʻra afsonaviy va dramatik javoblarga insoniy moyilligimiz koʻzimizni boylayaptimi?
Ilm-fan fantastikaga qarshi: mutaxassislar nima deyishadi?
Mohenja-Daroni oʻrgangan olimlarning taʼkidlashicha, yadro urushi haqidagi nazariya shunchaki afsonadir. Ular ushbu fikr isboti sifatida quyidagi dalillarni keltiradilar.
1. Gʻishtlarning erib ketishi: olovmi yoki boshqa narsami?
Erib shishaga aylangan gʻishtlar va kuygan devorlar faqat atom portlashining natijasi boʻlavermaydi. Oddiy yongʻinlar ham shunday oqibatga olib kelishi mumkin. Qadim zamonlarda shahar yongʻinlari juda yuqori haroratga chiqishi mumkin edi, ayniqsa, binolar yogʻoch yoki somon kabi yonuvchan materiallardan qurilgan boʻlsa. Qolaversa sharsimon yashinlar haqidagi talqinlar ham ancha ommabop.
2. Skeletlar va radiatsiya: faktlar yoki mish-mishlar?
Qoldiqlar topilgan joy gʻalati koʻrinadi, ammo bu tanalarning parchalanishi va tabiiy jarayonlarning natijasi boʻlishi mumkin. Radioaktivlikka kelsak, keyingi tadqiqotlar uning mavjudligini tasdiqlamadi. "Radioaktiv skeletlar" haqidagi daʼvolar ehtimol notoʻgʻri oʻlchash oqibatlari yoki mubolagʻalar natijasidir.
3. Afsonalar va haqiqat
“Mahabhorat”a va “Ramayana” timsol va metaforalarga boy dostonlardir. Ular real voqealarni tasvirlamaydi, aksincha, mifologik allegoriyalar xolos. Butun shaharlarni yoʻq qilishga qodir qurollar qadimgi odamlarning yuqori texnologiyalarga egaligidan dalolat bermaydi. Bu shunchaki adabiy mubolagʻa boʻlishi mumkin.
4. Ekologik ofatlar
Mohenja Daroning tanazzulga uchrashining asosiy sababi, olimlarning fikriga koʻra, ekologik va ijtimoiy oʻzgarishlar boʻlishi mumkin. Hind daryosi oqimining oʻzgarishi, tuproqning yemirilishi, toshqinlar – bularning barchasi aholini shaharni tark etishga majbur qilgan ehtimol.
Nega yadro urushi haqidagi afsona shu qadar ommalashgan?
Biz insonlar doimo sensatsiyalarga intilamiz. Antik davrning yuksak darajada rivojlangan sivilizatsiyasining oʻz texnologiyasi bilan oʻzini yoʻq qilgani haqidagi hikoya nafaqat qoʻrqinchli, balki ibratli ham eshitiladi. Bu yadroviy mojaro xavfi ostida qolgan biz, sayyoramizning zamonaviy aholisi uchun goʻyoki tarixiy ogohlantirishdek yangraydi.
Fosh etilishini kutayotgan sir
Mohenja-Daro shahrining vayron etilishi bilan bogʻliq talqinlar orasida yadro urushi va boshqa taxminlarning koʻpligiga qaramasdan, har bir taxminda munozaralarga va ishonmaslik uchun asos boʻladigan jihatlar koʻp. Shu bois ularning hech biri hozircha ilmiy tavsif sifatida qabul qilinmagan. Shu bois Mohenja-Daro tarixi hamon ochilmagan sirligicha qolmoqda. Lekin bu shahar madaniyati sirli ravishda yoʻq boʻlib ketgan esa-da, undan qolgan imoratlar hatto eng ilgʻor sivilizatsiyalar ham qulashi mumkinligini eslatib turadi. Tabiatdagi hayot uchun kurash va ozuqa zanjirining eng tepasida turgan inson uchun eng xavfli tahdid – bu insonning oʻzi boʻlishi mumkinligidan ogohlantirib turadi.