Ushbu haftada ob-havo harorati koʻtarila boshlaydi
10-14 dekabrda harorat kunduzi 9-12 daraja iliqqacha oshadi. Biroq hafta oxirida yana sovuq oqim kutilmoqda.

"Oʻzgidromet" hafta davomida kutilayotgan ob-havo maʼlumotini taqdim etdi.
Dam olish kunlari sovuq tushishiga sabab boʻlgan sovuq havo massalari ushbu hafta davomida respublika hududidan asta-sekin chekina boshlaydi va havo harorati iqlim meʼyoriga yaqinlashadi.
10-13 dekabr kunlari respublika hududining katta qismida yogʻingarchilik kutilmaydi, faqat 13 dekabr kuni shimolda baʼzi joylarda biroz yomgʻir yogʻadi.
14 dekabrda respublika boʻyicha baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi, shimolda yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻladi. Faqat Fargʻona vodiysi viloyatlarida yogʻingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin.
10-14 dekabrda harorat kechalari 5-8 daraja sovuqdan 2-5 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 0-3 daraja iliqdan 9-12 daraja iliqqacha koʻtariladi.
Respublika shimolida harorat kechalari 8-13 daraja sovuqdan 2-7 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 0-5 daraja sovuqdan 0-5 daraja iliqqacha koʻtariladi.
Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, 13-14 dekabrda ayrim joylarda 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin. Poytaxtda 10-13 dekabr kunlari yogʻingarchilik kutilmaydi. 14 dekabrda kunning ikkinchi yarmida yomgʻir yogʻishi mumkin.
Harorat kechalari 6-8 daraja sovuqdan 3-5 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 0-2 daraja iliqdan 10-12 daraja iliqqacha asta-sekin koʻtariladi.
Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Shamol 3-8 m/s tezlikda esadi.
Yakshanba kuni Oʻzbekiston hududiga yana sovuq havo massalari kirib kelishi kutilmoqda. Respublika boʻyicha yomgʻir va qor koʻrinishidagi yogʻingarchilik boʻladi, havo harorati keskin pasayadi.