Xalqaro sport musobaqalari: kimga foyda va kim zarar?
Toʻgʻri rejalashtirilgan tadbirlar ijobiy oʻzgarishlarga sabab boʻladi. Biroq ayrim hollarda xarajatlar yuki kelajak avlodlar zimmasiga tushadi.
Olimpiya oʻyinlari, Jahon kubogi va boshqa xalqaro sport musobaqalari butun dunyo boʻylab millionlab odamlarni birlashtiradi. Ular nafaqat sport yutuqlari, balki keng koʻlamli iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy oqibatlarga olib keladi. Biroq, yaltiroq medallar va rang-barang marosimlar ortida bu voqealarga doimiy hamroh boʻluvchi muammolar ham mavjud. Xoʻsh, xalqaro sport musobaqalarini oʻtkazishdan kimlar foyda koʻradi yoki kim qisqa muddatli yutuqlarni ham bosib ketadigan salbiy oqibatlarga duch keladi?
KIMGA FOYDA?
1. Qabul qiluvchi davlat uchun foydalar.
Maʼlumki, koʻpgina davlatlar xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilishni oʻz iqtisodiyoti va obroʻsini mustahkamlash imkoniyati sifatida koʻradi. Lekin bu qanchalik asosli?
Iqtisodiy oʻsish
Musobaqalarga mezbonlik qilish yangi yoʻllar, stadionlar va boshqa infratuzilmalar qurilishini ragʻbatlantiradi, yangi ish oʻrinlari yaratadi.
Masalan, Barselonadagi Olimpiya oʻyinlari (1992) shaharni modernizatsiya qilish uchun yirik sport tadbiridan muvaffaqiyatli foydalanishning yorqin namunasi boʻldi. Ispaniya oʻyinlarni tayyorlash uchun 9,7 mlrd dollar sarmoya kiritdi, uning asosiy qismi infratuzilmani rivojlantirishga yoʻnaltirildi. Natijada, Barselona global sayyohlik markaziga aylandi, keyingi yillarda turizmdan tushgan daromad 50% ga oshdi.
Turizm
Sport tadbirlari millionlab sayyohlarni oʻziga jalb qiladi, bu esa mehmonxona, restoran va suvenir savdosidan tushadigan daromadni oshiradi. Masalan, 2018 yilda Rossiyada boʻlib oʻtgan futbol boʻyicha jahon chempionatiga 3 mln.dan ortiq sayyoh tashrif buyurdi va bu mamlakat iqtisodiyotiga 14 mlrd dollarga yaqin daromad keltirdi. Qisqa muddatda 300 mingga yaqin ish oʻrni yaratildi.
Imijni oshirish
Koʻpgina mamlakatlar uchun xalqaro turnirni oʻtkazish ularning xalqaro obroʻsini oshirish imkoniyatiga aylanadi. Masalan, Pekin olimpiadasi (2008) Xitoyning yirik davlat sifatidagi mavqeini mustahkamladi, yetakchi kuchlardan biri sifatida jahon siyosatiga qaytishining ramzi boʻldi. Tayyorgarlik ishlari taxminan 45 mlrd dollarga tushdi va barcha investitsiyalar oʻzini oqlamagan boʻlsa-da, Pekin kelajak poytaxti maqomini mustahkamladi.
2. Sport tashkilotlari uchun foyda.
Xalqaro sport federatsiyalari turnirlarni monetizatsiya qilishdan katta foyda oladi.
Masalan, Xalqaro olimpiya qoʻmitasi (XOQ) sport musobaqalarini televideniye orqali koʻrsatish huquqlarini sotish va homiylik shartnomalari ortidan mlrdlab dollar daromad oladi. Masalan, Tokio-2021 olimpiadasi XOQga translyatsiyalardan 3,9 mlrd dollar va homiylik shartnomalaridan 2 mlrd dollar daromad keltirdi.
Jahon chempionati tashkilotchisi FIFA 2018 yilgi jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonidan 6,4 mlrd dollar daromad oldi. Bu mablagʻlarning katta qismi turli mamlakatlarda futbolni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan, ammo salmoqli ulush federatsiyaning oʻzida qolgan.
3. Biznes va korporatsiyalar uchun foyda.
Yirik xalqaro brendlar sport tadbirlarini reklama platformasi sifatida koʻrishadi.
Masalan, Coca-Cola, Nike, Visa, va Samsung kabi musobaqa homiylari tadbir bilan bogʻliq reklamalardan mlrdlab dollar ishlab topishadi. Misol uchun, Nike 2014 yilda Braziliyada boʻlib oʻtgan jahon chempionati bilan bogʻliq reklama uchun taxminan 100 mln dollar sarflagan, bu esa uning Janubiy Amerikadagi savdo hajmining 21 foizga oshishiga olib kelgan.
4. Sportchilar va muxlislar uchun foyda.
Sportchilar uchun yirik turnirlarda qatnashish ular sport faoliyatining choʻqqisi, muxlislar uchun esa shaxsiy tarixining bir qismiga aylanish imkoniyatidir.
Bunga misol tariqasida London olimpiadasi (2012) taʼsirini keltirish mumkin, oʻshanda britaniyalik sportchilar 65 ta medal qoʻlga kiritgan boʻlib, bu mamlakat uchun rekord hisoblanadi. Bu sportga boʻlgan qiziqishning ortishiga sabab boʻldi va keyingi yillarda jismoniy tarbiya bilan shugʻullanadiganlar sonini 15 foizga oshirdi.
KIMGA ZARAR?
1. Mezbon davlatning iqtisodiyoti uchun zarar.
Katta musobaqalarni tashkil qilish koʻpincha mezbon davlat uchun moliyaviy yuk boʻladi. Garchi bunday yirik tadbir mamlakat iqtisodiyotiga qisqa muddatda foyda keltirishi mumkin boʻlsa-da, uzoq muddatli oqibatlar koʻpincha savollar tugʻdiradi.
Qarzga botish va ortiqcha, nomaqbul xarajat. Koʻpgina mamlakatlar juda katta xarajatlarga duch kelishadi. Misol uchun, Sochida boʻlib oʻtgan olimpiada (2014) Rossiyaga 50 mlrd dollardan koʻproq zarar keltirdi va baʼzi sport obʼektlari oʻtgan yillar ichida tashlandiq holga kelib qolgan.
Infratuzilmadan yetarlicha foydalanilmaslik. Qurilgan stadionlar va olimpiya qishloqlari koʻpincha musobaqa tugaganidan keyin keraksiz boʻlib qoladi. Ulardan deyarli foydalanmaydi, ularni saqlab turish katta xarajatlarni talab qiladi.
Masalan, Afinadagi olimpiadani (2004) olsak. Bu tadbir uchun Gretsiya 15 mlrd dollar sarfladi, bu uning qarz inqirozi omillaridan biri boʻlib xizmat qildi. Olimpiada obʼektlarining aksariyati, jumladan, stadionlar va sport markazlari keyinchalik tashlandiq holda qoldi.
Yoki boʻlmasa, Braziliyada boʻlib oʻtgan Jahon chempionati (2014) mamlakatga 15 mlrd dollarga tushdi. Garchi infratuzilmani yaxshilash vaʼda qilinganiga qaramay, hozirda koʻplab binolar toʻliq foydalanilmayapti va aholining noroziligi ommaviy chiqishlarda aks etmoqda.
2. Mahalliy aholi uchun zarar.
Sport musobaqalarini qabul qiluvchi shaharlar aholisi odatda narxlarning oshib ketishi va majburiy koʻchish kabi muammolarga duch keladi.
Aytaylik, Sochida oʻtgan olimpiadaga (2014) tayyorgarlik obʼektlar qurilishi tufayli koʻchib oʻtishga majbur boʻlgan 2 mingga yaqin oilani qamrab oldi. Bundan tashqari, shaharda uy-joy narxi 43% ga oshgan, bu esa koʻplab mahalliy aholi uchun uy sotib olish imkoniyatini pasaytirdi.
3. Ekologiya uchun zarar.
Yirik sport turnirlari oʻzidan albatta ekologik iz qoldiradi. Keng miqyosdagi qurilish tabiiy hududlarni vayron qiladi va millionlab sayyohlar hamda tomoshabinlar qoldirib ketgan chiqindilarni yoʻq qilish bilan bogʻliq muammolar yuzaga keladi. Masalan, 2016 yilgi Rio olimpiadasi mahalliy ekotizimlarga zarar yetkazgani uchun tanqidga uchragan. Zero, sport obʼektlarning aksariyati mahalliy ekologiya hisobga olinmagan holda qurilgan, sayyohlar oqimi hudud va daryolarda chiqindilar miqdorini oshirgan.
4. Siyosiy va ijtimoiy masalalar
Inson huquqlari buzilgan mamlakatlarda musobaqalar oʻtkazish noroziliklarga sabab boʻladi. Bunday mamlakatlarda xalaqaro musobqalarni oʻtkazish huquqining berilishiyoq demokratik va liberal oqimlarning faollarida norozilik uygʻotadi.
Misol uchun, Qatar (2022) Jahon chempionati uchun stadion qurilishida ishtirok etayotgan muhojirlarning ogʻir mehnat sharoiti tufayli tanqid ostida qoldi. Amnesty International maʼlumotlariga koʻra, koʻplab ishchilar xavfli sharoitlarda ishlagan va ularning ish haqi koʻpincha kechiktirib berilgan.
5. Sportchi va tomoshabinlar uchun zarar.
Kuchli raqobat va bosim koʻplab sportchilarni yuqori natijalarga erishish yoʻlida oʻz sogʻliklarini qurbon qilishlariga sabab boʻladi. Ustiga ustak, sportga va adolatga boʻlgan ishonchni susaytiradigan doping mojarolari, hakamlarning noxolisligi borasidagi shubhalar ham sportchi va tomoshabinlarda ogʻir ruhiy tasassurot qoldiradi.
MUNOZARALI MASALALAR
1. Xarajatlar va real foyda muvozanati
Masalan, Monreal olimpiadasini (1976) oʻtkazish uchun shu nomli shahar katta qarz olgan va uni toʻlash uchun 30 yil kerak boʻldi. Oʻyinlarning yakuniy qiymati 1,5 mlrd dollarni tashkil etdi va 2,7 mlrd dollarlik qarz shahar uchun moliyaviy inqiroz timsoliga aylandi.
2. Axloqiy masalalar
Musobaqalarning avtoritar rejimga ega mamlakatlarda oʻtkazilishi bunday qarorlarning qonuniyligi borasida savollar tugʻdiradi. Masalan, Moskva olimpiadasining (1980) boykot qilinishi (qatnashishdan bosh tortishi) sovet qoʻshinlarining 1979 yilda Afgʻonistonga bostirib kirishiga Gʻarb davlatlarining norozilik ifodasiga aylandi. Mazkur olimpiadani 60 dan ziyod davlat boykot qilgan.
Bunga javoban, SSSR va yana 13 ta sovet satellit davlatlari Los-Anjelesda (1984) oʻtkazilgan olimpiadani boykot qilishdi.
Undan avvalroq esa Monrealdagi (1976) olimpiada 29 ta Afrika davlatlari tomonidan boykot qilingan edi.
Yoxud 1936 yilda fashistlar Germaniyasida (Adolf Hitler davrida) XI yozgi olimpiada oʻyinlari Ispaniya va Litva kabi davlatlar tomonidan siyosiy sabablarga koʻra boykot qilingani shunday munozarali holatlar sirasiga kiradi.
________________________________________________
Kerakmi yoki kerak emasmi?
Xalqaro sport musobaqalarini oʻtkazish ham salbiy, ham ijobiy oqibatlarga ega. Ular davlatlar rivojlanishining kuchli katalizatori boʻlishi mumkin. Shu bilan birga, qarzga botish, ekologik muammolar va ijtimoiy mojarolar manbaiga aylanishi mumkin. Ehtimoliy zararni minimallashtirish uchun tadbirlarni uzoq muddatli oqibatlarni hisobga olgan holda, masʼuliyatni chuqur anglagan holda tashkil etish muhimdir. Muvaffaqiyat kaliti shaffoflik, resurslarni samarali boshqarish va mahalliy aholi manfaatlariga eʼtibor qaratishdadir.
Oxir-oqibat, “kimga foyda va kim zarar?” degan savol mamlakat oʻziga berilgan imkoniyatdan qay darajada aniq foydalanishi va kelajakni qanchalik malakali rejalashtirish bilan belgilanadi.
Shu boisdan, yirik sport tadbirlarining muvaffaqiyati mezbon davlat tashkillashtirish va oʻtkazish masalalariga qanchalik masʼuliyat bilan yondashishiga bogʻliq. Barselona va London misollari shuni koʻrsatadiki, toʻgʻri rejalashtirilsa, bunday tadbirlar ijobiy oʻzgarishlarga sabab boʻladi. Biroq, Afina, Rio de Janeyro yoki Sochidagi vaziyatlar buning aksini – bunday hollarda xarajatlar yuki kelajak avlodlar zimmasiga tushadi.
Xulosa qilib aytganda, yirik xalqaro sport musobaqalarini oʻtkazish foyda keltiradimi yoki zarar, degan savol doim ochiq qoladi. Biroq bir narsa aniq: muvaffaqiyat kaliti mamlakatning ambitsiyalari va haqiqiy ehtiyojlari oʻrtasidagi muvozanatda yashiringan!
Abulfayz Sayidasqarov