Gigantlar jangi: Microsoft Windows va Apple macOS
Ularning raqobati texnologik taraqqiyotning dvigateli boʻlib qoladi va ular oʻrtasidagi tanlov har doim foydalanuvchining afzalliklari, maqsadlari va falsafasiga bogʻliq ravishda amalga oshadi.
Microsoft Windows va Apple macOS shunchaki operatsion tizimlar emas. Bu – innovatsion texnologiyaga qarama-qarshi ikki yondashuv, oʻnlab yillar davomida shaxsiy kompyuterlar bozori va foydalanuvchilarning kundalik hayotini shakllantirgan ikki xil falsafa deganidir. Ularning raqobati ochiqlik va nazorat, universallik va eksklyuzivlik toʻqnashuvi deyilsa, xato boʻlmaydi.
Oʻtmish: rivojlanishning asosiy bosqichlari
Microsoft Windows
1985 yil MS-DOS uchun ibtidoiy grafik qobiq boʻlgan Windows 1.0 ning tugʻilgan yili boʻldi. Biroq haqiqiy inqilob keyinroq boshlandi.
Windows 3.0 (1990): interfeysda sezilarli yaxshilanishlar, rangli displeylarni qoʻllab-quvvatlash va xotira imkoniyatlarini taklif qilgan birinchi mashhur versiya boʻldi. U dastlabki olti oy ichida ikki million nusxada sotilgan dasturiy xitga aylandi.
Windows 95 (1995): bu kompakt disklar, reklama kampaniyalari va doʻkonlarda navbatlar davri edi. Windows 95 birinchi marta Start va TaskBar tushunchalarini taqdim etdi. U shaxsiy kompyuterni nafaqat ish quroli, balki uy uchun ham universal qurilmaga aylantirdi.
Windows XP: 2001 yilda chiqarilgan ushbu operatsion tizim barqarorligi, koʻp qirraliligi va turli qurilmalarni qoʻllab-quvvatlashi bois kompaniya uchun oltin standartga aylandi.
Koʻpgina foydalanuvchilar Windows’ning yangi versiyalari chiqarilgandan keyin ham XP bilan xayrlashgisi kelmagan. Hatto Microsoft kompaniyasi 2014 yil 8 aprel kuni Windows XP va Office 2003 dasturlarini qoʻllab-quvvatlashni toʻxtatganidan soʻng, foydalanuvchilar uchun maxsus “Alvido, Windows XP” deb nomlangan judayam emotsional va nostalgik videorolik chiqardi. Videorolikda Windows XP oʻsha avlod hozir nostalgiya bilan eslaydigan davrlar yana bir bora yodga olingan. Klip oxirida esa xotira yaxshi narsa ekani, ammo kelajak va taraqqiyot sari dadil odim otish, yaʼni Windows’ning yangi versiyalariga oʻtish zarurligi taʼkidlanadi. Keyin “Biz endi oʻzgardik. Oʻtmish haqida afsuslanmang. Alvido Windows XP”, degan yozuvlar ekranga chiqib, Windows 8.1 ga oʻtish taklif qilinadi.
2009 yilda, Windows XP chiqqandan sakkiz yil oʻtgach, Microsoft yangi tizimni ishlab chiqishda foydalanuvchilarning xohish-istaklari inobatga olinganini taʼkidlab, Windows 7 was my idea – “Windows 7 mening gʻoyam edi” deb nomlangan reklama kampaniyasini chiqardi. Unda turli foydalanuvchi-qahramonlar “Tanlovimdan afsuslanmayman – Windows 7 – mening gʻoyam edi asli” deb taʼkidlaydi:
Windows 7 ham foydalanuvchilarga yoqqan, hatto ayrimlar hozirgacha ishlatadigan barqaror va ishonchli operatsion tizim boʻlib chiqdi. 2020 yil 14 yanvar kuni Microsoft kompaniyasi ushbu tizim uchun ham qoʻllab-quvvatlashni, yaʼni yangilinishlarni toʻxtatdi.
Apple macOS
1984 yilda MacOS afsonaviy Macintosh bilan birga keldi. Stiv Jobs dizaynga, vizual komfort va goʻzallikka katta eʼtibor qaratgani bois ushbu operatsion tizim ilk marta chiroyli grafik interfeysi bilan inqilob yasadi. Bunday dizayn va intuitivlik Apple texnologiyasining asosiy xususiyatlariga aylangan davrning boshlanishi edi.
Mac OS X (2001): U barqarorlik va xavfsizlikni foydalanish qulayligi bilan birlashtirgan UNIX asosidagi tizim hisoblanadi. Yangi Aqua interfeysi shaffof oynalar, silliq animatsiyalar va minimalizmga ega inqilobiy yechim boʻldi.
macOS Big Sur (2020): Apple dizaynni tubdan yangilab, uni iOS’ga yaqinlashtirdi. Bu Apple kompyuterlari va mobil qurilmalari oʻrtasida yanada kuchli integratsiyaning timsoliga aylandi.
Oʻzaro raqobat kurashlari
“1984”: Apple reklama inqilobi
1984 yilda Apple rejissyor Ridli Skott tomonidan yaratilgan mashhur Macintosh reklama kampaniyasini chiqardi. Reklama IBM’ni Jorj Oruellning “Katta ogʻa” (Big brother) qahramoniga qiyoslagan va Macintosh’ni erkinlik ramzi sifatida koʻrsatgan. Bu texnologiya tarixidagi eng mashhur reklama kampaniyalaridan biriga aylandi:
Sudlashuvlar
Asosiy epizodlardan biri – Apple kompaniyasi Microsoft’ni macOS vizual interfeysining189 ta elementini ruxsatsiz koʻchirib olib, Windows uchun qoʻllashda ayblash boʻlgan. Sud jarayonlari 1988 yil 17 mart kuni Microsoft’ga qarshi mualliflik huquqlarining buzilishi boʻyicha sudga daʼvo arizasi kiritishi bilan boshlanib, 1994 yilgacha davom etdi. Apple magʻlubiyatga uchragan boʻlsa-da, jang ikki gigant oʻrtasidagi keskin munosabatlar ramziga aylandi.
Interfeys va foydalanuvchi tajribasi
Windows foydalanuvchilari tizimning koʻp qirraliligini qadrlashadi. Misol uchun, Windows 10 bir vaqtning oʻzida bir nechta ish stollari bilan ishlash imkonini beruvchi Virtual Desktops – “Virtual ish stollari” funksiyasini taqdim etdi. U bir vaqtning oʻzida koʻp vazifalarni bajarish uchun ideal vosita hisoblangan edi.
macOS uchun integratsiya misoli – Continuity xususiyati boʻlgan. Masalan, iPhone’da elektron pochta orqali xat yozishni boshlashingiz va uni oxiriga yetkazmasdan, Mac’da tugatishingiz mumkin.
Oʻyinlarni qoʻllab-quvvatlash
Windows kompyuter oʻyinlari dunyosida soʻzsiz yetakchi boʻlib qolmoqda. Misol uchun, 2023 yilda Steam platformasidagi barcha oʻyinlarning 90% dan ortigʻi Windows tizimida ishga tushirilgan. macOS tizimlari qoʻllab-quvatlash cheklangan qurilma va DirectX tufayli oʻyinlar olamida ikkinchi oʻrinda qolib ketmoqda.
Xavfsizlikka eʼtibor: qiyosiy tahlil
Xavfsizlik har qanday operatsion tizimning asosiy xususiyatlaridan biridir. Windows va macOS oʻz ishlab chiqaruvchilari falsafasini aks ettiruvchi maʼlumotlarni himoya qilishda turlicha yondashuvlarni taklif etadi.
Windows
Tarixan Windows ancha ochiqroq modeldan foydalangan, bu esa uni xakerlik hujumlariga qarshi himoyasiz holga keltirgan. Windows uchun viruslar – zararli dasturlarning koʻpligi va mashhurligining asosiy sabablaridan biri – bu operatsion tizimning keng qoʻllanilishidir. 2000 yillarning boshida ILOVEYOU yoki Blaster Worm kabi viruslar va troyanlar millionlab kompyuterlarga oʻzini yuqtirib, oʻsha davrning timsoliga aylandi. Birgina ILOVEYOU virusi dunyodagi 3 milliondan ziyod kompyuterga yuqqan va jahon iqtsodiyotiga 10 mlrd dollardan koʻproq zarar keltirgan edi. Mazkur virus oddiy xat koʻrinishida keladi. Xatni ochishga uringan foydalanuvchi kompyuteriga virusni yuqtirib oladi.
Biroq Windows 10 va 11-ning chiqarilishi bilan Microsoft himoyani sezilarli darajada kuchaytirdi.
Windows Defender: oldindan oʻrnatilgan antivirus real vaqtda himoyani taklif qiladi, koʻpincha uchinchi tomon yechimlaridan ustundir.
Foydalanuvchi akkauntini boshqarish (UAC): bu xususiyat tizimni oʻzgartirishga urinilganda, foydalanuvchilarni ogohlantiradi.
BitLocker: tizimga ruxsatsiz kirishdan himoya qiluvchi maʼlumotlarni shifrlash vositasi hisoblanadi.
macOS
Apple oʻz ekotizimining yopiq qolishi uchun pul tikmoqda. Windows’dan farqli oʻlaroq, macOS uchinchi shaxslarga tizimga toʻliq kirish imkonini bermaydi, bu esa zararli dasturlarning yaratilish ehtimolini kamaytiradi.
Gatekeeper: bu xususiyat sertifikatlangan ishlab chiquvchilar tomonidan imzolanmagan ilovalarni ishga tushirishni bloklaydi.
XProtect: avtomatik ravishda yangilanuvchi, oʻrnatilgan dasturiy himoyasi.
FileVault: diskni toʻliq shifrlash, hatto qurilma oʻgʻirlangan taqdirda ham maʼlumotlarni himoya qilishni taʼminlovchi xususiyat.
Zararli dasturlar va hujumlardan himoya
Windows
Eng mashhur operatsion tizim boʻlgan Windows turli hujumlarning asosiy maqsadi hisoblanadi. Masalan, WannaCry tovlamachilik virusi (2017) foydalanuvchi maʼlumotlarini shifrlab qoʻyib, ochish uchun pul toʻlashni talab qiladi. Virus foydalaniladigan kamchilik keyinchalik tuzatildi, biroq u ayniqsa, korporativ foydalanuvchilarga katta zarar yetkazishga ulgurdi.
macOS
Xavfsiz tizim sifatidagi obroʻsiga qaramay, macOS ham tahdidlarga duch kelib turadi. Misol uchun, Silver Sparrow (2021) zararli dasturi M1 protsessorli kompyuterlarni nishonga oldi. Garchi bu hujumlar tezda aniqlanib, bartaraf etilgan boʻlsa-da, bu fakt macOS tizimlari ham mutlaqo xavfsiz emasligini oshkor qilib qoʻydi.
Yangilashlar va “patch”lar
Maʼlumki, dasturni tez-tez yangilab turish – xavfsizlikni taʼminlash kalitidir. Windows Patch Tuesday tizimi orqali oylik “patch”larni taklif qiladi. Biroq oʻtmishda baʼzi yangilanishlar muammolarga olib kelgan, bu esa foydalanuvchilarning ularni oʻrnatishni ataylab kechiktirishiga sabab boʻlgan edi.
macOS nisbatan kamroq yangilanadi, lekin XProtect kabi oʻrnatilgan funksiyalar uchun avtomatik tuzatishlar foydalanuvchi aralashuvisiz amalga oshiriladi.
Ijtimoiy muhandislik
Umuman olganda, har ikki tizim ham inson omillariga asoslangan hujumlarga nisbatan zaifdir. Masalan, banklardan kelgan xabarlar sifatida yashiringan fishing elektron pochta xatlari Windows va macOS’da bir xil darajada yaxshi samara beradi. Bunday hollarda operatsion tizim arxitekturasi emas, balki foydalanuvchining firibgarlikdan xabardorligi birinchi oʻringa chiqadi.
Shaxsiylik va maxfiylikka tahdid
Windows
Microsoft tizimi ishlashi va oʻzi beradigan reklamalarni takomillashtirish foydalanuvchining maʼlumotlarini faol ravishda toʻplaydi. Biroq Windows 10 va 11 maxfiylik sozlamalari uchun vositalarni, jumladan, maʼlumotlar yigʻishni oʻchirish imkoniyatini ham taqdim etadi.
macOS
Apple oʻzini maxfiylikka eʼtibor beradigan kompaniya sifatida koʻrsatadi. Masalan, Safari ilovasining App Tracking Transparency funksiyasi va kuzatuv chegarasi xususiyatlari foydalanuvchi maʼlumotlarini samarali himoya qiladi.
Moliyaviy jihatlar
Microsoft
Windows’ning asosiy daromadi keng koʻlamli litsenziyalashdan keladi. Yangi kompyuterga oʻrnatilgan Windows’ning har bir nusxasi kompaniyaga foyda keltiradi. Masalan, 2023 yilda 300 milliondan ortiq qurilmalar Windows 11 operatsion tizimida ishlayotgan edi.
Apple
macOS dasturi unchalik daromad keltirmasa-da, kompaniya ushbu tizim oʻrnatilgan qurilmalardan asosiy foydani oladi. Masalan, MacBook Pro M2 chipli kompyuterlari professionallar orasida mashhur boʻlib, faqatgina 2023 yilning birinchi yarmida Apple uchun 10 mlrd dollar foyda keltirdi.
Tizimlar geografiyasi
Windows qariyb 70% ulush bilan bozorda yetakchilik qiladi, ammo macOS ijodiy sohalar uchun tanlov platformasiga aylangan. Masalan, kino sanoatida aksariyat montajchilar yirik loyihalar ustida ishlash uchun faqat macOS’da ishga tushirish mumkin boʻlgan Final Cut Pro dasturidan foydalanishadi.
Shuningdek, macOS ulushi rivojlanayotgan mamlakatlarda tez oʻsib bormoqda, bu yerda Apple MacBook Air aynan talabalar va mutaxassislar uchun qulay vosita sifatida faol targʻib qilinmoqda.
Har gulning oʻz hidi bor
Windows va macOS operatsion tizimlarining raqobat tarixi – innovatsiyalar, ambitsiyalar va madaniy oʻzgarishlar haqidagi hikoyalardan tashkil topadi. Windows qulaylik va koʻp qirralilikni anglatadi, macOS esa estetik didi nozik va professional shaxslarni oʻziga jalb etadi. Ularning raqobati texnologik taraqqiyotning dvigateli boʻlib qoladi va ular oʻrtasidagi tanlov har doim foydalanuvchining afzalliklari, maqsadlari va falsafasiga bogʻliq ravishda amalga oshadi.
Abulfayz Sayidasqarov