Umra ziyoratini litsenziyasiz tashkil etgan shaxslarga jinoyat ishi ochildi
Namangan viloyatida tugʻilgan fuqaro 30 nafar fuqaroni ziyoratga yuborishni aytib, ulardan 31 900 dollar olgan va ularga qaytish chiptalarini olib bermagan.

Maxsus litsenziyaga ega boʻlmasdan Umra ziyorati tadbirlarini tashkil etgan va fuqarolardan mablagʻ undirgan shaxslar va firmalar tergov qilinmoqda. Din ishlari boʻyicha qoʻmita bu haqda maʼlumot berdi.
Jumladan, Umra ziyoratini amalga oshirib, ortga qayta olmagan 93 nafar Oʻzbekiston va Tojikiston fuqarolari murojaatlar kelib tushgan.
Oʻrganishlar natijasida ular Yusro Travel, Muslim Travel, Meta Travel, Elchi Travel kabi firmalardan yuborilgani aniqlandi. Ziyoratchilar firmalardan birining mehmonxonalardan jami 35 ming dollar qarz boʻlgani sabab chiqarib yuborilgan.
Hamkor tashkilotlar bilan ziyoratchilarni ortga qaytarish masalasi koʻrildi. Ichki ishlar organlari tomonidan mazkur ish yuzasidan tergov oʻtkazilganda, Fargʻona viloyati, Uchkoʻprik tumani yashovchi M.O. tomonidan noqonuniy tarzda turfirma faoliyatini yuritib kelgani aniqlandi. Ushbu shaxsga tegishli tartibda ish ochildi.
Shuningdek, Yasin Travel firmasi ham fuqarolarga Umra ziyoratini taklif etgan. Lekin ular 74 nafar yoʻlovchilarga taqdim etgan Jidda-Toshkent aviachiptasi noqonuniy boʻlib chiqdi. Mazkur masala yuzasidan jinoiy ish ochilgan.
Namangan viloyatida tugʻilgan fuqaro 30 nafar fuqaroni Umra ziyoratiga yuborishni aytib, ulardan 31 900 dollar olgan va ziyoratchilarni Toshkent-Jidda yoʻnalishida Saudiya Arabistoniga yuborgan. Lekin ularga qaytish biletini olib bermasdan pullarni oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Shuningdek, Fargʻonada litsenziyasiz faoliyat yuritayotgan Mahdi Travel, Muhayyo 22-10, Parvoz Ekspress kabi firmalar aniqlandi.
Ularga JK 168-moddasi asosida ish ochilgan.