Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedov va Sadir Japarov bilan gaplashdi
Oʻzbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, Qirgʻiziston bilan esa energetika va transport sohalarida yirik loyihalar muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov 5 dekabr kuni telefon orqali muloqot oʻtkazdi.
Unda Oʻzbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalarini atroflicha muhokama qildilar.
Turkman xalqining milliy yetakchisi Oʻzbekiston rahbariga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Ilgari erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi va boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik masalalari tomonlarning eʼtibor markazida boʻldi.
Oʻzaro muloqot va almashinuvlar sezilarli faollashgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oʻtgan oyda Turkmanistonda Hududlar forumi, sanoat koʻrgazmasi va Oʻzbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Bundan tashqari, Ashxobod shahrida atoqli mutafakkir va shoir Maxtumquli Firogʻiy asarlarining oʻzbek tilidagi toʻplami taqdimoti va hamda unga bagʻishlab birgalikda suratga olingan badiiy film namoyishi boʻlib oʻtdi.
Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollardan oshdi. Yuk tashishlar, shu jumladan Turkmanboshi porti orqali koʻpaymoqda. "Shovot - Toshovuz" chegaraoldi zonasi qurilishi davom etmoqda. Sanoat, qishloq xoʻjaligi, transport va boshqa yoʻnalishlarda kooperatsiya kengaymoqda.
Energetika va suvdan foydalanish sohalarida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Joriy xalqaro vaziyat va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.
Suhbat chogʻida davlat rahbari Turkmaniston yetakchisini yaqinlashib kelayotgan bayram - Betaraflik kuni bilan samimiy tabriklab, birodar turkman xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.
Shavkat Mirziyoyev 6 dekabr telefon orqali muloqotda Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovni tavallud kuni bilan samimiy qutladi.
Davlat rahbari Qirgʻiziston yetakchisiga mustahkam sogʻlik, oilaviy baxt-saodat hamda mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirishda katta muvaffaqiyatlar, qardosh qirgʻiz xalqiga esa farovonlik va ravnaq tiladi.
Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Davlat rahbarlari ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 700 million dollardan oshdi. Qoʻshma investitsiya fondi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, mashinasozlik, energetika, elektrotexnika, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Hududlararo va ishbilarmonlik aloqalari, madaniy almashinuvlar faollashdi.
Energetika va transport sohalarida yirik mintaqaviy infratuzilma loyihalarini jadallashtirish muhimligi qayd etildi. Shu oyda Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻlini qurish boʻyicha loyihani boshlash moʻljallangan.
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Prezidentlari Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar va boʻlajak qoʻshma tadbirlar rejasini muhokama qildilar.