Oʻzbekistonda 18 darajagacha sovuq kuzatilishi mumkin
Dam olish kunlari mamlakatga yanada sovuq havo massalari kirib keladi. Tekislikda -10, togʻli hududlarda -18 darajagacha sovuq boʻladi.

Oʻzbekistonda dam olish kunlari harorat 18 daraja sovuqqacha pasayishi mumkin. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati xabarida aytiladi.
9-10 dekabr kunlari respublika xududlarida havo harorati sezilarli darajada pasayib ketadi.
8 dekabr kuni Buxoro, Navoiy, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent, Samarqand va Fargʻona vodiy viloyatlarida biroz qor yogʻishi mumkin.
9—10 dekabr kunlari esa respublika aholisi haqiqiy qish havosini tanasida his qiladi. Ushbu kunlari janub viloyatlaridan tashqari joylarda kunduz kunlari ham ayrim hududlarni hisobga olmasa, nol darajadan past sovuq harorat kuzatiladi.
"Oʻzgidromet"ga koʻra, 9—10 dekabrda tunda juda ham koʻp hududlarda harorat minimumlari —10 darajagacha soviydi, togʻ va shimol hududlarida esa bundan ham past harorat kutilmalari yangramoqda.
Togʻli hududlarda biroz bulutli boʻladi, 8 dekabrda vaqti-vaqti bilan qor yogʻadi, 9-10 dekabrda yogʻingarchilik kutilmaydi. Baʼzi joylarga tuman tushishi mumkin. Shamol shimoldan 7-12 m/s tezlikda esadi, 8 dekabrda ayrim joylarda 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat 8 dekabrda kechasi va kunduzi 5-10° sovuq; 9-10 dekabrda kechasi 13-18° sovuq, kunduzi 5-10° sovuq boʻladi.